Asosiy mavzular
29 avgust 2018

Xorazm sudi tanqidchi jurnalistlarning uyini musodara qildi

Urganch tuman sudining o‘zbek jurnalistlari Bobojonovlarga tegishli uylarni “davlat egaligiga o‘tkazish” to‘g‘risidagi ijro ijro varaqasi, sud qaroriga shikoyat qilishning olti oylik muddati tugagan 27 avgust kuni G‘ayrat Bobojonovga berilgan.

G‘ayrat Bobojonov

Ijro varaqasiga ko‘ra, tuman sudi 2018 yilning 22 yanvarida o‘tgan va sudning hal qiluv qarori 12 fevraldan qonuniy kuchga kirgan.

Urganch tuman hokimligi davosiga ko‘ra, sud Qudrat va G‘ayrat Bobojonovlarga tegishli turar joy, yer uchastkalarini “egasiz qoldirilgan” deya hal qiluv qarori chiqargan.

“Bu uyda mening o‘g‘lim oilasi bilan turadi. Lekin sud qarori chiqqanidan olti oy o‘tib bizga ijro varaqasini jo‘natishayapti”, deydi shu mulk egalaridan biri, Urganchda yashayotgan G‘ayrat Bobojonov.

Unga berilgan Urganch tuman sudyasi O‘. Masharipov imzolagan Ijro varaqasida “Qorovul qishlog‘i, “Shodlik” mahallasi, “Ziyokor” ko‘chasi 14-uyda joylashgan  turar joy egasiz deb topilsin va Urganch tuman hokimligi balansiga o‘tkazilsin”, deb yozilgan.

Shunga ikki tomchi suv kabi o‘xshash hujjat Shuhrat Bobojonov nomiga ham kelgan. Uning ham Urganch tumanida ikki qavatli uyi bor edi. Hokimlik qarorida yozilganidek qarovsiz emas edi.

MXXning so‘nggi zarbasimi?

“Eltuz” muxbiri suhbatlashgan “Arboblar” MFY faoliga ko‘ra, shu yilning boshida MXXning Xorazm viloyati xodimlari mahalla raisi B. Bekberganovga tazyiq ko‘rsatib sudda Bobojonovlarga qarshi yolg‘on ma'lumot berishga majburlangan.

Qudrat Bobojon

Bu kabi harakatlar sababi, “Eltuz” nashri jurnalisti Qudrat Bobojonning fikricha, uning, jurnalist akasi va ukalarining jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

“Chunki aynan bizning nashrimizda, o‘tgan davrlardan farqli keyingi bir yil ichida ko‘plab MXX zobitlarining kirdikorlari fosh etildi. To‘g‘ri, Karimov davrida ham bizni gazetalarda qoralashgan, hususiy televideniyamizni yopib, so‘z erkinligidan mahrum qilish urinishgan, nomimizni badnom qilishga harakat qilib kelishgan, lekin hech bir mulozim uyimizni tortib olish darajasida tubanlikka bormagan edi”, deydi Qudrat Bobojonov.

2005 yil Andijon voqealarini yoritganligi sabab ta'qibga uchragan jurnalist Qudrat Bobojon mamlakatni tark etib Shvetsiyada yashay boshlagan, bugungi kunda uning farzandlari va nabiralari Urganchda yashamoqda. Uning akasi, “Ozodlik” radiosi jurnalisti Shuhrat Bobojon esa Urganchdagi hususiy “Ey El Si” telekanali tugatilganidan keyin, 2001 yili mamlakatni tark etgandi.

Jurnalistlarning onasiga hujum

Jurnalistlarning onasi Shukurjon Madraximova

Bobojonovlarning onasi 75 yashar Shukurjon Madrahimova yashaydigan Urganch tumanidagi uyga 2017 yilning 18 aprelida bir nechta notanish ayollar hujum uyushtirishgandi.

Xonadonga bostirib kirgan ayollar uning o‘g‘illarini “Vatan xoinlari” deya, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan xaqorat qilishgan, yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lganida telefonini tortib olib, yerga uloqtirishgandi.

G‘alati tomoni shundaki, voqea sodir bo‘lgan zahoti uchastka militsiyasi xodimi bilan yana o‘sha xalq orasida «Bakvargan qassob» deya tanilgan Urganch tuman arboblar mahallasi raisi kirib kelgan.

Shuhrat Bobojon “Ey El Si” TV kanali yopilishi ortidan mamlakatni tark etgandi

Onasiga qilingan hujumdan militsiyaga shikoyat arizasi yozmoqchi bo‘lgan bobojonovlarning singlisi Barnoni bu harakatdan to‘xtatib:

«Undan ko‘ra, onangiz kechirim so‘rasin o‘g‘illarining qilmishi uchun!» degan edi u o‘shanda.

Militsiya Madrahimova arizasini qabul qilmagach, uni respublika prezidenti Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga yo‘llashgan.

Tuman hokimligi miqyosidagi firibgarlik

G‘ayratning tortib olinayotgan uyi

Horijda yashayotgan jurnalistlarning Urganchdagi mulklarini tortib olish iddaolarini o‘rganarkan, “Eltuz” nashri Urganch tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 29 yashar Bekzod Abdrimovning shu yilning 1 iyulida pora ustida qo‘lga olingani haqidagi faktlarga duch keldi.

Shuhratning ayvoni

Xorazm viloyat TV orqali 6 iyulda uzatilgan ko‘rsatuvda, viloyat Xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi tomonidan Bekzod Abdrimovning 5 million so‘m pora olgan paytida ushlangani aytiladi.

Aniqlanishicha, tuman hokimi o‘rinbosari bu pulni Urganch tumanida joylashgan 5 sotixli tomorqa yeriga egalik huquqini beruvchi tuman hokimining qarorini chiqarib berish uchun olgan.

Qudratning bog‘ devori

B. Abdrimovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210 moddasiga muvofiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Bekzod Abdrimov Fuqarolarning mulkka egalik qilish masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi raisi ham bo‘lgan.

Bobojonovlarga tegishli mulkning egasizligi haqidagi sud hujjatlari, qaror va ijro varaqalarining atay, olti oylik shikoyat muddati o‘tganidan keyin olti oy o‘tib ochiqlanishi, bu harakatlarda siyosiy motivdan ko‘ra, ko‘proq shaxsiy manfaatlar ham yashiringan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Siyosiy qarashlari uchun shaxslarning mulkini tortib olish xolati, hatto O‘zbekiston uchun ham kam uchraydigan hodisadir. Aka uka Bobojonovlar, masalani huquqiy tartibda hal qilish uchun advokatga murojaat etishdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 fevral 2020
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda, Farg‘ona ulusining hokimi Umarshayx Mirzo oilasida dunyoga kelgan. «Boburnoma» tarixiy biografik ...
26 aprel 2018
Ohak zarralaridan ko‘zlari shikastlangan, davlat to‘ntarishida ayblanib qamalgan 28 yoshli toshkentlik bloger va yosh olim Akrom Malik hamon qamoqxona ...
11 dekabr 2019
Kun o‘tmoqda, sana o‘zgarmoqda, lekin ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermayapti. Men Odil Elmurod, ”Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli, Chiroqchi tumanidan ...
4 iyul 2018
Militsiya kapitani, Kattaqo‘rg‘on shahri ichki ishlar bo‘limi tergovchisi San'at Umarov ikkita o‘zbek ayolini videokamera oldida yechintirib tahqirladi. Voqea aks ...
Bloglar
3 iyun 2020
Bir narsaga e'tibor qaratdim: AQShda bo‘layotgan voqealarga e'tibor rus internetida juda yuqori; runetda bu voqealarni ...
28 may 2020
Bosh prokuratura koronavirus tarqalishi silsilasini aniqlash oson bo‘lishi uchun fuqarolardan kundalik tutishni so‘raganida ba'zilar buni ...
25 may 2020
“Bi-Bi-Si” radiosi o‘zbek xizmati jurnalisti Muhammad Solihga: “Koronavirus pandemiyasi payti shunday chiqish qilishingiz o‘rinlimi? Buning ...