Asosiy mavzular
17 dekabr 2018

Xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanayotgan yolg‘on

O‘zbekistonda 2017 yilda 13 foiz kishi o‘z ixtiyoriga qarshi ravishda paxta terimiga jalb qilingan bo‘lsa, 2018 yilda bor-yo‘g‘i 7 foiz terimchi majburiy ravishda paxta dalalariga jo‘natilgan.

Bu haqda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan monitoring hisobotida aytiladi.

Mana shu hisobot e'lon qilinishi ortidan XMT bosh direktori Gay Rayder Toshkentda eng yuqori doiralarda, jumladan, mamlakat prezidenti tomonidan ham qabul qilindi.

Barcha muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda mehnat huquqlarini ta'minlash borasida o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga va'dalar berishdi.

Avval ham berilgan aynan shunday va'dalar XMTning bu yilgi monitoringi ohangini belgilab bergan bo‘lsa ajab emas.

Siyosat o‘z yo‘liga. XMTning O‘zbekistonga nisbatan so‘nggi vaqtlardagi munosabati siyosatning kimdir to‘g‘ri tushunadigan, kimdir esa toqat qila olmaydigan yuzlaridan biridir.

Zero, XMT hisoboti O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga barham berish yo‘lidagi sa'y-harakatlarini rag‘batlantirishga qaratilayotgandek taassurot uyg‘otadi.  

Garchi ijobiy o‘zgarishlar sezilarli bo‘lsa-da, balandparvoz maqtovlarga arzimasligini ko‘pchilik anglayotgani haqiqatga yaqinroqdir.

XMT vakillarining O‘zbekistonda majburiy mehnatdan tizimli ravishda foydalanishga chek qo‘yildi, degan gaplariga kim ishonadi? Bu gaplarga ishonmaslik uchun dalillarni istagancha keltirish mumkin.

Militsiyadan tortib armiyagacha oylab paxta dalasida “javlon urgan”i tizimli majburiy mehnat bo‘lmasa, unda nima?

Zavod-fabrikalar, turli davlat muassasalarining o‘n minglab xodimlari tashkiliy ravishda dalaga jo‘natilgani bunday ishlarning tizimli ekanidan darak bermaydimi?

Hukumatning ayrim mayda amaldorlarni kishilarni o‘z ixtiyoriga qarshi ishlashga majburlagani uchun jazolagani aslida keng ko‘lamli majburiy mehnatni xaspo‘shlash maqsadidagi sa'y-harakatlar ekanini aqli raso insonlar tushunib turibdi.

Lekin XMT vakillari bu chiroyli raqamlarga ishonishga rozi bo‘lib, o‘zlari ham mazkur yolg‘onlarning xalqaro maydonda haqiqat sifatida e'tirof etilishiga hissa qo‘shmoqdalar.

XMTning bu siyosati vaziyatni asta-sekin yaxshilab borayotgan O‘zbekiston rasmiylari bilan kelishuvlar natijasidek taassurot uyg‘otadi.

Mayli, paxta terimiga majburiy chiqarilganlar soni bor-yo‘g‘i yetti foiz deylik ham. Lekin terimchilar soni yuz minglar bilan o‘lchanishini hisobga olsak, bu kichik raqam emas.

Qolaversa, majburiy mehnat faqat paxtachilikda emas, boshqa sohalarda ham kuzatilmoqda.

“Paxtachalikdan boshqa sohalardagi majburiy mehnat ko‘rinishlari obodonlashtirish, qurilish kabi tarmoqlarda ham keng tarqalgan”, deydi O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova.

Bu tashkilot ko‘p yillardan buyon O‘zbekistondagi majburiy mehnatni monitoring qilib keladi.

“Hozir ko‘chalarni supurish, amalga oshirilayotgan qurilishlar, obodonlashtirish ishlariga bu sohalarga umuman aloqasi bo‘lmagan kishilar o‘z ixtiyoriga zid ravishda jalb etiladi”, deydi Umida Niyozova “Eltuz” bilan suhbatda.

Uning bildirishicha, O‘zbekiston-Germaniya forumi majburiy mehnatning mana shu ko‘rinishlari yuzasidan monitoring o‘tkazgan va yaqin orada bu boradagi hisobot e'lon qilinadi.

XMT bosh direktori Gay Rayder O‘zA muxbiriga bergan intervyusida uning tashkiloti O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Lekin bu qo‘llab-quvvatlash tanqidiy asosda qurilganida mamlakat xalqi uchun yanada foydali bo‘lardi.

Audio: https://youtu.be/25rsq2F4fP4

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 yanvar 2017
Mirziyoevning pensionerlarga jamoat transportini bepul qilish va'dasi amalga oshmadi. Rasmiy idoralar o‘zbekistonlik pensionerlarga jamoat transportida tekin yurish huquqi berilishi ...
15 mart 2024
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana hafta aylanib siz bilan birgaman. MS:  Nichiksizla xo‘jik brri, mo‘chchi oynikala. Buxoroda ...
23 avgust 2018
Turma boshlig‘i polkovnik Mavlonovning buyrug‘i bilan Muhammad Bekjonni nihoyat ancha yengilroq ishga, etikdo‘zlik sexiga o‘tkazishadi. U yerda jurnalist so‘zga ...
2 noyabr 2017
31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda pikapdagi erkak velosiped yo‘lakchasida sakkiz nafar odamni bosib o‘ldirdi. 12 odam jarohatlandi. Jinoyat terakt deya ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...