Asosiy mavzular
21 yanvar 2019

Karimovaning millionlariga yangi da'vogar

16 yanvar kuni Shveytsariyaning «Tages-Anzeiger» gazetasi amerikalik biznesmen va Gulnora Karimovaning sobiq eri Mansur Maqsudiy Karimovaning Shveytsariyada muzlatilgan aktivlaridan moliyaviy tovon olishni istayotganini yozdi.

«Mening oilam bu o‘g‘irlik beiz ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, – dedi Mansur Maqsudiy gazetaga bergan intervyusida. – Bu o‘g‘irlikka aralashganlarni og‘ir kunlar kutmoqda».

Amerikalik tadbirkor Maqsudiy O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova bilan o‘n yil turmush kechirgan. 2001 yilda bu nikoh buzilganidan so‘ng u va ukasi Farid O‘zbekistondagi barcha mulklaridan ayrildi. Ularning «Coca-Cola Bottlers Uzbekistan» qo‘shma korxonasidagi ulushi vositachi kompaniya orqali Shveytsariyaning «Zeromax» kompaniyasiga o‘tdi.

«Zeromax» Gulnora Karimovadan boshqa hech kimga tegishli emas edi, deydi Maqsudiy. Endi u Karimovaning Shveytsariya prokuraturasi tomonidan muzlatilgan aktivlaridan tovon puli sifatida 100 million frank undirmoqchi.

«Shveytsariyadagi hamtovoqlari Karimovaga pulni yuvishga yordam bergan. Shveytsariya banklari buni yashirdi,- deydi Farid Maqsudiy. – Endi Shveytsariya hukumati to‘g‘ri qarorga kelishi kerak».

O‘zbekistonga ekspropriatsiya

To‘rt yil davomida Shveytsariyada qariyb 800 million frank muzlatildi. Nega Maqsudiy bu pullarga aynan hozir da'vogarlik qilmoqda? «Farzandlarim O‘zbekistonda garovga olingan edi,- deya javob beradi Mansur Maqsudiy. – Ular hozir xavfsizlikda bo‘lgani uchungina harakatlarni boshladim».

Asli afg‘onistonlik bo‘lgan Maqsudiy bolaligida AQShga ko‘chib o‘tgan. 1991 yilda u o‘sha paytda 19 yoshda bo‘lgan Gulnora Karimovaga uylangan. Ularning o‘g‘li va qizi bor. Oila ba'zan Nyu-Jersida, ba'zan Maqsudiy o‘z ukasi bilan koka-kola quyish qurilmalari bilan shug‘ullangan O‘zbekistonda yashagan. O‘n yildan so‘ng nikoh bir-birini firibgarlik, kontrabanda va shantajda ayblashlar bilan tugadi. «Washington Post» gazetasi «Qirollik jangi» haqida yozgan edi. «Kim haqiqat tomonida» bo‘lganini hech kim bilmasligini aytmoqda bugun Maqsudiy.

Karimova AQShni tark etdi va Maqsudiyning roziligisiz bolalarini olib ketdi. AQSh sudi Maqsudiyga vasiylik huquqini berdi, lekin u bu huquqdan hech qachon foydalana olmadi. O‘zbekistonda Karimovlar oilasi undan o‘ch oldi: koka-kola quyish korxonasi Maqsudiydan tortib olindi, uchta qarindoshi hibs etildi, 20 dan ortig‘i Afg‘onistonga deportatsiya qilindi.

Maqsudiyning ta'kidlashicha, hibsga olingan qarindoshlari va farzandlarini xavf ostiga qoldirmaslik uchun bu haqda oshkora gapirishdan tiyilib kelgan. «Tages-Anzeiger” gazetasi bilan suhbat – uning uzoq vaqtdan beri bergan birinchi intervyusi. U Skype orqali o‘tkazildi. Ayni paytda uning bolalari Londonda yashamoqda. Endi gap iqtisodiy zararni qoplash haqida bormoqda, deydi Maqsudiy. Shveytsariya Karimovaning aktivlarini O‘zbekistonga qaytarib berishni xohlayotgani «jiddiy xavotirga sabab bo‘lgan».

Karimova va uning uchta xizmatchisi pul yuvishda shubha qilinib, 2014 yildan buyon Shveytsariya tergovi ostida qolmoqda. Ammo 2016 yilda vafot etgan diktator Islom Karimovning qizi Shveytsariya sud hokimiyati qo‘li yetmas darajadadir. U O‘zbekistonda soliqdan qochish va firibgarlik aybi bilan besh yilga ozodlikdan mahrum etilgani aytiladi.

Hozir Shveytsariya federal prokuratusi oldida musodara qilingan aktivlarni nima qilish masalasi turibdi. Istaklar ulkan. Yangi prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi O‘zbekiston Karimova bu millionlarni pora sifatida olgani va shu yo‘l bilan davlatga ziyon yetkazganini ta'kidlamoqda. Shuning uchun bu pullar davlatga qaytarilishi kerak. Aftidan Shveytsariya Federal kengashi ham buni tushunadi va 2018 yil 9 mayda aktivlarni O‘zbekistonga berish to‘g‘risida dastlabki qarorni qabul qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston axborot agentligi «tezda ijobiy qaror qabul qilinishi» haqida bong urdi.

Biroq Shveytsariyaning bankrot bo‘lgan «Zeromax» kompaniyasi kreditorlari bu qarorga to‘sqinlik qilish harakatida. Kompaniya O‘zbekiston uchun tovarlar savdosini nazorat qilgan, braziliyalik futbolchilar bilan shartnomalar imzolagan va nemis kompaniyalariga Toshkentda hashamatli saroy qurishga buyurtma bergan. 2010 yilda o‘zidan besh milliard shveytsariya franki miqdorida qarz qoldirgan holda «Zeromax» bankrot bo‘ldi.

Gulnora Karimova rasman kompaniyada ishlamagan. Ammo uning Jenevadagi villasi va seyflari tintuv qilinganda federal kriminal politsiya qiymati 38 million franklik zargarlik buyumlarini topdi. Ularning pulini «Zeromax» kompaniyasi to‘lagan. «Zeromax»ning kreditorlarni bu fakt kompaniya Karimovaga tegishli bo‘lganiga dalil ekanini bildirmoqda.

Islohotlar borasidagi shubhalar

Endi Maqsudiy o‘z talablarini bildirishga qaror qildi. Aka-ukalar Bernga kelib, «Zeromax» Karimovga tegishli bo‘lgani haqidagi hujjatli dalillarni taqdim etmoqchi: «Biz federal prokuraturadan ekspertiza o‘tkazishini talab qilamiz».

Shveytsariya federal prokuraturasi bu masalaga izoh berishni xohlamayapti.

Mansur Maqsudiy O‘zbekistonning yangi prezidenti hukumat rahbari sifatida ilgari Islom Karimovning shafqatsiz rejimini qo‘llab-quvvatlaganini eslatmoqda. Endi esa Mirziyoev kichik o‘zgarishlarni islohotlar sifatida ko‘z-ko‘z qilishni xohlayapti. «Mulk huquqini tan olmayotgan va huquqni himoyalash uchun hech narsa qilmayotgan bu shaxs qanday islohotchi bo‘lsin»?

«Shveytsariya Karimovaning millionlarini yaxshiroq saqlaydi,-  qo‘shimcha qiladi Farid Maqsudiy. – Agar Federal kengash pullarni darhol va so‘zsiz qaytarsa, bu islohotlar o‘tkazish imkoniyatini pasaytiradi».

Tashqi ishlar federal departamenti 800 million frankni O‘zbekistonga berish qarorini har qanday holatda ham «barvaqt» deb hisoblaydi: o‘zbek aktivlarini repatriatsiya qilish «faqat Shveytsariyada barcha sud tekshiruvlari tugagandan so‘ng» mumkin bo‘ladi.

Maqola muallifi
Bernhard Odehnal

«Eltuz» tarjimasi. Maqolaning originali: https://avenue.argusdatainsights.ch/kundenartikel/2019-01/3007101/72200210.pdf

Tag‘in o‘qing
17 iyun 2019
Bosh prokuraturaning Andijonda besh nafar ayolning aldov qurboniga aylanishiga sabab bo‘lgan mutasaddilarni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi taqdimnomasi aslida viloyat ...
27 avgust 2021
Bir kunda mustaqil bo‘lgan mamlakat bir sekundda oldingi holatiga qaytishi mumkin. Buni pushtun millatchilaridan iborat terrorchi to‘da – «Tolibon» ...
22 aprel 2017
Rossiyalik muxolifatchi bloger Aleksey Navalniyning fikricha, tagi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov turli yo‘llar bilan pora berganini yashirmoqchi. Aprel ...
20 fevral 2024
Minglab o‘zbeklarni arabistonda sarson qilib qoldirib ketgan «Ummat uchun» firmasi doxil 42 shirkat ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida o‘nlab ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...