Asosiy mavzular
19 mart 2019

Nargiza Rahimovaning achchiq tajribasi rahbarlarning ijtimoiy tarmoqdan qochishiga sabab bo‘lmaydimi?

O‘tgan haftada o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida eng ko‘p bahs-munozaralarga Nargiza Rahimova (Saidova) bosh sababchilardan biri bo‘ldi.

U “qadimchi”larning shunday zarbalariga uchradiki, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari uni o‘z muhofazasiga olishga majbur bo‘ldi.

Shu paytgacha ijtimoiy tarmoqlarda tahdidga uchragan o‘zbeklarni O‘zbekiston kuchishlatar tizimlari o‘z muhofazasiga olganini eshitganimiz yo‘q edi.  

Tasanno. Biz ham dunyo standartlariga yetishib boryapmiz. Insonning barcha huquqlari har doim shu darajada himoya qilinishi kerak!

Nargiza Rahimova davlat mulozimi – O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarining o‘rinbosari o‘laroq, jamiyatning muayyan qatlami nazarida qovun tushirib qo‘yishi bilan bog‘liq voqeani esga olib nima demoqchimiz?

Gap shundaki, ilgarilari o‘zbek mulozimlari jamiyat bilan deyarli muloqotga bormas edi. O‘zbekistonda siyosat haqidagi ham, iqtisodiyot haqidagi ham ochiq gaplarni faqat bir kishi – endilikda marhum prezident Islom Karimov aytardi.

O‘sha paytlarda hatto tashqi ishlar vaziri jurnalistlar bilan ochilib muloqot qilganini birov eslolmasa kerak. U ham gapirganda, albatta, “prezidentimiz ta'kidlaganidek”, “davlatimiz rahbari rahnamoligida” kabi himoyakor ilovalar panasida so‘zlardi (va ayrim o‘zgarishlarni aytmasa, hozirgacha ahvoli shu).

Mulozimlarning xalq bilan ochiq muloqotdagi tajribasizligi bugun ularning erkin bahs-munozaralarga kirishishiga to‘siq bo‘lyapti nazarimizda.

Hozir ham ikki gapning birini “prezidentimiz” bilan boshlaydigan mulozimlarning muloqot maydonlarida xato so‘zlab qo‘yishdan cho‘chib turgani seziladi.

Shunga qaramay, amaldorlarning ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rina boshlagani, avvaldan tanlab olinmagan aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgani baribir ijobiy holatdir.

Nargiza Rahimovaniki kabi achchiq tajriba ham boshqa amaldorlar uchun asqatadi. Zero, ular jamiyat bilan muloqotda muayyan qatlamlarning diniy, jinsiy, axloqiy va hokazo qadriyatlarini hisobga olish kerakligini o‘rganadi.

Bunga bilimi va farosati yetmaydigan, lavozimiga nomunosib ekanini ko‘rsatib qo‘yadigan amaldorlarning esa saragi sarakka, puchagi puchakka ajralib qolaveradi.

Faqat ularga Nargiza Rahimovaning achchiq tajribasi teskari ta'sir etib, yana o‘z qobig‘iga o‘ralib olib, faqat “ruxsat etilgan” gaplarni aytishga o‘tib olishmasa bo‘lgani.

Eng asosiysi, hokimiyat vakillarining jamiyat bilan muloqotdan qochmasligi, xalqning kayfiyati va qarashlarini o‘rganib borishi.

Zero, ularning muloqot uchun ochiq bo‘lishi jamiyatning taraqqiyotiga yo‘l ochadigan muhim shartlardan biridir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 noyabr 2017
8 noyabr kuni Andijon shahri rastalarida bir kilo mol go‘shti narxi 36 ming so‘mga ko‘tarildi. Andijondagi «Eski shahar» va ...
1 aprel 2021
Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi 14 yoshli M.R.ni bir necha marta tahqirlab, zo‘rlaganlikda ayblanayotgan A.X. qamoqqa olindi. Holat bo‘yicha “Eltuz” maqola e'lon ...
20 iyun 2019
Prezident matbuot xizmati 20 iyun kuni bosh prokuror Otabek Murodovning ishdan olingani, uning o‘rniga ilgari Senat raisi bo‘lgan Nig‘matulla ...
19 yanvar 2017
Prezident Mirziyov 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovni tikka turg‘azib qo‘yib moliya tizimidagi kamchiliklarni ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...