Asosiy mavzular
8 aprel 2019

Milliy gvardiya reyderlik tuzilmasiga aylanib boryapti…mi?

So‘nggi vaqtlarda tadbirkorlik sub'ektlariga tegishli bo‘lgan mulkning Milliy gvardiya foydasiga tortib olinayotgani bilan bog‘liq ikkita mojaro kuzatildi.

Bularning birinchisi Yangiobod turbazasi bilan bog‘liq. Joriy yilning 25 yanvarida, «Eltuz» nashri bu yerga mahalliy hokimlik vakillari militsiya va Milliy gvardiya xodimlari hamrohligida kelib, ob'ekt “davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun” olib qo‘yilishini bildirgani haqida yozgan edi.

Keyinroq Samarqand shahrida ham Milliy gvardiya tadbirkorga tegishli mol-mulkka ega chiqayotgani ma'lum bo‘ldi.

Kun.uz saytining yozishicha, tadbirkor Aziz Ibodullaevga tegishli ikkita minifutbol maydoni Milliy gvardiya ehtiyojlari uchun olib qo‘yilmoqda.

Saytning bildirishicha, bu sport maydonchalari 2017 yili Navro‘z bayrami kuni to‘liq foydalanishga topshirilgan. Qurilish ishlariga tadbirkor 1,6 milliard so‘m sarflagan. Endi esa maydonlarni buzish to‘g‘risida Milliy gvardiya markaziy devonidan tinimsiz xatlar kelmoqda.

Minifutbol maydonlari Samarqand oziq-ovqat kasb-hunar kolleji hududida joylashgan bo‘lib, tadbirkor ta'lim muassasasi bilan kelishgan holda tegishli qonunchilikka muvofiq qurilish ishlarini bajargan. Yer kollejga tegishli ekani sababli yerga egalik huquqi tadbirkorda bo‘lmasa-da, qolgan barcha rasmiylashtiruvlar joyida.

Endi esa Milliy gvardiya vakillari kelib, kollej hududi to‘lig‘icha mazkur tuzilmaga o‘tishini bildirib, tadbirkorning shuncha sarflangan mablag‘iga kuyishiga sababchi bo‘layotir.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat kolleji ko‘chib ketgandan keyin tayyorlangan kadastr inventar hujjatiga sport maydonlari kiritilmagan. Ya'ni ushbu hudud futbol maydonlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shunga qaramay, Milliy gvardiya sobiq kollejning butun maydoniga ega chiqmoqda.

Yuqorida tilga olingan ikki holatda yana bir jihat borki, masala tadbirkorlarning huquqiy himoyasiga borib taqaladi.

Har ikki vaziyatda ham qonun himoyachilari masalani tadbirkorlarning emas, balki so‘nggi vaqtlarda mamlakatdagi eng qudratlilardan biri bo‘lib borayotgan kuchishlatar tuzilma – Milliy gvardiya foydasiga hal etish payida bo‘layotir.

Garchi Samarqand viloyati hokimi tadbirkorga boshqa hududdan yer maydoni ajratib berishini aytayotgan bo‘lsa-da, metall konstruktsiya asosida qurilgan yopiq futbol maydonchalarini shundayligicha ko‘chirib ketib bo‘ladimi?

Bu savolga javob yo‘q. Tadbirkor sarflagan 1,6 milliard so‘m mablag‘ni qoplash masalasi ham yechilmagan.

Qolaversa, turli tashkilotlarga qilingan murojaatlar ham samarasiz ketmoqda. Prokuratura esa ishni o‘rganishga asos yo‘qligini ro‘kach qilayotir.  

Yangiobod turbazasi bo‘yicha yaqinda Toshkent viloyatining Nurafshon shahri ma'muriy sudi mulkdor manfaatlariga zid qaror chiqardi.

Sudya Husan Hamidov viloyat hokimi G‘ulomjon Ibragimovning Yangiobod turbazasini tadbirkordan olib qo‘yishga oid 2019 yil 25 yanvardagi qarori qonuniy kuchga ega emasligini tan olishni rad etdi.

Nega Milliy gvardiya o‘z ehtiyojlari uchun bo‘sh hududlarga emas, aynan tadbirkorlarga tegishli ob'ektlarga ko‘z tutayotgani masalasi ochiq qolmoqda.

Ochiqdan-ochiq reyderlik hujumiga o‘xshab ketadigan bunday mojaroli holatlar uchun Milliy gvardiyaga tanbeh beradigan kuch bormikin yoki mazkur tuzilma o‘z xatti-harakatlari uchun yanada yuqoriroqdan qudrat olayotganmikin?!

Milliy gvardiya nisbatan yangi tuzilma va u me'yorida faoliyat yuritishi uchun tegishli infratuzilmaga ega bo‘lishi kerakligini tushunish mumkin.

Lekin bu infratuzilma tadbirkorlarning tayyor mol-mulkini tortib olish hisobiga tiklanmasligi shart. Aks holda bu davlat tuzilmasi reyderligiga bir dalil o‘laroq xizmat qiladi.  

Sardor Azim
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 mart 2023
Bugun taniqli o‘zbekistonlik jurnalist Hurmat Bobojonning tug‘ilgan kuni. Hurmatning maqolalari bir qator horijiy tillarda ham yangrayotgani bilan ham qadri ...
27 sentyabr 2017
Ukraina sudi tomonidan qamoqqa olingan 51 yashar o‘zbek jurnalisti Narzullo Oxunjonov O‘zbekistonga estraditsiya qilinishi mumkin. Foto: Refat Chubarev «Detektor ...
11 mart 2016
O‘zbekistonda reklamada pornodan foydalanish taqiqlanadi. Lekin bu qoida siyosiy reklamalarga joriy qilinmaydi. Kinoda o‘pishish mumkin, har ikki xolatda, – ...
10 avgust 2022
Eltuz portaliga kelib tushayotgan murojaatlar oqimini kuzatishda davom etamiz. Bugun ham muhokama uchun 5 ta xatni tanladik. Ular institutlar ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...