Asosiy mavzular
15 aprel 2019

Sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovning qiynoqqa solingani rostmi?

«Xalqaro amnistiya» (Amnesty International) tashkiloti 10 aprel kuni qamoqda saqlanayotgan O‘zbekiston sobiq bosh prokurori 67 yashar Rashid Qodirovning qiynoqlarga solinayotgani yuzasidan tezkor aktsiya boshlaganini e'lon qildi.

Nufuzli xalqaro tashkilot o‘z aktsiyasiga qo‘shilish istagidagi shaxslarni O‘zbekiston prezidenti, ichki ishlar vaziri va bosh prokuror nomiga xat yozishga chaqirdi.

“Men Rashid Qodirov va u bilan birga tergov qilinayotgan 12 nafar shaxsning qiynoqlarga solinishi, noinsoniy munosabatdan himoya qilinishini ta'minlash hamda zarur bo‘lgan malakali tibbiy yordam olishiga imkoniyat yaratib berishni talab qilaman”, deyiladi «Xalqaro amnistiya» tavsiya qilgan maktubda

Qodirovning yaqinlari Shvetsiyadan boshpana so‘rashmoqda

«Eltuz» nashri manbalari tasdiqlagan ma'lumotlarga ko‘ra, Rashid Qodirovning yaqinlari va mulozimlaridan iborat o‘n nafarga yaqin shaxs mamlakatni tark etishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ulardan ikki nafari, aniqrog‘i, o‘g‘li Alisher Qodirov va kotibasi o‘tgan hafta Shvetsiyadan siyosiy boshpana olish uchun Migratsiya xizmatiga murojaat qilishgan.

«Rashid Qodirovning Latviyada uylari, mulklari bor. Lekin uning mamlakatni tark etgan o‘g‘li va boshqa yaqinlari bugungi kunda postsovet hududini o‘zlari uchun xavfsiz deb bilishmayapti. Ular aynan xavfsiz Yevropa mamlakatlaridan boshpana olishni ko‘zlashgan», deya bildirdi anonimlik shartiga ko‘ra «Eltuz» nashrining axborotga yaqin manbasi.

Qiynoqlar va o‘lim tahdidi

«Xalqaro amnistiya» tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, Rashid Qodirov Toshkentning Mirobod tumani tergov hibsxonasida qolmoqda.

Rashid Qodirov va uning ishiga aloqador 12 nafar sudlanuvchi ustidan yopiq mahkama 2019 yilning 7 yanvarida boshlangan.

Anonim guvohning bildirishicha, u Rashid Qodirovni qamoqda 2018 yilning avgustida ko‘rgan. «Uning bo‘ynida uzun iz borligini, buni bo‘g‘ish alomati deya hisoblashini bildirgan», deya aytiladi «Xalqaro amnistiya» bayonotida.

Guvoh Rashid Qodirovning sezilarli darajada tushkunlikda ekani, kamgap va savollarga zo‘rg‘a javob bera olishini bildirgan.

Guvohning bildirishicha, Rashid Qodirov unga kamerada undan boshqa yana uchta mahkum borligi, ular turma xodimlari buyrug‘i bilan unga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llashganini gapirib bergan.

U, shuningdek, mulozimlar aybiga iqror bo‘lishi uchun boshiga to‘pponcha tirashgani, keyin esa «uning o‘limi tabiiy ko‘rinishi uchun osishlari»ni aytishgan.

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, 2018 yilning 21 fevralida va 18 martida uni yotoqda yoki shkonkada yalang‘och holda saqlashgan va o‘ldirish bilan tahdid qilishgan.

Bildirilishicha, huquq-tartibot idorasi xodimlari Rashid Qodirovni, uning kuyovini o‘ziga o‘zi ayblov ko‘rgazmasi berishi uchun qanday jismoniy qiynoqqa solinganini kuzatishga majbur qilishgan. Rashid Qodirovga ovqat, dori-darmon va hojatxona cheklangan. 2018 yilning mayida Rashid Qodirov sog‘lig‘i yomonlashgani uchun shifoxonaga yotqizilgan.

Mahkumga nisbatan qiynoqlar va qiynoqlar tahdidi, qarindoshlariga qarshi ko‘rgazma olish yoki pul ta'magirligi uchun uyushtirilgan. Ayni ma'lumotlar, garchi ular noto‘g‘ri bo‘lsa-da, keyinchalik boshqa shaxslarning sudga tortilishiga asos bo‘lgan, deydi «Xalqaro amnistiya» manbasi.

11 aprel kuni Bosh prokuratura «Xalqaro amnistiya»ga javob bayonotini e'lon qildi. Unda Rashid Qodirovning «sog‘lig‘i uning qamoqda qolishiga hech qanday to‘sqinlik qilmasligi, badanida hech qanday jarohat bo‘lmaganligi» bildirilgan.

Rashid Qodirov 2018 yilning fevralida hibsga olingan. Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, unga nisbatan 2000-2015 yillar davomida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining «Tovlamachilik» (165-moddasi), «Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish» (205-modda) va «Pora olish» (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik ayblari ilgari surilmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 oktyabr 2018
Muhammad Bekjon esdaliklaridan iborat birinchi kitobning so‘nggi qismi 1999 yil 16 fevral portlashlari yoritilgan maqolalarga asoslangan. Karimov rejimi muxolifi ...
22 iyun 2017
Talaba o‘limiga sabab bo‘lgan janjal ortidan Toshkentdagi Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji yopiladigan bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekistonda 11 sinflik maktab ...
18 mart 2017
Keyingi 2 oy mobaynida Andijon shahrida oltita pichoqbozlik qayd qilingan. Andijon shahar Ichki Ishlar boshqarmasining o‘tgan payshanba maxalliy nashrlarga ...
1 avgust 2016
May oyida moliyaviy piramida qurishda ayblanib Chinozlik Ahmad Ahmad Tursunboevning qamalishi ortida unga katta miqdorda pul va avtomobillar bergan ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...