Asosiy mavzular
13 may 2019

Tintuvdan so‘ng ahvoli yomonlashgan Mahmud Rajab kasalxonaga yotqizildi

Xorazmlik shoir, 56 yashar Mahmud Rajab uyida tintuv o‘tkazilganidan uch kun o‘tib – 13 may kuni kasalxonaga yotqizildi. «Eltuz» muxbiri qo‘ng‘irog‘iga javob bergan Mahmud Rajabning o‘zi va yaqinlari voqeani tasdiqladi.

Go‘shakni ko‘targan Mahmud Rajab sog‘lig‘i yomonligidan muxbirning savollariga zo‘rg‘a javob berdi.

«Tintuv o‘tkazilganidan keyin dadamning mazasi qochib qoldi. Kasalxonaga yotqizdik bugun», dedi «Eltuz»ga shoirning katta o‘g‘li Xushnud.

10 may kuni kechqurun 18.30 da o‘zlarini IIB xodimlari deb atagan o‘n nafar atrofidagi shaxs kirib kelib Mahmud Rajabning uyini tintuv qilishgan.

Bu vaqtda uning uyida o‘zidan boshqa hech kim bo‘lmagan. Xotini va bolalari dalada ishda bo‘lishgan.

Tintuvda o‘zlarini tanitmagan notanish shaxslar va «xolislar»dan tashqari mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zokir Vaisov va uchastka profilaktika noziri Umrboylar bo‘lgan.

Ular Mahmud Rajabning qo‘shnilarni guvohlikka chaqirishiga avvaliga izn berishmagan.

«Shovqinni eshitib bir-ikki qo‘shnilarning o‘zlari kelishgan va shundan so‘nggina onam voqeadan xabar topib kelgan», dedi Mahmud Rajabning o‘g‘li «Eltuz»ga.

“Eltuz” suhbatdoshining bildirishicha, Mahmud Rajabga tintuv qilish qarorini o‘qish va tanishib chiqish uchun imkon berilmagan.

Tintuv jarayonida Mahmud Rajabning uyidan noutbuk, yangi xarid qilgan «Samsung» E20 uyali telefoni, bo‘sh disklar hamda Muhammad Solihning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobi va Oydin Solihning tabobat xususidagi kitoblari olib ketilgan.

Shuningdek, uning uyidan fermerlar bilan bog‘liq turli ma'lumotlar bitilgan 7 varaq qog‘ozni bayonnomada 7 ta varaqa topildi deb olib ketishgan.

Suhbatdoshga ko‘ra, Mahmud Rajab tintuv o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi bayonnomaga o‘z huquqlari poymol etilganligi va tintuv qonun talablariga xilof ravishda o‘tkazilganligi bois imzo chekishdan bosh tortgan.

“Eltuz” nashri 26 mart kuni Gurjistonning Tiflis shahridan qaytayotganida Toshkent aeroportida ushlangan, Yevropa birdamlik markazi seminarida qatnashgan shoir Mahmud Rajabning yonidan chiqqan kitoblar va telefoni musodara qilingani haqida xabar bergan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 iyul 2016
«Hamma unutsa ham, bizning o‘zbek musulmonlari unutmagandir. 16 fevraldan keyin nima bo‘ldi, butun muxolifat yo‘q qilindi…» deydi Kamoliddin. Barbod ...
5 dekabr 2019
Ichki ishlar vaziri general Po‘lat Bobojonov uyida gaz va elektr toki yo‘qligidan sovuqda o‘tirgan oilaga elektr isitgich sovg‘a qildi ...
12 iyun 2019
Shved apellyatsiya sudi «Islomiy davlat» terror tashkilotining Shvetsiyadagi portlashlarini uyushtirishda ayblanib yetti yilga qamalgan 46 yashar Farhod Toshmuhammedov (Shvetsiyaga ...
1 oktyabr 2020
24 sentyabr kuni andijonlik bokschi Hasan Ergashev “Damas” boshqaruvidagi IIB xodimi Saidjon G‘ofurjonovni do‘pposladi.  Kapitan “Damas” rusumli xizmat avtomashinasini ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...