Shvetsiyada ishchi o‘zbek yigiti o‘ldi
Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidan Shvetsiyaga kelib ishlayotgan 35 yashar O‘zbekiston vatandoshi Akmaljon Cho‘liev 21 iyun kuni Stokgolmda vafot etdi.
«Eltuz» voqeani o‘rganish uchun Stokgolmdagi o‘zbek diasporasi vakillari bilan bog‘landi. Ularning ayrimlari Akmaljon Cho‘lievning uyida o‘lik holda topilganini ta'kidlashdi.
Stokgolm shahrida yashovchi boshqa bir o‘zbek migranti «Eltuz» muxbiriga shahardagi do‘konda meva-cheva sotuvchi tanish ayoldan iqtibos keltirib, Cho‘lievning uyida emas, ish joyida o‘lgani, «tez yordam» mashinasi olib ketgani va bu tabiiy o‘lim shaklida qayd etilganini bildirdi.
Biroq «Eltuz» muxbiriga javob bergan barcha tomonlar Cho‘lievning o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi taxminni inkor etishdi, o‘z ajali bilan o‘lganini bildirishdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 24 iyun kuni mahalliy politsiya o‘lim sabablarini tekshirayotgani haqida yozdi.
Lekin «Eltuz» shved politsiyasi bilan telefon orqali bog‘langanida bu shaxs va o‘lim hodisasi ularda qayd etilmaganini bildirishdi.
Shuningdek, «Eltuz» shved politsiyasi saytida 21 iyundan buyon ko‘rilayotgan ishlar reestridan ham bu o‘lim hodisasiga oid surishtiruvni topmadi.
«Eltuz» nashrining o‘rganishicha, shu kunlarda jasadni O‘zbekistonga jo‘natish yuzasidan Stokgolmdagi o‘zbek diasporasi vakillari pul yig‘ishni boshlab yuborishgan.
eltuz.com