Asosiy mavzular
3 sentyabr 2019

«Sharq taronalari» festivali arafasida daydi itlarning o‘ldirilishi jamoatchilikni shokka soldi

Samarqandda 27 avgust kuni o‘tgan “Sharq taronalari” festivali arafasida daydi itlar va mushuklarning ommaviy o‘ldirilishi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. 

“Kecha kechqurun mening itimni vahshiylarcha o‘ldirishdi. Ularni hayvon deb atash hayvonlar uchun haqoratli. Odammas ular”, deya yozdi feysbuk yuzeri Alika Abdullaeva.

Uning yozishicha, shaharga dabdabali bayram tusini berish uchun Samarqandni daydi itlardan tozalashga buyruq berishgan. Mahallalar bo‘ylab reyd o‘tkazishgan. Itlarni quturishga qarshi emlash bahonasida uyma-uy yurishgan.

“Kimdir rozi bo‘ldi, kimdir yo‘q. Rozi bo‘lganlar itlaridan ayrilishdi. Ular qaerda it hurgani eshitilsa, devordan zaharlangan sosiska irg‘itishdi. Shunday qilib, mening itimni va qo‘shnilarimizning itlarini o‘ldirishdi”, deya eslaydi Alika itlarga qilingan yovuzliklar haqida.

U o‘z postida, shuningdek, zaharlangan iti o‘limi dahshatini tasvirlaydi:

“Kuchugim chiyillab, aqldan ozgan alfozda chopib uyga kirdi. Keyin charx urib aylana boshladi. Men nima bo‘lganini darrov anglay olmadim. Uning butun ichki a'zolari bir lahzada to‘kilib bo‘lgan edi. U chekkan iztirobni tasvirlash qiyin. Og‘ir azob va gallyutsinatsiya. Keyin u yiqildi, talvasa boshlandi. Va ajali yetdi…”.

Bir guruh jamoatchilik faollari 31 avgust kuni siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov tashabbusi bilan xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovga bolalarni hayvonotga mehr-shafqat ruhida tarbiyalash yuzasidan  petitsiya murojaati yo‘llashdi.

“Bu yilgi festival tarixga nafaqat ayni noinsoniy va haddan tashqari shafqatsiz aktsiya bilan kirdi. Eng muhimi, bolalar bu aktsiya guvohi bo‘lishdi”, deyiladi, jumladan, murojaatda.

Ta'lim vaziriga daydi uy hayvonlarining o‘ldirilishi bolalarga qanday ta'sir etishi, bu holatga Xalq ta'limi vazirligi javobgar ekani, shuningdek, hali ham “vaziyatni tuzatish” mumkinligi bildirildi.

Shu bilan birga, petitsiya tashabbuschilari vazirlikka maktab o‘quvchilari ishtirokida jonivorlarni asrash, ularga boshpana berish yuzasidan tadbirlar, tanlovlar o‘tkazish, bu tadbirlarga homiylar yordamini jalb etishni taklif qilishdi. 

Murojaatni emeyl va messenjer orqali jo‘natganini bildirgan Alisher Ilhomov 2 sentyabr kuni vazirning javob xatini olganini ma'lum qildi.

Ilhomov vazirlik o‘z xatida faktlarni inkor etmaganini, eng muhimi, umidlantiruvchi javob bo‘lgani, daydi uy hayvonlari uchun tirik burchaklar, boshpanalar tashkil qilishga xayrixohlik bildirilganini aytdi. 

Davlat mulozimining tezgina javobidan ruhlangan Alisher Ilhomov o‘z tarafdorlariga xalq ta'limi vaziri Shermatovga aniq takliflardan iborat ikkinchi murojaatini hozirlaganini ma'lum qildi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 aprel 2017
Prezident Mirziyoevning tabiiy gazni sotishni xususiy operatorlarga o‘tkazishga oid hujjatni imzolashi ortidan, o‘zbek matbuotida bu qarorni olqishlovchi materiallar paydo ...
10 iyul 2017
7 iyul kuni Toshkentdagi Xalqaro press-klubda o‘qituvchilarni, kasblariga aloqasiz turli majburiy mehnatlarga muttasil jalb etilishi masalasi ko‘tarildi. Jurnalistlarning savollariga ...
23 dekabr 2023
21 dekabr kuni O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining 32 yillik tarixida ilk bor rus elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan yuvvosh yigit bo‘lib qoladi. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...