Asosiy mavzular
26 sentyabr 2019

Jur'atning ruxsat etilgan darajasi

Shoir va jurnalist Mahmud Rajab taqdiri borasida O‘zbekistondagi mahalliy jurnalistlarning jur'ati Xorazm viloyati IIBning u haqdagi rasmiy bayonotlarini e'lon qilishgagina yetdi. 

Ommabop bo‘lgan mahalliy internet nashrlari turli muammolarni ko‘tarib chiqayotganlari ortidan olqishlar olishdan charchamayapti.

Ammo bu chiqishlar aslo haqiqiy jurnalistikaning in'ikosi emasligini Mahmud Rajab ishi misolida ularning o‘zlari ham tan olishi kerakka o‘xshaydi.

Mahmud Rajab, avvalo, mahalliy jurnalist. Uning Muhammad Solih kitoblarini olib kirishda ayblanishi xalqaro tashkilotlarning ham, O‘zbekistondan tashqaridagi nashrlarning ham emas, birinchi navbatda, mahalliy jurnalistlarning bosh mavzusi bo‘lishi kerak edi aslida.

Ammo, afsuski, shu o‘rinda jur'atning ular uchun kimlardir belgilab bergan darajasi ko‘rinib qoldi. 

Bu daraja Muhammad Solih ijodiga ishqibozlarning adabiyot muxlisi bo‘lgani uchun jazolanishi ehtimoli oldida juda pastligi ayon bo‘lmoqda.

O‘sha ommabop saytlarning izohlarida mushtariylarning “Uning aybi nima ekan? Nega Toshkentga yurish qilibdi?” kabi mazmundagi savollari ham javobsiz qolmoqda.

Chunki bu savollar jur'atning belgilangan darajasidan oshib o‘tishni talab etadi. Ammo bu darajadan sakraydigan mahalliy nashr topilmayapti.

“Xabar”chilar, “daryo”chilar, o‘quvchilaringiz uchun rasmiylar aytayotgan fuqaro Mahmud Rajabov boshqa, shoir va jurnalist Mahmud Rajab butunlay boshqadir.

Boshqaligi shundaki, bilmaganlar uchun Mahmud Rajabov o‘z manfaati himoyasida hokimiyatni shantaj qilishga uringan bir fuqaro, bilganlar uchun muxolifat yetakchilaridan biri, shoir Muhammad Solihning kitoblarini ko‘tarib yurgani uchun nohaq ayblanayotgan shoir va jurnalistdir. 

Shoir va jurnalist Mahmud Rajabning taqdiri, hech kim bilmaydigan fuqaro Mahmud Rajabovdan farqli o‘laroq, siyosiy masaladir.

Bu taqdir bugungi hukumat yuritayotgan siyosatga tutilgan lakmus qog‘ozidir. 

Shu kunlarda ommabop internet nashrlar himoya qilayotgan (aslida bor-yo‘g‘i bu haqda ma'lumot xarakteridagi axborotni tarqatayotgan) “Kun.uz” muxbirining ishi so‘z va fikrlash erkinligi nuqtai nazaridan Mahmud Rajab voqeasidan aslo kam emas. 

Lekin ularning bitta farqi bor. Bu farq so‘z erkinligining siyosiy elitaning bugungi kayfiyati va jur'atning kimlardir belgilagan darajasida ekanligida ko‘rinadi.

Hamkasblar, unutmang, jur'atning bugun siz uchun belgilangan darajasidan balandroq bo‘lmas ekansiz, bu daraja ertaga yanada pasayadi!

SO‘Zingizni himoya qiling, FIKRingizni himoya qiling! 

Chunki siz himoya qilishingiz mumkin va shart bo‘lgan bu tamoyillar amaldagi prezident siyosatining qay darajada samimiyligi va O‘zbekistonning yaqin istiqboli qaysi yo‘nalishda ketishini belgilab berishi bilan o‘ta muhimdir.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 aprel 2017
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, Chinoz va Quyi Chirchiq tumanlari Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari birdaniga almashtirildi. Kuni kecha Toshkent ...
20 fevral 2016
Kuni kecha 7 yillik qamoq jazosiga xukm qilingan jizzaxlik fermer Aramais Avakyanning turmush o‘rtog‘i Shirin Tursinovani yashab turgan maxallasidan ...
1 iyul 2023
«Eltuz» jamoasi 1 iyuldan 30 kunlik mehnat ta'tiliga chiqadi. Ta'tildan keyin siz, aziz do‘stlar, ko‘zlari intizor singillar, mehribon opajonlar, ...
4 dekabr 2023
Nihoyat O‘zbekistondagi qo‘shiq shinavandalari qalbini larzaga solayotgan shou tomoshalariga navbat yetib keldi – Eltuzning qattiq Iks faktori yoki X-Faktor pagonlarga ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...