Asosiy mavzular
10 may 2021

Elga tarbiyadan dars beradigan firibgarlar

Xorazmning Xiva tumanida bir kambag‘al beva ayolning o‘g‘li nomiga olingan 30 million so‘m kredit mahalla raisi va o‘qituvchi doxil bank xodimlari tomonidan naqdlashtirish yo‘li bilan o‘zlashtirilib, yana ayolning oilasiga ham tazyiq o‘tkazilib kelinmoqda. 

“Eltuz” nashriga Xiva tumanining “Pirnaxos” mahallasidan maktub jo‘natgan Nigora Yusupova shu haqda iddao qilar ekan, arzini hech kim tinglamayotgani, bu boradagi tergov ishlari atayin cho‘zib kelinayotganini aytdi.

Nigora Yusupova, maktubda yozilishicha, yetti farzand – olti qiz, bir o‘g‘ilning onasi. Kam ta'minlangan oila sifatida “Temir daftar”da turadi. Eri 2013 yilda vafot etgan. Bir qizi nogiron. O‘zi maktabda farrosh bo‘lib ishlaydi. 

Nigora Yusupovaning Eltuzga yozgan maktubi parchasi

Oilaning asosiy boquvchisi ayolning o‘g‘li Abdulla Ibragimov bo‘lib, u goh-gohida Toshkentga borib, qurilish ishlarida ishlab, ro‘zg‘orning kam-ko‘stini to‘ldirib turadi. 

Maktubda bildirilishicha, “Pirnaxos” mahallasi raisi Oybek Safoev, tumandagi 18-maktabning tarbiya (!!!) fani o‘qituvchisi Bekzod Bobojonov “Mikrokreditbank”ning tuman bo‘limidan 2020 yil avgustda qoramol uchun 30 million so‘m kredit olgan.

E'tiborlisi, bank xodimlari bilan til biriktirilgan holda olingan bu kredit Nigora Yusupovaning o‘g‘li Abdulla nomiga rasmiylashtirilgan. Bir fermer xo‘jaligi nomiga o‘tkazilgan pul keyinchalik naqdlashtirilib, o‘zlashtirilgan. 

“Endi nima qilishni bilmayman. Goh-gohida bankdan kreditning foizini so‘rab kelishyapti. To‘lashga pulim yo‘q. Oyligimni ro‘zg‘orimga zo‘rg‘a yetkazaman. Meni hech kim tinglamayapti. Biz na qoramolni, na 30 million so‘m pulni ko‘rganimiz yo‘q. Iltimos, yordam beringlar”, deyiladi maktubda.

Unda aytilishicha, mazkur firibgarlik ishini bir oy davomida tuman prokuraturasi tergov qilgan. Keyin esa ish Xiva tumani IIBga o‘tkazilgan. Ammo IIBga o‘tkazilgan tergov ham bir oydan oshganki, tugamayapti. Nigora Yusupova va o‘g‘lining asosiy vaqti tergovga qatnash bilan o‘tmoqda. 

Ayol firibgarlikka bosh qo‘shgan mahalla raisiga uchrashganda, u tergovga qatnayvermay, arizasini qaytarib olib, o‘g‘lini ishga jo‘natishni maslahat bergan. Yaqinda esa firibgarlardan biri bo‘lmish Bekzod Bobojonov bir guruh shaxslar bilan ayolning uyiga kelib, po‘pisa qilib ketgan. 

“Hozir pandemiya davrida juda qiynalyapman. Kunda qon bosimim oshadi. Tergov esa ko‘rinib turgan firibgarlarning qilmishini yashirish maqsadida atayin ishni cho‘zyapti. Meni adoyi tamom qilishdi”, deydi Nigora Yusupova.

Prezident Shavkat Mirziyoevdan yordam so‘rar ekan, ayol: “Bu firibgarlarga qonun bormi? Iltimos qilaman sizlardan, ulardan meni himoya qilib, haqiqatni ro‘yobga chiqarib beringlar”, deb zorlanadi ayol. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 mart 2021
Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Katta Karchin” MFY “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Hudud aholisiga 2019 yilda barcha xonadonlar ichimlik suv ...
8 may 2015
Ishdan bo‘shatilgan Lenta.ru axborot saytining bosh muharriri Galina Timchenko o‘z kasbini pitstsa tarqatuvchining ishi bilan qiyosladi. Agar pitstsada murch ...
5 aprel 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Andijon, Surhondaryo, Toshkent va O‘zbekistonning Qozog‘iston hamda ...
12 oktyabr 2023
Eltuzga Aktsiyadorlik tijorat Xalq banki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani filiali rahbariyati ustidan bankning bir necha xodimlari yo‘llagan shikoyat maktubi ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...