Asosiy mavzular
14 fevral 2023

Omon Matchon tirik bo‘lganda 80ga kirardi

ChO‘QQI SANAMAGAN ShOIR 

Yetmishinchi yillarning o‘rtalarida, obrazli yo‘sinda aytganda, So‘z dunyosida go‘dak yanglig‘ emaklashga chog‘lanayotgan biz tengi qalamkashlar bahaybat hayrat neligini tuzuk bilardilar. Negaki, aynan o‘sha pallalarda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Rauf Parfi kabi “vulqonlar” otilib, “tog‘” shakliga kirmoqda edilar. “Tog‘” cho‘qqilariga tik qarar ekanmiz qalpog‘imiz tushishi barobarida boshdan hushimiz qush kabi uchib ham ketardi. Agar shoir deganlari rostdan ham shular bo‘lsa, bizga yo‘l bo‘lsin, deyarak his-hayajonga berilganimiz ayni haqiqat. 

Ayni kunda g‘alati tuyuladi – 1970 yillarning oxirlarida “Guliston” jurnali talash bo‘lib ketardi; zo‘r jurnal edi; qishloqlargacha yetib borardi. Ifodalashga kirishganimiz – mazkur jurnalda Omon Matjonning turkum she'rlari yoritilgani, bitiklardan hayratlanganim esimda. Ikki-uch marotaba o‘qishim barobarida ayrim parchalar idrokimga muhrlangan: 

Men ishqimni aytolmasam o‘zingga, 

Baland toqqa chiqib solay hayyo-hu. 

Poying uzra daryo bo‘lib to‘lg‘onsin 

Cho‘qqilarning boshidagi oq uyqu. 

She'rning ohanggi, obrazlari o‘sha davr qarichi bilan o‘lchanganida mutlaqo yangilik edi. Eng muhimi, shoir ijodidagi romantik pafos o‘sha zamon insonlarining umumiy kayfiyatiga mos tushgandi. Xususan, ishq-muhabbat temasidagi she'rlari. Zabardast shoirning “Seni yaxshi ko‘raman” otlig‘ kitobi qisqa vaqt mobaynida ikki marotaba chop etilgani fikrimiz dalilidir. 

Yuqoridagi parcha yakuni: 

Aytolmayin chekib ohu nolalar, 

Qo‘yar bo‘lsam yerga ko‘ksim nogahon 

Yuragimdan xabar topgan lolalar 

Faryod urib qirga chiqsin – bag‘ri qon. 

Bu misralarni kitob qarab ko‘chirayotganim yo‘q. Yodimga tushganlari… Ataylab yodlamaganman. Agarda biron shoirning she'rlarini atayin yodlamasangizu idrokka o‘rnashsa, bu xususiyat asar sehru-jodusidan darak beradi. 

Ustoz Omon Matjon bilan 2020 yilning 27 fevralida ko‘rishganmiz. Yodimda, hofiz og‘amiz Shermat Xo‘ja: “Moliya institutida tadbirimiz bor. Qatnashsangiz…” degan. Do‘stlarga xabar berdik. Anjuman ko‘tarinki ruhda kechdi. Shermat og‘aga kattakon guldasta sovg‘a qildilar. “Mavridi kelib turibdi. Omon akaning uyiga boraylik. Qolaversa, o‘n to‘rtinchi fevralda tug‘ilgan kuni edi. Guldastayam bor” dedim. “Xo‘p”. 

Og‘a, Shukur Jabbor, kamina – uchovimiz moshinda yo‘lga tushdik. Ko‘chasiga burilganimizda bir mashina taqqa to‘xtadi. Ustozning o‘g‘illaridan biri (Diyormi, Elyormi) ekan. Bizni tanib qoldi chog‘i, quvonib ko‘rishib ichkariga boshladi. 

Xayolimdan: “Omon aka meni tanirmikan?” qabilidagi so‘roq “yilt” etib o‘tdi. Negaki, ustozning xotirasi pasayib boryapti, ba'zi oshnalarini tanimayapti, qabilidagi mish-mishlar quloqqa chalinuvdi. Tanidi. “Bahromboy, bu ne, yo‘q bo‘lib ketdingiz?” deya mutoyiba qildi. 

Bundan buyog‘i internetdagi videoda bor. Shukurboy har bir detalni nazardan soqit qilmay, videoga olgan. Ayni shu diydorlashuv oxirgisi ekani xayolimizga ham kelmagan. Chunki, ustozning kayfiyati baland, ko‘rinishi tuzuk edi. Faqir koronavirus xastaligiga chalinib, shifoxonada mahzun alpozda yotganimda noxush xabarni eshitdim. Va beixtiyor ulug‘ shoir bilan qandoq tanishganlarimiz, birga ishlaganlarimiz miyam qavatlaridan kinolavha yanglig‘ o‘ta boshladi. 

To‘g‘ri, Erkin Vohidov bir taraf-u, Abdulla Oripov bir taraf. Ammo, Omon Matjon she'riyati ruhini, shirasini o‘smirligimdan boshqacha qabul qilardim. Chunki, u inson bizga qo‘shni tuman – Gurlandan yetishib chiqqan edi-da! Eldoshlikni, tilu dil yaqinligini mahalliychilikka yo‘ymaslik joiz. Alhol, poetik tilda tuproq va havo, suv o‘ziga xos jilolanadi. Nazdimda, Omon Matjon she'riyatida qishlog‘imizni kesib o‘tadigan Ro‘zimyopning loyqa, yog‘dek mayin, yoqimli suvlari aks etayotgandek; oq tutlari-yu nozvogullari, qolaversa, yop bo‘yida gurkirab o‘sayotgan bo‘yonlarning hidlari mavjlanayotgandek tuyulardi. Boisi shulki, uyimizning orqasidagi bog‘imizdan ibtido topadigan paxtazorni “qo‘riqlab turadigan” Ro‘zimyop qoshidan o‘tadigan yo‘lni “Gullan yo‘li” deyishardi; Gullan deyilganda 1970- yillardan e'tiboran Omon Matjon tushuniladigan bo‘ldi. 

Aniq-tiniq esimda qolmagan: 1973 yilmidi yoxud 1974, dadam televizor ko‘rib o‘tirib, ilkis: “Ana u yigit o‘zimizning Gullandan, zo‘r shoir” deb qoldi. Yugurib borib ekran qarshisidan joy oldim; u navqiron yigit ovozini jaranglatib, she'r o‘qirdi; she'rini tugallagach, tevaragidagi yirik gavdali shoirlar nimadir dedilar; gullanli esa ta'zim qilib qo‘ydi. 

Keyinroq o‘sha shoirning quyidagi satrlari xayollarimda gavdalandi: “Xivada qal'a bor qal'a ichinda, / Biri – Ichon qal'a, birisi – Deshon, / Mashhurdir birining nomi ochunda, / Biri nurab yotar benazar, beshon”. Xullasi kalom, mumtoz shoir Muhammad Rizo Ogahiy (1809- 1874) fanoni tark aylaganidan so‘ng oradan yuz yil o‘tib Xorazm adabiy muhiti osmonida yana bir yirik, porloq yulduz jilo taratib, jabha oldi: bu yulduzning ismi Omon Matjon edi. Zotan, 1993 yilda zabardast ustozimiz “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni ila taqdirlanganida o‘sha voqelik rasman dalillangandi. 

Uning “Ochiq derazalar” (1970), “Karvon qo‘ng‘irog‘i” (1973), “Quyosh soati” (1974), “Yonayotgan daraxt” ( 1977), “Yarador chaqmoq” (1979), “Haqqush qichqirig‘i” ( 1979), “Seni yaxshi ko‘raman” ( 1981), “Daraxtlar va giyohlar” (1984), “Gaplashadigan vaqtlar” (1986), “Ming bir yog‘du” ( 1989), “O‘rtamizda birgina olma” (1990), “Qush yo‘li” (1993), “Imon yog‘dusi” (1994), “Saylanma” (1997), “Ardaxiva” (2001) kabi yigirmadan ortiq kitoblari nashr etilgani sermahsulligidan darak beradi. Yana u jahonning mashhur shoirlaridan biri Yevgeniy Yevtushenko bilan oshino tutingan edi; Yevtushenko Omon Matjonning rus tilida chiqqan “Zov Feniksa” otlig‘ to‘plamiga so‘zboshi bitib ustozni Sergey Yesenin bilan taqqoslagan, bir nechta she'rlarini taglama orqali rus tiliga o‘girgan edi. Ha, darvoqe, sobiq ittifoq televideniesida namoyish qilingan bir ko‘rsatuvda Omon Matjonning Yevtushenko bilan yonma- yon turib, she'rlarini o‘qiganini ko‘rganman. Yevtushenkoning “Santyago kabutari” she'riy asarini O. Matjon shunday “erkalanib” tarjima qilganki, xorazmcha shevadagi so‘zlardan ham unumli foydalangan. Boshlamasiga qarang-a: “Tanning bir qop suyak bo‘lib ming charchagani, / Arzimagan gapdir ruhiy charchoq oldida”. Binobarin, o‘z davrining eng mashhur shoiri hamda tarjimoni maqomida ustoz tarixga muhrlangan. 

Endi o‘sha davrlar shirin xotiralarga evrildi. Zotan, o‘n besh yillikda millat o‘z shoirlarini g‘oyatda qadrlagan, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon doxil professional shoirlarini ko‘klarga ko‘targan edi. So‘ng esa negadir maddohsifat qalamkashlar So‘z maydoniga otilib chiqdilar; poetik tili nisbatan soddaroq, jo‘nroq bu toifadagi shoirlar rasmiy doiralarga ham, ommaga ham birdek ma'qul ko‘rildi. Omon Matjon, hattoki, Abdulla Oripov uzlatga chekingan yanglig‘ chekkaga surildilar. Matbuot qo‘mitasi, Yozuvchilar uyushmasi, badiiy gazeta va jurnallar shu rovishga, tuzilmaga monand o‘zgardilar. Omon aka shuni bilib, fahmlab Navoiyga muxammas shaklida yozganidek: 

Charx avzoyi bu dam avvalgilarg‘a o‘xshamas, 

Kotib-u davru raqam avvalgilarg‘a o‘xshamas, 

Endi inson qadri ham avvalgilarg‘a o‘xshamas, 

Ko‘nglum ichra dard-u g‘am avvalgilarg‘a o‘xshamas, 

Kim ul oyning hajri ham avvalgilarg‘a o‘xshamas. 

“Avvalgilarg‘a o‘xshamasligi” tayin edi; mantiqqa muvofiq edi. Negakim, tutqunlik erasi barham topgach haqiqatparastlarga ehtiyoj sezilmadi; rasmiylarning ko‘ngli sokinlikni tilar va o‘shandan huzur topardi. Qolaversa, el-ulus ham o‘z tirikchiligi bilan andarmon bo‘lishga tutingan; ko‘rsichqon yanglig‘ bir qatlam uyasida tuproq kavlardi go‘yo. Suv loyqalanayotganini oldindan ilg‘agan chog‘i Omon aka shularni yozgan: 

Suhbatdosh, gapimiz hech qovushmadi, 

Go‘yo boshqa-boshqa biz turgan makon, 

Yo men – o‘z g‘amida yurgan yo‘lchiman, 

Yo sen – endi indan chiqqan ko‘rsichqon. 

Og‘zi ola ming jon el bo‘lolmaydi, 

El bo‘lar mehrlig‘ ikkita odam. 

Bir ko‘na vulqon bor ichingda, bildim, 

Dud-quyqum puskurging kelar damodam. 

Bildimki, el kimni sal yaxshi ko‘rsa, 

Bu sening dilingni soladi g‘ashga: 

Omonku hech gapmas! 

“Erkin, Abdullang, 

Fu-v…” deysan,- “Bir-ikki she'ridan boshqa…” 

Avvallari undoq emas edi. Avvallari bu yanglig‘ takabburlikka javob tariqasida nazm fanatlari alarning yoqalariga yopishardilar. Aniq-tiniq yodimda: 1978 yilning kuzagi… ToshDU jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan paytimiz. Talabalar orasida ovoza tarqaldi: “Nizomiy pedinstituti zalida Omon Matjonning she'riyat kechasi bo‘larmish; tadbir to‘laligicha televidenieda ko‘rsatilarmish”. Bir tarafi “tirik shoir”ni ko‘rish, ikkinchi tarafi televizor ekranida ko‘rinish berish istagi faqirni pedinstitut tomonga tortdi; ustiga ustak, ijara hovlimiz mazkur oliygohga yaqin edi – Beshog‘ochda, Shpilkovskiy ko‘chasi, 37- uy… Trolleybusda ikki- uch bekat… Shonazar degan qishloqdoshimga aytsam, “tilizo‘rda chiqarsalar boraman” deyarak yo‘lga shaylangan. 

Kattakon zal. Nina otsalar polga tushmaydi – tumonat odam. Bu alpozni oldindan sezganimiz uchun belgilangan vaqtdan yarim soatcha avval o‘rinlarni band etdik. Parda qayrildi-yu yaltiroq qora barxit kostyum-shim kiygan, ixchamgina galstuk taqqan, sochlari orqaga taralgan odam sal-pal ko‘rindi. Zal qarsaklardan larzaga keldi. Shunda Omon Matjon dadil qadamlar ila yurib, sahna o‘rtasiga kelib, yig‘ilganlarga ta'zim qildi. Bu gal olqishlar yanada uzoqroq davom etdi. Shoir nim tabassum qilganicha shovqin tinishini kutib turdi. So‘ng esa hech hayajonlanmasdan, viqor bilan, dona-dona qilib gapirishga tushdi: “Azizlar! Men bu zalda bundan o‘n yil muqaddam, Samarqand davlat universiteti studenti ekanimda she'r o‘qigan edim. Mana bugun…”. Zal xuddi nafasini yutgandek jim edi; pashsha uchsa qanotining tovushi eshitilardi. Shu zaylda shoir talabalik yillarini, domlalarini eslab o‘tdi-da, shirali ovozda nazm bazmini boshladi. Qancha she'r o‘qilgani esimda yo‘q. Esimda qolgani shuki, zal ahli qayta-qayta she'r so‘rardi; zal ahlining shoirni sahnadan qo‘yib yuborgisi kelmasdi. “Endi savollarga navbat bersak”,- deya jilmaydi shoir. “Yozma ravishda bo‘lsin!”. Sahna sari qog‘ozlar uchirma qilindi. Ko‘pchilik she'riyat, muhabbat, sadoqat mavzulariga qiziqdi. Bir savol shundoqqina yodimda qoldi: “Omon aka! Qaysi asaringizni ijodingizdagi cho‘qqi deb bilasiz?”. Shoir qisqa qildi: “Hali cho‘qqi sanashga erta”. 

Shundan keyin shoirdan dastxat olish umididagi yoshlar sahnada turnaqator bo‘ldilar. Men ham malla muqovali bloknotimdan sahifa ochib hayajonu hayrat ichra aktyorsifat insonga yaqinlashdim. U: “M.Omon” deya dastxat bitdi. Bu – Omon Matjon bilan ilk ko‘rishuvimiz edi. 

Uch- to‘rt soatning nari-berisida voqelikka ko‘chgan nazm kechasi, nazdimizda, tez yakun topganday bo‘ldi. Romantik kayfiyatda tashqariga chiqdik. Allaqachon tun cho‘kkandi. Tiqilinch trolleybusga o‘zimizni urdik. Barisi biz tengi yosh-yalang. Xushsuvratgina bir qiz ko‘zlariga tikilib turgan yigitga buxorocha lahjada so‘z qotdi: “Amon Matjon yigirma besh yoshlarda bordir?”. “Bordir” dedi yigit ham kiprik qoqmay. Darhaqiqat, u ancha yosh ko‘rinardi. Aslida o‘ttiz beshdan oshgan edi. 

1980 yil… Abduvali Qutbiddin, Abdul Jalil, Abdimajid Azim kabi kursdoshlarimiz birin- ketin “Yoshlik” almanaxida ko‘rinish bergach, faqir ham buyuklar oshiyoni – G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotiga serqatnov bo‘ldim. Kursdoshlarim e'tirof etishlaricha, nomer birinchi she'rshunos Ibrohim G‘afurovga yozganlarimni taqdim qildim. Ancha- muncha qatnadim. “Durust” dedi-yu, almanax yoxud bayoz borasida gapirmadi. Xullas, eldoshim-ku axir, ko‘magi tegib qolar, shaklidagi umidvorlik ila “Ko‘p jildli asarlar redaktsiyasi” yozuvlari bitilgan eshikni qoqdim. Ichkaridan: “Kiring!” deyildi. Omon aka kattakon piyoladan choy ho‘plab o‘tirgan ekan. Ko‘rishdimu kresloga cho‘kdim: “She'rlarimni opkegandim. Men o‘zim Xorazmnanman. Shovotdan…” dedim yarim toshkentcha – yarim xorazmcha. “Ha-a-a! Qaerda o‘qiysiz?” dedi shoir. “ToshDUda, jurnalistikada”. “U yerda o‘qiydigan ko‘p studentlar kep turibdilar. Mayli. Bering papkangizni. Vaqt topib, o‘qib qo‘yarman, fikrimni aytarman”. 

Qo‘llarim qaltirar, hayajonlanardim; tezroq xonani tark etgim kelardi. Zo‘r qiziqish tuyg‘ulari ko‘ngilda mavj urgani hanuz yodimda. She'rlarim to‘g‘risida Omon Matjon nima der ekan-a? 

1983 yilning bahorida “Omon Matjon she'riyatining leksik xususiyatlari” mavzusida diplom ishimni yozib, qo‘lyozmasini qahramonimning e'tiboriga havola etdim. “Durust” dedi-yu she'rlarim to‘g‘risida lom-lim demadi. 

1986-1989 yillar mobaynida Omon akaning taklifiga binoan u bosh muharrir lavozimida ishlayotgan “Yoshlik” jurnali tahririyatida avval texnik muharrir, keyinchalik she'riyat bo‘limi mudiri vazifalarida mehnat qildim. 1989 yilning yoz oylaridan birida o‘z arizamga binoan ishdan bo‘shab, qishlog‘imga “surdim”. Omon Matjon saboqlari asnosida ijodimga talabchanlik tuyg‘ulari boyidi. Pirovardida, o‘sha papkani so‘rab-surishtirmadim. Ustozning sukutini javob o‘rnida qabul qildim. Uning so‘roviga binoan turkum she'rlarimni tayyorlab, qo‘liga tutqazdim. Uch marotaba chiqish qildim “Yoshlik”da… 

Darvoqe, Toshkentga qora tortib borishimga Omon Matjonning “Yoshlik” jurnali sahifasiga bitgan dastxati sababchi bo‘lgan edi. “Yoshlik”dagi ilk chiqish Bahromboyga katta yo‘lning suyunchisi bo‘lsin” qabilida yozuv muhrlagandi u. O‘sha jurnalni saxovatpesha ustozimiz Matnazar Abdulhakim poytaxtdan olib kelgandi. 

… 1990 yil edi; “Sovet paxtakori” (Shovot tuman gazetasi) tahririyatida “javlon urayotgan” kezlarim. Qasnog‘i katta antiqa shapka kiyib, shoir Davron Rajab kabinetimizga kirib keldi; kulimsirab: “Omon aka berib yubordi” deyarak bir papkani qo‘limga tutqazdi. Tanish papka… Ichini ochib ko‘rsam, qog‘ozlar o‘zaro yopishib, preslanib qolg‘on ekan; go‘yoki ming yildan beri varaqlanmagan kabi. Bu o‘sha, simvolizm oqimiga mansub she'rlarim edi. Omon akaning saqlab qo‘yganiga ofarin dedim ichimda. 

Badia avvalida yozganimday, hayotining so‘nggi yillarida ustozning xotirasi ancha-muncha pasayib bordi. Shundayam gap orasida Bog‘olon qishlog‘idagi “Yoshlik bog‘i” xususida so‘ylab qo‘yar, “Ne-ne mashaqqatlar bilan ko‘chat obkeltiruvdim; noyob ko‘chatlar edi” derdi. Yodimda, 1989 yilning yoz oylari; viloyat ziyolilarini, xususan, shoiru nasrnavislarni Bog‘olon qishlog‘iga chorladilar. Omon aka bog‘ yaratgan ekan. O‘sha “Yoshlik” bog‘ini Adiblar uyi deyish ham mumkin edi. Inshootlarni, nihollarni ko‘rdik. Kutubxonani… Yodimda, tantana boshlanishidan avval davlat arbobi Marks Jumaniyozov Omon aka bilan viqor ila o‘tib ketgan edilar. “Yoshlik” bog‘ining taqdiri nima bo‘lgan – masalaning bu tarafi bizga qorong‘u. Fermerlarga sotib yuborishdi, dedilar; uzumzorga aylantirildi dedilar. Yoru birodarlarining aytivugiga qaraganda, ustoz qarilik faslini o‘sha bog‘ hovlisida o‘tkazmakni niyat qilgan ekan. 

Shundoq yozgan: 

Olis yulduzlarga sirrim aytmiram, 

Nolishimni tonggi yel bilsa bo‘ldi. 

Ucharga har qushdan par topinmadim, 

Parvozlar hadisin dil bilsa bo‘ldi. 

Minglab muxlislar, ya'ni nazm shinavandalari Omon Matjon degan shoirning kimligini, dil rangini, parvozini bilib, anglab, yodida saqlab qoldilar. Shuning o‘zi abadiyatdan mujdadir. 

ILOVA: Joriy yilning 14 fevralida Tog‘- kon, geologiya va xavfli ishlab chiqarishni nazorat qilish inspektsiyasi zalida buyuk mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga atab anjuman o‘tkazildi. Mazkur anjumanda hofiz va shoir Shermat Xo‘ja qatnashib, muxtasar ma'ruza qildi. Boburning “Bahor ayyomidur, dog‘i yigitlikning avonidur” hamda Omon Matjonning “Umr o‘tar” sarlavhali qo‘shiqlarini maromiga yetkazib kuyladi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari Joziba va Rahmon Xojimurodlar Bobur shaxsiyati, ijodi xususida gapirish asnosida tavalludiga 80 yil to‘lgan Omon Matjon to‘g‘risida ham alohida to‘xtalib o‘tdilar. 

Bahrom Ro‘zimuhammad

Tag‘in o‘qing
6 oktyabr 2016
6 oktyabr kuni ertalab militsiya xodimlari tomonidan ushlangan fotograf Temur Karpov bilan birga Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani paxta dalasida, ...
26 mart 2020
Koronavirus nima?  Viruslarning keng tarqalgan oilasini tashkil etuvchi koronaviruslar odam va hayvonlarda kasallik qo‘zg‘atishi isbotlangan xususiyatlarga ega. Qator koronaviruslar ...
11 mart 2020
Bir guruh o‘zbek faollari 11 mart kuni Shveytsariya hukumati va mas'ul idoralariga marhum prezidentning katta qizi Gulnora Karimova o‘g‘irlagan ...
28 aprel 2016
«XXI asr» gazetasi O‘zbekiston prezidentining Vazirlar Mahkamasining 2015 yil yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustivor ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...