Document UZ
26 oktyabr 2020

Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi xodimi rost xabarga nega yolg‘on bayonot berdi?

Ko‘rayotganingiz Afg‘oniston yoki Somalidagi maktab emas. Bu 2020 yilning oktyabr oyida o‘zbek o‘quvchilari ta'lim olayotgan maktab.  Ijtimoiy medianing o‘zbek segmentida avvaliga bu maktabning rasmi, keyin esa videosi tarqaldi.

Videoda Chiroqchi tumanining Olmazor qishlog‘ida joylashgan 61-maktab o‘quvchilari  xarob ahvoldagi binoda dars o‘tayotgani aks etgan. «Eltuz»ga taqdim etilgan videoda beshinchi va yettinchi sinflarga dars o‘tilayotgan holat tasvirlangan.

Ammo o‘zbek ijtimoiy mediasini junbushga keltirgan bu videoga rasmiylar qanday munosabat bildirdi?

Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi bo‘limi ushbu videoni uyushtirilgan, deya baholadi. Rasmiylar o‘z ayblarini tan olish o‘rniga, “bu montaj”, deya rasmiy bayonot berishdi.

Bayonotga va tahririyatimizga kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘sha dars o‘tilgan xonalar chiqindiga to‘la. Rasmiylarning aytishicha, u yerga odam kirmagan.

Mulozimlar  dars jarayonlari to‘liq yangi binoda o‘tmoqda, deya iddao qilishdi.

Qisqa vaqt ichida maktab direktori yangi maktab binosi bilan tanishtirgan video yutubda e'lon qildi.

«Eltuz» muxbiri dars jarayoni aks etgan video bo‘yicha rasmiylardan aniq  ma'lumot ololmadi. Maktab rahbariyati voqea tafsilotlari bilan o‘rtoqlashgisi kelmadi.

Shundan so‘ng «Eltuz» muxbiri Olmazor qishlog‘i turg‘unlari bilan bog‘landi.

Qishloq aholisining «Eltuz» gaplashgan vakillariga ko‘ra, maktabning ta'mirlangan yerlarida ham hali kamchiliklar mavjud. Bino bitmagan. Bolalar  eski binoda  o‘qigan.

«Eltuz»ga taqdim etilgan ko‘rayotganingiz videoda bolalarning eski maktabda o‘qiyotgani o‘z tasdig‘ini topgan.

Ammo nega Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi noto‘g‘ri ma'lumot berdi? Javobni Xalq ta'limi vazirligidan kutamiz.

Bundan oldin «Eltuz» Enamyaxshi qishlog‘idagi maktab bilan Toshkentdagi super ta'mirlangan maktabni solishtirib video qilgan edi.

Bilgichlarning aytishicha, Toshkentdagi 110-maktab dunyodagi eng qimmat ta'mir bo‘yicha barcha rekordlarni ortda qoldirgan.

7 yulduzli mehmonxonalar ham orzu qiladigan unitazlar o‘rnatilib, italyan marmari qoplangan hojatxonalar va barmog‘ing bilan silasang gapiradigan smart doskalar. Aqlli bo‘r va oltin durbinlarda Mars sayyorasi ko‘rinadigan rasadxona, planetarium.

Svorovskiy javohirlari bilan bezatilgan qandillar. Birdaniga 200 bola cho‘miladigan, Florentsiyadan keltirilgan marmar qoplangan hovuz.

Mana bu esa Enamyaxshi qishlog‘idagi maktab. O‘zbekistondagi Enamyaxshi qabilidagi 10 mingta maktabga Alisher Burxonich usulidagi bitta hashamatli maktab to‘g‘ri keladi.

Yaqinda sobiq deputat Qobil Do‘sov ta'lim tizimini tanqid qilgani uchun xalq ta'limi vaziri Shermatov tarafidan sudga berilgan edi.

Endi yana solishtiramiz. Bu Chiroqchidagi maktab. Mana bu esa Toshkentdagi. Ikkalasi ham rasman bir maqomda. Ikkalasida ham O‘zbekiston vatandoshlari o‘qiydi. O‘zbekistonda qashshoq boradigan va boyning bolasi boradigan maktab deya kastalarga ajratish qoidasi rasman yo‘q. Qolaversa, konstitutsiya bunga izn bermaydi. Ammo amalda buning teskarisi.

O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri janob Sherzod Shermatov, sizdan bu borada izoh so‘raymiz.

Zero, masala O‘zbekistondagi ta'limning tabaqalashuvi va kelajakdan mahrum qilingan yosh avlod haqida bormoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 dekabr 2019
7 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev, har yilgi an'anaga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda nutq so‘zladi. ...
4 noyabr 2023
O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotgan X Factor xalqaro teleshou hakamlaridan biri Madaniyat vaziri muovini Bahodir Ahmedovni o‘zi va hamkasblariga nisbatan ...
20 iyul 2017
13 iyul kuni Izmirning Dikili tumanida qadimiy Rim davriga oid tarixiy asarlarni o‘g‘irlab ketayotganlikda ayblangan O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan N. ...
6 iyul 2017
Prezident Mirziyoevning 29 may kungi qarori bilan «O‘zbekenergo» 6 562 nafar elektromontyorni, «O‘ztransgaz» esa 4 255 nafar gaz tekshiruvchini ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...