Document UZ
23 yanvar 2024

Putin O‘zbekiston mulklariga ko‘z tikmoqda

2024 yilning 18 yanvarida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘tmishda Rossiyaga tegishli bo‘lgan, sovet ittifoqi qulaganidan so‘ng mustaqil mamlakatlar tasarrufiga o‘tgan, shu jumladan Chor imperiyasi davridagi xorijiy ko‘chmas mulklarni qidirib topish, ro‘yxatga olish va huquqiy himoya qilish uchun mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, bu masala bilan Rossiya prezidenti departament boshqaruvi va Rossiya tashqi ishlar vazirligi shug‘ullanadi.

Ya'ni shu paytgacha rus shovinistlari tilidan aytib kelinayotgan Rossiyaning sobiq mustamlakalarini jumladan O‘zbekistonni qayta ishg‘ol qilish kabi dahanaki tahdid, endilikda amaldagi rasmiy farmon shaklini oldi va moliyalashtirildi.

Rossiya prezidentining bunday keskin yo‘l tutishiga sabab nima edi? Taniqli o‘zbek tahlilchisi Alisher Taksanov ko‘ra, Rossiyaning bunday tahdidi, Yevropa komissiyasining muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan 300 milliard dollar mablag‘ni Ukraina manfaatlari yo‘lida ishlatish taklifiga javoban amalga oshirilmoqda.

“Yevropa davlatlarining ushbu harakatlarga javoban Kreml mumkin bo‘lgan sud jarayonlari bilan tahdid qildi va Rossiya aktivlari musodara qilingan taqdirda, ayni shaklda javob qaytarilishini va'da qildi», deya izohladi vaziyatni Taksanov.

Ya'ni Putin qo‘rqoqning kuchi yapaloqqa yetibdi tarzida ish tutib SSSR va Rossiya imperiyasi davrida bosib olingan hududlarida qolgan mulklarni qaytarmoqchi.

“Bu O‘zbekistonga ta'sir qilmaydi deb o‘ylasangiz, adashasiz”, deya yozdi Taksanov o‘zining feysbukdagi sahifasida.

Chor Rossiyasi va SSSR paytida Rossiyaning O‘zbekistonda qanchalik mulklari borligi haqidagi ma'lumotlar ancha mavhum. Biroq Taksanov 1990 yilda korxonalarning bo‘ysunish shakllari bo‘yicha sanoat ishlab chiqarish hajmi to‘g‘risidagi ayrim ma'lumotlarni topganini bildiradi.

“Demak, ittifoqqa bo‘ysunuvchi sanoat O‘zbekistonda jami mahsulotning 35 foizini, O‘zbekiston SSR Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunuvchi korxonalar esa 65 foizini tasarruf qilgan. Shundan 2 foizi ittifoqdosh respublikalar va 63 foizi esa respublikaga qarashli ishlab chiqaruvchilar ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu degani mamlakat mulkining uchdan bir foizidan ko‘prog‘i Moskvaga tegishli ekanligini ko‘rsatadi.

Ammo o‘sha paytda u RSFSRning mulki emas, balki faqat Markazning, ya'ni Sovet ittifoqining mulki hisoblangan.
1991-yilning 4-dekabrda sobiq ittifoqqa voris davlatlar SSSRning tashqi davlat qarzlari va aktivlari bo‘yicha meros to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

O‘shanda Sovet ittifoqi aktivlari – SSSRning o‘z hududidan tashqaridagi ko‘chmas va ko‘char davlat mulklari, oltin-valyuta fondlari va zaxiralari, chet eldagi investitsiyalar, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar yoki xorijiy mamlakatlarning SSSR oldidagi turli moliyaviy majburiyatlari aniqlandi.

Shu tarzda Rossiya SSSRning huquqiy vorisi sifatida belgilandi. Qarz ulushlari yagona jami ko‘rsatkich bo‘yicha aniqlandi: Jumladan RSFSR – 61,34%; Ukraina – 16,37%; Belarusiya – 4,13%; O‘zbekiston – 3,27%; Qozog‘iston SSR – 3,86%; Gruziya – 1,62%; Ozarbayjon – 1,64%; Litva – 1,41%; Moldova – 1,29%; Latviya – 1,14%; Qirg‘iziston – 0,95%; Tojikiston – 0,82%; Armaniston – 0,86%; Turkmaniston – 0,70%; Estoniya – 0,62%.

Ammo O‘zbekiston bu hujjatni imzolashdan bosh tortdi. Bu Toshkentning tashqi qarzlarini tan olmasligi va Moskvani SSSRning huquqiy vorisi deb hisoblamasligini anglatardi.

Boltiqbo‘yi davlatlari, Ozarbayjon, Moldova va Turkmaniston ham bu hujjatsha imzo chekmagan. Ya'ni, 7 respublika bu hujjatni rad etdi. Mixail Gorbachyov hujjatni Ittifoq nomidan imzolagan, ammo bu holat ham nonsens edi, chunki imzolash vaqtida u allaqachon respublikalar nomidan ish ko‘rish uchun hech qanday vakolatga ega emas edi.

«Chunki O‘zbekiston 1991 yilning 31 avgustida o‘z mustaqilligini e'lon qilgan va Gorbachevni allaqachon mamlakat raxbari deya hisoblamasdi. Va unga hujjatlarga imzo qo‘yish huquqini ham o‘tkazmagan edi. Boshqa respublikalar ham o‘sha paytda ayni shunday hisoblashgan», deya yozadi Taksanov.

Biroq, u shuningdek, sal keyinroq Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston o‘rtasida SSSR qarzlaridan kechish bo‘yicha tag‘in turli shartnomalar imzolangani haqida eslaydi.

Xususan, Rossiya Federatsiyasi bilan O‘zbekistonning SSSR qarzlari ulushidan, O‘zbekistondagi Horijiy aktivlarni Rossiyaga o‘tkazish evaziga voz kechish to‘g‘risida ikki tomonlama “nol variant” deb atalgan shartnomalar tuzildi.

Natijada Toshkent mamlakat hududida bo‘lgan boshqa xorijiy davlatlarning ittifoqdosh korxonalardagi vorislik ulushini yo‘qotdi.

“Men 90-yillarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida ishlaganman va SSSRning mulklari va majburiyatlariga oid jarayonlar qanchalik og‘ir kechganini eslayman. Biz dengiz flotining bir qismidan, yadro qurolidan voz kechdik (garchi bizda ham bunga egalik qilish huquqi bor edi), poezdlar va samolyotlar floti bilan bog‘liq muammolar mavjud edi.

Ammo qandaydir tarzda ular buni hal qilishdi. O‘zbekistonning ulushi, adashmasam, respublika tashqi qarzining ulushi, ya'ni 3,27 foiz qilib belgilandi.

«Muammo shundaki, Islom Karimov moskvalik ekspertlarning hisob-kitoblarini tan olmadi, chunki O‘zbekistonning tashqi kreditlardan biror narsa olgani yoki foyda ko‘rgani haqida hech qanday ma'lumot yo‘q edi. Lekin mulkchilik ulushi boshqa masala edi, lekin bu yerda Toshkent Ittifoq ko‘rsatkichlariga kirish imkoniga ega emas edi va shuning uchun bizning SSSR mulkiga bo‘lgan huquqimizni aniqlash qiyin edi” deya eslaydi Taskanov o‘z maqolasida.

U shuningdek, boshqa kelishuvlarni. Masalan, 1993 yoki 1994 yillardagi Bishkekdagi  kelishuvlarni eslaydi:

Bu kelishuvlarga ko‘ra:

1. Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan, lekin sobiq SSSRning boshqa davlati hududida joylashgan korxona va muassasalar respublika mulki bo‘lib hisoblanadi.
Boshqacha aytganda, 1992 yil boshlariga kelib, Rossiya hududida Toshkent mablag‘lari hisobidan qurilgan 100 dan ortiq ishlab chiqarish va ijtimoiy ob'ektlar (yog‘ochni qayta ishlash zavodlari, mehmonxonalar, sanatoriylar, ko‘rgazma majmualari va boshqalar) mavjud edi. 1990-yillarning notinch davrida ularni boshqarish qiyin edi (hamma narsa Rossiyadagi uyushgan jinoiy guruhlar nazorati ostida qolgan, qo‘shimcha ma'muriy to‘siqlar ham mavjud edi), shu bois Islom Karimov qo‘shni mamlakatlardagi mulklarning barchasini sotishni buyurdi. U shu yo‘l bilan bosh og‘rig‘ini yengillashtirmoqchi bo‘ldi, chunki bu mulklarning barchasini boshqarish ham unga muammoli bo‘lib tuyuldi. ustiga ustak Rossiya Federatsiyasi Mulk qo‘mitasi bilan muttasil sud mashmashalari ham kutilayotgan edi.
2. Agar korxonalar SSSR byudjeti hisobidan tashkil etilgan bo‘lsa va respublikalar hududida joylashgan bo‘lsa, u holda bu mulklar respublikalar mulkiga aylandi. Ya'ni, Moskva ularga Ittifoqning huquqiy vorisi sifatida da'vo qila olmaydi. TAPOiCh, Algoritm, TTZ kabi korxona va zavodlar, kon-metallurgiya kombinatlari allaqachon o‘zbeklarniki hisoblangan edi. To‘g‘ri, ularning aksariyati tugatildi, chunki texnologiya ancha qoloq va jahon bozorida raqobatbardoshligini yo‘qotgan, foydani taqsimlashdagi hamkorlik va logistika zanjiri ham uzilgan edi.

Rossiya imperiyasining O‘rta Osiyo hududidagi mulkiga kelsak, ular (banklar, temir yo‘llar, zavodlar, arsenallar, kazarmalar, ma'muriy binolar va boshqalar), allaqachon sovet davrida respublika mulkiga aylangan edi.
Shu bois, Chor davridan qolgan mulkni qidirish hozirgi paytda juda ajablanarlidir, ammo Taksanovning ta'biriga ko‘ra, «bu yaxshigina siyosiy kaltak hamdir”.

“Putin har doim o‘zining «kichik ukalariga» ular bir vaqtlar Moskva mulkini o‘g‘irlaganliklarini eslatishi mumkin va har doim unda bu mulklarni “xo‘jayini”ga qaytarish istagi bor.

Agar Toshkent o‘z ritorikasini o‘zgartirib, xalqaro sanksiyalarni va Ukrainaning erkinligi va uning mustaqillik uchun kurashini qo‘llab-quvvatlay boshlasa, u holda Rossiya Federatsiyasi hududidagi Rossiya imperiyasi va SSSR davridagi mulklaridan benasib bo‘lishi mumkin” deya hulosa qiladi Taksanov.

Ya'ni Putin yangi farmonni imzolash orqali Yevropada muzlatilgan aktivlaridan ko‘rgan zararini sobiq imperiyaning zaif mustamlakalaridagi mulklarni qaytarib olish bilan to‘ldirmoqchi. Bu huddi, yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi degan naqlni eslatadi.

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2016
Namangan shahridagi byudjet idoralari va maktab xodimlariga Artel do‘konlarida sotilayotgan lampochkalardan kamida ikki donadan sotib olishga majbur etilayotgani haqida ...
30 mart 2021
Muzrabot tumanidagi sudda ayon bo‘lishicha, termizlik 41 yoshli bloger Sattoriy yillar davomida barcha mulozimlarga dahshat solib kelgan. «Eltuz» rassomi ...
15 iyun 2016
15 iyundan 25 iyungacha, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmanistondan O‘zbekistonga odamlar, yuklar va transport vositalarining o‘tishi to‘xtatiladi. O‘sh viloyatining ...
1 avgust 2017
Iyul oyida O‘zbekiston televideniesi hayotida ro‘y bergan eng muhim hodisa, shubhasiz, «O‘zbekiston 24» telekanalining faoliyat boshlagani bo‘ldi. Garchi mamlakat ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...