Asosiy mavzular
15 mart 2018

To‘ylarni tartibga solish qarori muhokamaga qo‘yildi

Prezident Mirziyoev tanqidi ortidan 15 mart kuni «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror muhokamaga qo‘yildi.

Mazkur qaror muhokamasi yuzasidan «Eltuz» nashriga intervyu bergan xorazmlik shoir Mahmud Rajab ham prezidentning to‘ylarni ixchamlashtirish taklifini ma'qullashini bildirdi.

«Isrofgarchilik barakani qochiradi. To‘yda to‘kib yegandan uyda bo‘kib yegan afzal», deydi u bugungi o‘zbek to‘ylaridagi isrofgarchilikni nazarda tutib.

Hukumatning «normativ hujjatlar» muhokamasiga bag‘ishlangan saytiga qo‘yilgan Oliy Majlis Senati qarorida «oilaviy tadbirlar»da cheklanishi zarur holatlar qayd etilgan.

Xususan, qaror loyihasiga ko‘ra, soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

To‘y-hashamlar soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlari esa soat 12:00 dan 15:00 gacha o‘tkaziladi.

Oilaviy tadbirda litsenziyaga ega bo‘lgan faqat 1 nafar san'atkor qatnashishi mumkin.

Agar diniy mavzuda ma'ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, buni faqat adliya organida ro‘yxatga olingan din vakili amalgan oshiradi.

To‘ylarda 150 nafar, osh marosimida 200 nafargacha kishi qatnashadi. Dafn marosimi bundan mustasno.

ZAGS payti kelin-kuyovlar korteji 2 ta yengil avtomobil bilan cheklanadi.

Arqonimiz o‘zimizdan bo‘ladimi?

Qaror muhokamasiga 15 kun vaqt ajratilgan va unga 30 martgacha taklif kiritish mumkin.

Masalan, «Normativ hujjatlar» saytida Boymurodov Shuhrat ismli shaxs to‘y qatnashchilari reglamentiga oid «e'tiroz»ini yozgan.

«To‘y va oilaviy tadbirlarda (motam marosimlaridan tashqari) 150 kishigacha, oshlarda 200 kishigacha ishtirok etishi mumkin deb belgilanyapti-ku, lekin nega to‘yxonalarning sig‘imi 200 kishidan oshmasligi belgilanmayapti», deydi u.

Shuningdek, u «soliq idoralariga to‘y va marosimlarda litsenziyasiz xizmat ko‘rsatgan shaxslarga nisbatan nazorat tadbirlarini kuchaytirish»ni taklif etadi.

Ijtimoiy saytlarda ham Senatning to‘ylarni cheklash qarori aksariyat qo‘llab-quvvatlanayotganini kuzatish mumkin. Biroq hamma ham emas. Masalan, o‘zbekistonlik rassom Lola Sayfiy to‘ylarni cheklash mutlaqo noto‘g‘ri ekani haqida yozadi.

Uning fikricha, O‘zbekistonda to‘y an'analaridan artistlar, o‘rtakashlar, floristlar, suratkashlar, operatorlar, tikuvchilar, hunarmandlarning oilalari kun ko‘radi.

«Ularning har biri boy oilaning to‘yida xizmat qilib, ish haqini oilasiga ishlatadi. Oziq-ovqat, kiyim-bosh, dori-darmon harid qiladi. Bolalarining o‘qishi, darsliklarini harid qilishga pul sarflaydi», deb yozadi Lola Sayfiy «Eltuz» nashrida bosilgan o‘z blogida.

Oliy Majlis qarori loyihasi prezident Mirziyoevning to‘ylarni cheklash haqidagi chiqishidan keyin ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi.

«Bosh vazirdan tortib hokimlargacha to‘y marosimlariga borsa qamaladi», degan edi Shavkat Mirziyoev 2 mart kuni ijtimoiy tarmoqda paydo bo‘lgan audiosida.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 noyabr 2017
Bu yil O‘zbekistonda majburiy terimchilar – pedagog, tibbiyot xodimlari va boshqa turli kasblardagi byudjet va xo‘jalik korxonalari xizmatchilari paxta ...
23 avgust 2017
Muhammad Solih shoir va siyosatchi. 1949 yil 20 dekabrda Xorazmning Urganch tumanida dunyoga kelgan. Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakulteti ...
9 noyabr 2015
Qarshi shahar militsiyasi boshlig‘i muovini Akmal Qultoev va IIB jinoyat qidiruv bo‘limining o‘ndan ziyod xodimi, tergov paytida gumonlanuvchiga jinoyatni ...
30 oktyabr 2019
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda paxta dalasida bir yigitning bir ayol bilan og‘zaki janjali aks etadi. Janjal davomida yigit ayolga ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...