Asosiy mavzular
11 dekabr 2018

“Dori-darmon”ni kimlar qarzga botirdi?

O‘zbekistonda dori-darmon savdosi eng daromadli sohalar qatorida qolayotgan bir paytda davlatga qarashli “Dori-darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi qarz botqog‘iga botib bormoqda.

Joriy yilning so‘nggi 11 oyida kompaniyaning sheriklari oldidagi qarzlari 125,4 milliard so‘m, banklar oldidagi qarzlari esa 54 milliard so‘mni tashkil etdi.

“Dori-darmon”ning uchinchi kvartaldagi buxgalteriya hisob-kitoblariga ko‘ra, kompaniya zarari 48,5 milliard so‘mdan oshiqroqdir (5,8 million AQSh dollari).

Moliyaviy ahvoli og‘irlashuvi asnosida “Dori-darmon” besh yil muddatga AQShning United Investment Healthckar Group kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga topshirilgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Okeanorti kompaniyasining vakillari sifatida kelib chiqishi gruzin bo‘lgan amerikalik ikki biznesmen tanishtirildi. Bu bilan hukumat yangi boshqaruvchilarning shubhali maqomi haqida internetda tarqalgan shov-shuvlarga barham berishga uringani aytilmoqda.

O‘zbekistonga G‘arbning zamonaviy boshqaruv usullari, investitsiyalari kirib kelishini faqat olqishlash mumkin. Lekin “Dori-darmon” AKning shunday og‘ir moliyaviy ahvolga kelib qolishi sabablari ochiqlanmayotgani xavotirlarga sabab bo‘ladi.

Zero, yuqorida eslatib o‘tganimizdek, mamlakatda dori-darmon savdosi o‘ta daromadli hisoblanadi. Har qadamda yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘payib borayotgan dorixonalar ham bundan darak beradi.

“Dori-darmon” AK aktsiyadorlik jamiyatlari shaklidagi 8 ta mintaqaviy bo‘lim, o‘nlab sho‘'ba korxonalariga taalluqli 17 ta omborxona, 233 ta dorixona va qariyb 2000 ta dorixona filiali, 15 ta nazorat-tahlil laboratoriyasidan iborat ulkan tizimdir.

Bozorning eng daromadli sigmentlaridan birida faoliyat ko‘rsatayotgan shunday qudratli tizimning qarz botqog‘iga botishi dastlabki qarashda mantiqsiz ko‘rinishi mumkin.

Lekin masala mohiyatiga chuqur kirib borilgani sayin bu mantiqsizlik tumandek tarqab, ko‘z oldingizda oliy hokimiyat organlariga borib taqaluvchi korruptsiya namoyon bo‘ladi.

“Dori-darmon” AK uzoq yillar davomida MXX generali Solihboevning yaqin qarindoshlaridan biri tomonidan idora qilingani so‘zimizning isbotidir.

Bu aloqalar sabab kompaniya dori-darmonlarni mamlakatga olib kirishda turli imtiyoz va preferentsiyalardan foydalandi. Nisbatan arzon narxda kirib kelgan ayrim dorilar keyinchalik ustama qo‘yilgan holda xususiy dorixonalar orqali sotildi.

Shu kabi qallobliklar ortidan davlat korxonasining moliyaviy ahvoli yaxshilanish o‘rniga yomonlashib bordi, lekin uni nazorat qilganlar boyib boraverdi.

“Dori-darmon”ga qarashli dorixonalarda imtiyozli ravishda olib kirilgan dorilarni topishning imkoni yo‘q, borlari esa hamma joyda topiladigan dorilar edi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning raqobatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlari sabab davlat va xususiy farmatsevtika korxonalarining import imkoniyatlari tenglashtirilayotgani ortidan “Dori-darmon”ning ayanchli moliyaviy ahvolini yashirishning imkoni bo‘lmay qoldi.

Garchi davlat o‘ziga tegishli korxonalar ulushlarini xususiy boshqaruvga berish siyosatini tutayotgan bo‘lsa-da, bu ulushlar yana o‘sha eski korruptsionerlar qo‘liga o‘tmasligini kafolatlaydigan kuch hali topilgani yo‘q.

Chunki O‘zbekistonga kirib kelayotgan investitsiyalar ortida shubhali kompaniyalar turgani haqida xabarlar ko‘paysa ko‘payyaptiki, kamayayotgani yo‘q. Shuning uchun “Dori-darmon”ni o‘z boshqaruviga olgan xorijiy kompaniya xususida ham shubhaga borilayotganida jon bo‘lishi tabiiydir.

Gap quruq bo‘lmasligi uchun bitta misol keltirsak. Noyabr oyida “O‘zbekko‘mir” aktsiyadorlik jamiyatini Rossiyaning “Progressgortex” MChJsiga ishonchli boshqaruvga berish taklifi bildirildi.

Taqdirmi yoki korruptsionerlarning o‘yinimi, bu MJChning boshqaruvchisi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovning ishbilarmon hamkori Nikolay Yemelyanov bo‘lib chiqdi.

Nima bo‘lganda ham iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish mamlakat taraqqiyoti uchun juda muhimdir.

Faqat bu jarayonda davlatga qarashli eng serdaromad sohalar suvtekinga shuncha yillar davomida xalqni talab kelganlarning xususiy mulkiga aylanib ketishining oldini olish zarur.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 avgust 2017
Shoir Yusuf Rasul 1971 yil Tojikistonning Panjikent tumanida tug‘ilgan. 1993 yilda ToshDuning jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbek vaqtli matbuotidab Bi-Bi-Si, ...
30 iyun 2017
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov 30 iyun kuni “Ëshlar” telekanaliga Bosh direktor etib tayinlandi. Bu haqda prezident Mirziyoev “Kamolot” ...
15 mart 2017
O‘n ming so‘mlik kupyura chiqishi haqidagi gaplar ortidan o‘tgan haftada AQSh dollari narxi rekord 7500 ga ko‘tarildi. Bu mavzu ...
25 oktyabr 2015
Bugun dunyo matbuoti Rossiya migratsiya xizmati va politsiyasi ushlagan tojik oilasining olib qo‘yilgan besh oylik emizikli bolasi Umarali Nazarov ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...