Asosiy mavzular
26 oktyabr 2021

O‘zbekistonda qashshoqlikni qanday qisqartirish mumkin?

Yuliy Yusupov,

iqtisodchi, Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori (O‘zbekiston) 

Sovet latifasi:

1917 yilda dekabristning nabirasi ko‘chadagi shovqinni eshitib, xizmatkorini nima gapligini bilib kelishga yuboribdi. 

Biroz o‘tib qaytib kelgan xizmatkor debdi: 

— Xonim, u yerda inqilob bo‘lyapti!

— O‘h, inqilob! Bu ajoyib-ku! Bobom ham inqilobchi edi! Ular nimani xohlashyapti?

— Ular boylar bo‘lmasligini istashyapti.

— G‘alati-ku… Bobom esa kambag‘allar bo‘lmasligini xohlagandi.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti davrida mamlakatda “qashshoq” so‘zi taqiq ostida edi. Uni “kam ta'minlanganlar” so‘zi bilan almashtirishdi. To‘g‘ri-da, buyuk va oqil rahbar boshqarayotgan davlatda qashshoqlik bo‘lishi mumkinmi? Ammo zamon o‘zgaryapti, bugun qashshoqlik va unga qarshi kurashish to‘g‘risida hamma joyda, jumladan, mamlakatimizda ham gap-so‘zlar, chiqishlar ko‘paygan. Hatto bitta vazirlikning nomida ham shu so‘z bor (faqat kambag‘allik deb ishlatilgan). 

Qashshoqlik nima? Eng umumiy ifoda: qashshoqlik — bu shaxs, oila yoki ijtimoiy guruhning iqtisodiy holati tavsifi bo‘lib, ushbu holatda ular mazkur jamiyatda munosib hayot uchun zarur bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar. 

Bu ifodadan ko‘rinib turibdiki, qashshoqlik nisbiy tushuncha bo‘lib, muayyan jamiyatdagi hayot sifati va standartlari darajasiga bog‘liqdir. Boshqacha aytganda, muayyan darajada daromadga ega bo‘lgan shaxs Norvegiya yoki Shveytsariyada qashshoq hisoblansa, O‘zbekiston yoki Paragvayda bemalol o‘rta sinfga kiritilishi mumkin. 

Shunga qaramay, barcha davlatlar uchun qashshoqlikning aniq chegarasini, ya'ni inson qashshoq hisoblanishi uchun shart bo‘lgan eng past daromad yoki iste'mol darajasini belgilashga urinilmoqda. Masalan, Jahon banki butkul qashshoqlik chegarasini bir kishiga dollarning xarid qobiliyatidan kelib chiqqan holda kuniga kamida 1,9 AQSh dollari sifatida belgilagan (buning uchun maxsus koeffitsient – xarid qobiliyati pariteti hisoblanadi). Ya'ni qashshoqlik chegarasi AQShda kishi boshiga 1,9 dollarga to‘g‘ri kelsa, iste'mol savatiga kiruvchi mahsulot va xizmatlar narxi, deylik, ikki barobar past bo‘lgan mamlakatda bu ko‘rsatkich 0,95 dollar, ya'ni 1,9 dollarning yarmiga teng bo‘ladi. 

Umume'tirof etilganidek, qashshoqlik illat bo‘lib, unga qarshi kurashilishi shart. Chiroyliroq qilib aytganda, qashshoqlik ijtimoiy dard, kasallikdir. Kasallikni esa davolash kerak. Ammo to‘g‘ri davolash uchun avval aniq tashxis qo‘yish, ya'ni kasallik sababini aniqlash zarur. 

Qashshoqlik sabablari

Quyidagi ikki omilni darhol ajratib olish kerak: 

• alohida toifadagi kishilarning qashshoqlik darajasi, odatda bu toifaga aholining himoyalanmagan va kamsitilgan guruhlari kiradi;

• qashshoqlikning umumiy darajasi, ya'ni mamlakat aholisining qashshoqlik chegarasidan pastda yashovchi qismi ulushi.

Birinchi omil guruhidan boshlaymiz. Aholining qaysi toifasi qashshoqlik “kasali”ga boshqalaridan ko‘proq chalingan? 

• Bular, birinchi navbatda, ob'ektiv sabablarga ko‘ra o‘zlarining munosib hayot kechirishi uchun daromad topa olmaydigan kishilar – nogironligi bo‘lgan shaxslar, surunkali kasalliklari bor odamlar, keksalar, malakasi past kishilar, jumladan, yoshlar.

• Yuqori qashshoqlik darajasi aholining kamsitiladigan guruhlari, masalan, ayollar (gender notenglik) yoki etnik ozchiliklarda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. 

• Hayot va bandlik sharoitlari mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan alohida hududlarda qashshoqlik ko‘proq uchraydi. Masalan, kommunikatsiya va kommunal xizmatlar (gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv) rivojlanmagan, biznes yaxshi taraqqiy etmagani uchun ish joylari kam yoki aholi ko‘pligi sababli qishloq xo‘jaligi faoliyati uchun yer yetishmaydigan hududlar shular jumlasidandir.

• Oila darajasidagi qashshoqlikka ayrim demografik omillar – oilaning to‘liq emasligi, oiladagi ko‘pchilikning boqimanda ekani sabab bo‘lishi mumkin. 

Yana bir holat to‘g‘risida alohida aytib o‘tish joiz: qashshoqlik o‘zini o‘zi ko‘paytirish xususiyatiga ega. Gap shundaki, kambag‘al oilalarda voyaga yetgan bolalar o‘z ota-onalaridan ilojsizlik, jamiyatdan past qatlamidan chiqa olmaslik xususiyatlarini meros qilib oladi. Bundan tashqari, kambag‘al oilalar farzandlarining sifatli ta'lim olish imkoniyati past bo‘ladi. Ular pulli ta'lim ololmaydi, hatto tekin ta'limdan ham foydalanishga imkonsiz, chunki ular yashash uchun ishlashi kerak. 

Sifatli ta'lim esa kelajakdagi yuqori daromad garovidir. Kambag‘allarning jamiyatga ta'siri kam, qolaversa, ularning manfaati davlat institutlarida va davlat siyosati maqsadlarida kamroq aks etadi. 

Qashshoqlikning umumiy darajasi, birinchi navbatda, iqtisodiyotning rivojlanganligi darajasiga bog‘liq. Mamlakat qanchalik boy (YaIM aholi jon boshiga nisbatan qancha yuqori) bo‘lsa, aholining qashshoq qismi shuncha kam bo‘ladi. Shunga mos ravishda iqtisodiy o‘sish (real YaIMning ko‘payishi) aholi soni ko‘payishidan ortiq bo‘lsa, ko‘pincha qashshoqlik kamayishiga olib keladi. Aksincha, o‘sish yo‘qligi yoki kamligi, biznes faolligining pasayishi (iqtisodiy inqiroz), daromadning kamayib ketishiga olib keladigan qandaydir ofatlar esa mamlakatda qashshoqlar ulushi ortishiga sabab bo‘ladi. 

Biroq YaIMning miqdori va aholi jon boshiga nisbatan o‘sish sur'atidan tashqari qashshoqlik darajasi va turiga mamlakat aholisi oladigan daromadni taqsimlash tamoyillari va usullari ham kuchli ta'sir ko‘rsatadi. Iqtisodiy o‘sish sur'ati yuqori bo‘lishiga qaramay, daromadning haddan tashqari notekis taqsimlanishi qashshoqlik darajasi pasaymasligi yoki sezilarsiz kamayishiga olib kelishi mumkin. Ya'ni iqtisodiy taraqqiyot samarasidan aholining muayyan bir qismigina bahramand bo‘ladi, qashshoqlar esa yana chetda qolib ketaveradi. 

Qashshoqlikning sabablarini (tashxisini) bilgandan so‘ng endi unga qarshi kurashishga (davolashga) o‘tish mumkin. 

Qashshoqlikka qarshi qanday kurashiladi: iqtisodiy o‘sish

Eng asosiysidan boshlaymiz. Mutaxassislar o‘rtasida konsensus bor: ko‘pincha aholi jon boshiga nisbatan YaIM bilan o‘lchanadigan iqtisodiy o‘sish qanchalik yuqori bo‘lsa, absolyut qashshoqlikni qisqartirish imkoniyati shunchalik katta bo‘ladi. 

Iqtisodiyotning o‘sishi bir vaqtning o‘zida bandlik o‘sishi va ishchilar daromadlari ortishini anglatadi. Ya'ni u qashshoqlik qisqarishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatadi – byudjetga soliq tushumi ortishi kambag‘allarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kengayishini anglatadi (keyingi bo‘limga qarang). Boshqacha aytganda, iqtisodiy “pirog” qancha katta bo‘lsa, jamiyatning har bir a'zosiga shuncha katta bo‘lak tegadi. Buni xalqaro statistika ham tasdiqlaydi. Shunga muvofiq, qashshoqlikka qarshi kurashning asosiy retsepti iqtisodiy o‘sishning tezlashishidir. 

Bozor iqtisodiyoti mavjud mamlakatlarda (ba'zida tabiiy qazilmalarga boy davlatlarda) iqtisodiy o‘sish, ishchi o‘rinlari yaratishning lokomotivi, aholining katta qismi uchun asosiy daromad manbai xususiy tadbirkorlik sektori hisoblanadi. Shu bois, qashshoqlikka qarshi asosiy “dori” xususiy sektor rivojlanishini tezlashtirishdir, deyish mumkin.

O‘zbekiston uchun bu eng dolzarb vazifa. Ammo xususiy sektor taraqqiy etishi uchun bozor iqtisodiyoti zarur. To‘laqonli bozor iqtisodiyoti yaratish vazifasi hali 1990 yillarning boshlaridayoq qo‘yilgandi, o‘ttiz yildirki, mamlakat bu maqsadga yetishishga urinib keladi. 

Biroq yutuqlarning zalvori tosh bosadigan darajada emas: YaIMning katta qismi hali-hunuz davlat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi, muhim iqtisodiy qarorlarni qabul qilish xususiy tadbirkorlar emas, davlat va nomigagina davlatniki bo‘lgan, YaIMning 40 foizdan ortiq qismini tashkil etadigan xarajatlar byurokratlar nazoratidadir. Shuningdek, bank kreditlarining katta qismi ham ularning ko‘rsatmasi orqali beriladi. 

Bundan tashqari, hali juda sust bo‘lgan xususiy sektor, bir tomondan, davlat yaratayotgan, ikkinchi tomondan, davlat o‘z vazifasini yomon bajarayotgani ortidan kelib chiqayotgan juda ko‘p muammo va to‘siqlarga (masalan, mulk huquqini va shartnomalarni himoyalash) duch kelmoqda. 

Bularning barchasi O‘zbekistondagi biznesning sezilarli qismini raqobatga chidamsiz qilib qo‘yadi hamda aholi bandligi va daromadi darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. 2020 yil kuzida O‘zbekistonning rasmiy sektorida bor-yo‘g‘i 5,7 million kishi, ya'ni mehnatga layoqatli aholining 30 foizi ishlagan. Buning ustiga, rasman ishlovchilarning sezilarli qismi – 2,5 million kishi davlat sektorida band bo‘lgan. Bundan anglashiladiki, biznes yuritish xarajatlari juda yuqori bo‘lgani sababli xususiy sektor o‘zbekstonliklarning bandligi va daromadlarini ta'minlab bera olmayotir. 

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish uchun quyidagi zarur vazifalarni birinchi navbatda hal etish kerak: 

• davlatni, jumladan, butun ijroiya hokimiyatini, iqtisodiyotni tartibga solish va sud tizimlarini tubdan isloh qilish, huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish kerak (afsuski, bu islohotlarni o‘tkazadigan odam yo‘q, chunki amaldorlarning o‘zi bunday qilishni xohlamaydi);

• davlatning iqtisodiy maqsadlardagi xarajatlarini keskin qisqartirish, amaldorlarni iqtisodiyotdan siqib chiqarish, davlat xarajatlarining barcha tizimini maqbullashtirish;

davlat korxonalarini xususiylashtirish (bunday rejalar bor, ammo bo‘lajak xususiylashtirishning shaffof va halol o‘tishiga juda katta shubha mavjud);

• davlat buyurtmasi majburiyatini bekor qilish va yerga egalik huquqini (hozir fermerlarning huquqi himoya qilinmagan) mustahkamlashni ko‘zda tutadigan tub agrar islohotlar o‘tkazish (bunday maqsad bor, biroq unga butun davlat apparati qarshilik qilmoqda);

• bank sektorida davlat banklarini (hozir bank aktivlarining 80 foizdan ortig‘i davlatga tegishli) xususiylashtirish, banklardan davlat idoralari maqsadlari uchun foydalanishga chek qo‘yish, moliya bozorida raqobatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar o‘tkazish (bu ham rejalashtirilgan);

• alohida kompaniyalar va tarmoqlar uchun o‘zini oqlamaydigan imtiyoz va ustuvorliklarni bekor qilish, energetika, transport, kommunal xizmatlar kabi sohalarni monopoliyadan chiqarish va bozor tamoyillarini joriy etish hisobiga raqobatni rivojlantirish;

• biznes yuritish uchun ma'muriy to‘siqlarni (har xil turdagi ruxsatnomalar olish, kommunikatsiyalarga ulanish, tekshirishlar, keraksiz taqiqlar, huquqiy bazadagi qarama-qarshiliklar va hokazolar) qisqartirish;

• ijtimoiy sohani, jumladan, ta'lim va sog‘liqni saqlash (bu sohalarga bozor tamoyillarini tatbiq etish va ularda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish), shuningdek, pensiya tizimini isloh qilish.

Qashshoqlikka qarshi qanday kurashiladi: ijtimoiy siyosat

Qashshoqlikning navbatdagi omili — daromadlar taqsimotidagi notengliklar.

Daromadlar bir xil taqsimlanilmaydi, aks holda ishchilar va tadbirkorlarda ishlash uchun rag‘bat yo‘qoladi. Ammo zamonaviy jamiyatlarda soliqlar va davlatning ijtimoiy xarajatlari orqali daromadni boylardan kambag‘allarga qisman qayta taqsimlash mexanizmi mavjud.

Ijtimoiy xarajatlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi – kam ta'minlanganlar uchun nafaqa, bolalar va onalar nafaqasi, imkoniyati cheklanganlar uchun pensiya, kambag‘al oilalar farzandlarining ta'lim olishi uchun grantlar,  kambag‘allar uchun tekin tibbiy sug‘urta  va boshqa shakldagi moddiy ko‘maklarni, shuningdek, hamma, jumladan, kambag‘allar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy ne'matlar – tekin ta'lim va tibbiy xizmatlar, turli shakldagi davlat sug‘urtalari (xususan, pensiya va hokazolar)ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish dasturlarini o‘z ichiga oladi. 

Daromadlarni qayta taqsimlash siyosati butun dunyoda, ayniqsa, boy davlatlarda keng qo‘llaniladi. Umumiy qonuniyat bor: mamlakat qancha boy bo‘lsa, YaIMning shuncha katta qismi davlat byudjeti orqali qayta taqsimlanadi. Mamlakatlar va mintaqalarning ham o‘ziga xosliklari bor. Masalan, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari Sharqiy Osiyoning shu kabi rivojlanish darajasiga ega davlatlariga nisbatan ko‘proq ijtimoiy yo‘naltirilgan.

Daromadlarni qayta taqsimlash siyosatining salbiy jihati shundaki, u qanchalik faol bo‘lsa, iqtisodiy rivojlanish sur'atlariga shunchalik ko‘p salbiy ta'sir etadi. 

Daromadlarni qayta taqsimlash siyosatining faolligi iqtisodiyotga soliq va qarz yuklamasi ortishiga sabab bo‘ladi. Bu esa xususiy sektor imkoniyatlari va uning rag‘batlanishini kamaytiradi. 

Shu bois, daromadlarni qayta taqsimlash siyosatida haddan oshish yaramaydi, chunki juda yuqori soliq (O‘zbekistonda soliq yuklamasi juda baland), ayniqsa, kambag‘al mamlakatlarda (biz dunyoning eng qashshoq 40 ta davlati qatoriga kiramiz) rivojlanishga rag‘batni o‘ldiradi, mahalliy mahsulotni raqobatga chidamsiz qiladi, oqibatda qashshoqlikka qarshi kurashish imkoniyati ham pasayadi. 

Shuning uchun bizning sharoitimizda soliqlarni oshirish haqida gap ham bo‘lishi kerak emas (aksincha, uni keskin qisqartirish zarur). Ammo iqtisodiyot xarajatlarini qisqartirish va ijtimoiy ehtiyojlar uchun xarajatlarni takomillashtirish orqali byudjet xarajatlarini maqbullashtirish to‘g‘ri bo‘ladi.

Qashshoqlikka qarshi qanday kurashiladi: inklyuziv institutlar

Tengsizlik muammosini hal etish, qashshoqlikning kamsitishlar va alohida hududlarning yomon rivojlangani bilan bog‘liq ayrim sabablarini birato‘la hal etishning boshqa yo‘li ham bor.  Ko‘pincha bu yo‘l nafaqat iqtisodiy rivojlanishga (daromadlarni faol qayta taqsimlash siyosatidan qarli o‘laroq) xalaqit bermaydi, aksincha, uning tezlashishiga ko‘maklashadi ham. Bu o‘rinda iqtisodiy va siyosiy institutlarni takomillashtirish, ekstraktiv institutlarni inklyuzivlariga almashtirish haqida gap bormoqda. 

Ijtimoiy institutlar — bu odamlarning axloqi va o‘zaro munosabatlarining doimo takrorlanib turadigan va yangilanib boradigan standartlaridir (“o‘yin qoidalari”). Rasmiy institutlar (qonunlar, qonunosti hujjatlar, tasdiqlangan boshqa qoidalar, masalan, mehnat shartnomasi shartlari) va norasmiy institutlar (an'analar, urf-odatlar, diniy aqidalar, axloqning boshqa ko‘rinishlari) farqlanadi. 

Ekstraktiv institutlar keng aholi qatlamining resurslar va faol iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lishini, shu orqali ularning daromadlarni qayta taqsimlashdagi imkoniyatlarini cheklaydi. Bu institutlar elita vakillaridan boshqa hammaning iqtisodiy munosabatlardan foyda olishiga to‘sqinlik qiladi. Elita vakillarining iqtisodiy faoliyati uchun ustuvor shart-sharoitlar yaratiladi (masalan, raqobatchilarning bozorga kirishi cheklanadi, turli imtiyozlar beriladi, alohida ishlab chiqaruvchilarning jamiyat hisobiga boyishi uchun sun'iy monopoliyalar tashkil etiladi), hatto elitaga mansub bo‘lmaganlarning mulkini tortib olish imkoniyati yuzaga keltiriladi. Bunday institutlar mavjud sharoitda aholining katta qismi mehnat unumdorligini oshirishdan manfaatdor bo‘lmaydi, chunki barcha qo‘shimcha daromad elita cho‘ntagiga qarab oqadi.  

Inklyuziv institutlar, aksincha, iqtisodiy faoliyat va samarali raqobat uchun teng sharoitlarni ta'minlaydi, shuningdek, nafaqat elitaning, balki keng aholi qatlamining mulkiy huquqlarini himoya qiladi. Bu esa barcha aholi qatlamlarining daromad olish maqsadida iqtisodiy munosabatlarda ishtirok etishiga yo‘l ochadi. Bunday institutlar mavjud bo‘lgan sharoitda aholi o‘z mehnati unumdorligini oshirishdan manfaatdor bo‘ladi va bu oqibatda iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashadi. 

Ekstraktiv institutlarning keng tarqalishi (O‘zbekistonda aynan shunday) qashshoqlar bandligi va o‘zlari daromad topishi imkoniyatini cheklab qo‘yadi. Aynan shu holat iqtisodiyotning sust rivojlanishi, bandlik darajasi pastligi, yashirin iqtisodiyotning keng tarqalishi va mehnat migratsiyasining asosiy sababi hisoblanadi. 

Ekstraktiv institutlarning yana bir ta'siri bor. Alohida kompaniyalar manfaati yo‘lida raqobatning cheklanishi (O‘zbekistonda juda ko‘p kuzatiladi) narx-navo o‘ta yuqori hamda tovar va xizmatlar sifati past bo‘lishiga olib keladi. Bundan barcha iste'molchilar (ham jismoniy, ham yuridik shaxslar), birinchi navbatda, aholining kambag‘al qismi aziyat chekadi. Ular monopoliya va korruptsionerlar daromadini o‘z cho‘ntaklaridan ko‘paytirishga majbur bo‘ladi. 

Shunday qilib, ijtimoiy institutlarni takomillashtirish, ya'ni iqtisodiy va siyosiy islohotlar o‘tkazish keng aholi qatlami, jumladan, kambag‘allarning ham iqtisodiy faoliyatga tortilishi kuchayishiga, daromadlarning adolatsiz (korruptsiya va sun'iy monopoliyalar orqali) taqsimoti sabablarini bartaraf etishga, oqibatda qashshoqlik darajasi pasayishiga ko‘maklashadi. O‘zbekistonda birinchi navbatda qanday islohotlar o‘tkazish kerakligi masalasiga maqolaning “Qashshoqlikka qarshi qanday kurashiladi: iqtisodiy o‘sish” qismida aytib o‘tildi.  

Qashshoqlikka qarshi yana qanday kurashish mumkin? 

Qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha jahon tajribasining ko‘rsatishicha, bunda davlat va donor maqsadli dasturlari yordam berishi mumkin:

• elektr uzatish liniyalari, suv tarmog‘i, kanalizatsiya, gaz quvurlari yo‘q joylarga ularni o‘tkazish;

• kichik biznes va aholining iqtisodiy faol qatlamlari uchun resurslardan (er, kredit, jumladan, mikrokredit, axborotlar) foydalanish darajasini oshirish dasturlari;

• iqtisodiy qoloq hududlarni rivojlantirish dasturlari;

• ta'lim va sog‘liqni saqlash sifatini va ulardan foydalanish darajasini oshirish;

• aholining qashshoq, himoyalanmagan va kamsitilgan qatlamlari ta'lim olishi uchun dasturlar va grantlar;

• aholining iqtisodiy faoliyatga faol tortilish imkoniyatini kengaytirish, o‘z jamg‘armalari va moliyaviy xatarlarni oqilona boshqarishini ta'minlash maqsadida iqtisodiy va moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan dasturlar. 

O‘zbekistonda qashshoqlikka qarshi kurashish uchun juda muhim manbani alohida aytib o‘tmoqchiman. Daromad topishning bu muhim manbasi unumdor (sug‘oriladigan) yerda qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirishdir. Mustaqillik yillarida davlat yerni bir necha marta qayta taqsimladi (biridan olib, boshqasiga berdi). Bu taqsimot o‘zibo‘larchilik bilan, birorta muhokama va tasdiqlovlarsiz amalga oshirildi. Ayni paytda ekin maydonlarining katta qismi bir hovuch qishloq aholisi (fermerlar)ga foydalanish (ijara shartnomasi asosida) uchun berilgan. Qishloq aholisining asosiy qismi esa faqat tomorqaga ega. 

Aksariyat aholi yerning bunday taqsimlanishini noqonuniy deb biladi. Chunki fermerlar yerni sotib olmagan, balki yer ko‘pincha mahalliy va markaziy hokimiyat vakillari tomonidan ularga noshaffof sxemalar orqali taqsimlab berilgan. Bundan tashqari, agrar faoliyat yuritish uchun yetarlicha yer maydoni yo‘qligi qishloq joylarda qashshoqlikning asosiy manbasi bo‘lib qolmoqda. 

Yaqin vaqtlargacha yer masalasi unchalik dolzarb emas edi. Chunki fermerlar yerdan o‘zi bilganicha foydala olmasligi, faqat davlat rejasini bajarishga majburligini hamma tushunardi. Ular yerning haqiqiy egasi emas, qarollarga, nari borsa, vaqtinchalik boshqaruvchilarga o‘xshardi. Ammo davlat rejasining bekor qilinishi kutilayotgani va qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlariga o‘tilayotgani (bu haqda dasturiy hujjatlarda belgilangan) vaziyatni tubdan o‘zgartirdi. “Nega aynan shu odamlar sug‘oriladigan yerdan erkin foydalanish huquqiga ega bo‘ldi?”, “Nega qishloq aholisining aksariyati yersiz qoldi?” degan savollar paydo bo‘lmoqda.

Fermerlar bilan tuzilgan shartnomalarda ham qusurlar bor. Biz bu shartnomalarni e'tiborsiz qoldira olmaymiz. Ammo endi yer islohotlari boshlangan paytda yer masalasini huquqiy asosda hal etish uchun ajoyib imkoniyat paydo bo‘lmoqda. Shartnomaga ko‘ra, fermer paxta va g‘alla ekish uchun ajratilgan yerdan (aksariyat yer maydonlari shu maqsadda berilgan) erkin foydalanish huquqiga ega emas yoki hujjatlarda shu nazarda tutiladi. Mohiyatan, bu fermerning yeri emas. Davlat esa davlat buyurtmasini bekor qilayotgan ekan, shartnomani qayta ko‘rib chiqish va davlat buyurtmasi uchun ajratilgan yerni qishloq aholisi o‘rtasida yer auktsionlari o‘tkazish orqali qayta taqsimlash imkoniyati bor. Bu ishni qanday bajarish esa alohida mavzu. Ammo yerni shu yo‘sinda qayta taqsimlash O‘zbekistonda qashshoqlikka qarshi kurashishga salmoqli hissa qo‘shgan bo‘lardi. 

Yuqorida aytilganlardan xulosa qilib, qashshoqlik sabablari turli-tuman va murakkab ekanini ta'kidlash joiz. Shuning uchun unga qarshi kurashishga kompleks yondashish zarur. Bu yondashuvning asosiy unsuri esa iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishdir. Aks holda kambag‘al mamlakatda qashshoqlikni sezilarli qisqartirish imkonsizdir. Shu bois, qashshoqlikka qarshi kurashishda iqtisodiyotni davlat nazoratidan chiqarish va ekstraktiv institutlarni inklyuzivlariga almashtirish asosida raqobatli bozor yaratishga qaratilgan bozor islohotlari birinchi planga chiqishi kerak.

Manba: Hook.report, «Eltuz» tarjimasi

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2018
O‘zining uch yashar o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirib, daraxtlar ostiga tashlab ketgan andijonlik Saidaxon Tillavoldieva 3 aprel kuni Toshkentda hibsga olindi. ...
26 mart 2023
Magnitning bir tarafi o‘ziga tortsa yana bir qutbi jismni o‘zidan itaradi. Shu paytgacha O‘zbekiston teskari magnit bo‘lib keldi. San'at ...
5 avgust 2016
O‘zbekiston MXX raisi 72 yashar general Rustam Inoyatov 1995 yildan beri respublikani kuchli nazorat ostida tutib keladi¸ Rassom Tuz ...
7 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...