Multimedia
7 may 2021

Imperativ-25. Pastkashlik kompleksi

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

Hech inglizlarning «Boshda kepkam, yuradirman g‘o‘ddayib», degan tahdidini eshitganmisiz? Albatta, eshitmadingiz, eshitmaysiz ham.

Ular dunyoning yarmini yuzlarida sovuq tabassum bilan bosib oldi.

Surgunga quvganimiz shoh Boburning Hindistonda insho etgani 300 yillik saltanatni yiqar ekan, ularning yuzlarida sovuq jilmayishdan boshqa hech bir ifoda yo‘q edi.

Ular Arabistonda ajdodlarimizning boshqa bir urug‘i (o‘g‘uz) qurgan Usmoniylar imperiyasini yiqayotganida ham Qirollik yuzida ayni ifoda bor edi. Buni mashhur ingliz josusi Lourens haqidagi filmda ko‘rgandirsiz.

Biz nega inglizlar qadar sovuqqon bo‘la olmadik dushmanlar qarshisida?

Qachon biz yengilishni qismat o‘laroq qabul eta boshladik?

Siynalarda bu pastkashlik kompleksi qachondan boshlab urchiy boshladi?

Amir Temurning vafoti aqobinda yiqilgan saltanatmidi cho‘kishning boshlanishi?

Shayboniy davlati edimi bizning so‘ng sapchishimiz?

So‘ngra millat va davlat sifatida parcha-parcha bo‘lish – qochib bo‘lmas qismatmidi haqiqatan ham? Xoinlar Toshkentning darvozalarini ruslarga ochib berayotganida Qo‘qon nega «To‘xta!» deya hayqirmadi; nega Buxoro amiri joriyalarning quchog‘idan chiqib, rusga «Hey, nima qilyapsan?» demadi; nega Xiva xoni chilimdan boshini ko‘tarib, dushman «Toshkentni ishg‘ol etdi, hamma jihodga!» deya oyoqlanmadi?

Pastkashlik kompleksining faqat qon bilan tozalanishini chuqur his etgan «bosmachilar» rus bosqinchisiga qarshi qo‘lidan kelganini qildi, ammo og‘izbirligi bo‘lmagani uchun hammasi halok bo‘ldi.

Qardoshlarimga jihodda yordam beraman, deb Turkiyadan Turkistonga kelgan general Anvar Posho ham bu parokanda ummatni, pastkashlik kompleksi qon-qoniga singib ketgan bu millatni zalolatdan qutqara olmadi. Bu kompleks har qanday dushmandan tahlikaliroq edi. Chunki dushman tashqarida, pastkashlik tuyg‘usi esa naq ko‘ksimizga yerlashgan edi.

Bu xastalikka qarshi kurashda jadidlar o‘z hayotlarini fido etdi.

Ammo ularning shahodati ham bizda dushmanga nisbatan kin uyg‘ota olmadi.

Aksincha, jadid kabi o‘ldirilishdan qo‘rqib, dushmanga madhiyalar yozdik. Bu it sadoqati uchun xuddi itlar musobaqasida g‘olib kelgan ko‘ppakka medal taqqaniday, bo‘ynimizga «xalq shoiri» medalionini osdilar.

Biz esa bu medalionlarni sollantirgancha shahid jadidlarning mozoriga borib, «Taqiqlangan kitobingni yaqinda chiqaramiz, rus ruxsat berdi, ruhing huzur ichida yotsin, shahidim!» deya nutqlar o‘qidik.

Biz haqorat va xo‘rlikka ko‘nikkan edik:

KO‘NIKISh

Shu qadar xijolat bo‘lardiki, sho‘rlik,

Ko‘zi tinib, hech narsa ko‘rmasdi.

Uyat kuchli edi, kuchli edi xo‘rlik,

Yer yorilmas edi, yerga kirmasdi…

Odam har narsaga ko‘nikar ekan,

Ko‘nikib oldi u taqdirga

Endi yer yorilar edi uyatdan,

u bo‘lsa, kirmasdi yorilgan yerga! (1981)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
12 noyabr 2015
Pahlavon Sodiq Bi bi si 1999 yil kuzida Oliy Sudda Toshkent portlashlari yuzasidan sud majlislaridan biriga Murod Jo‘raevni qo‘llarida ...
14 mart 2020
Rassom Kirpi
26 yanvar 2019
Yaxshilik va umuman odamlarga yaxshilik qilish haqida yozgim keldi negadir. Qamoqqa tushgan xorazmlik jurnalist Davlat aka faqat hammaga yaxshilik ...
9 sentyabr 2020
O‘zbekistonning mahrum prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Tillaeva instagram sahifasida yangi kitobi chop etilgani haqida yozdi. «Ushbu kitob ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...