Asosiy mavzular
18 may 2022

Namangan soliq tizimidagi “nahanglar”

Yaqinda “Eltuz”da Namangan viloyati soliq tizimidagi korruptsion holatlar haqida e'lon qilingan maqolaga mamlakatning tegishli huquq-tartibot idoralari e'tibor qaratmadi.

“Eltuz” manbasining ma'lum qilishicha, maqola chop etilgandan so‘ng uning “qahramon”laridan biri – Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi (DSB) boshlig‘i Adham Tilavoldiev barcha xodimlaridan shubhalanib, bu ma'lumotlarni taqdim etganlarni izlashga kirishib ketgan.

“Endi soliq tizimidagi eng yirik nahanglar, ya'ni eng katta korruptsionerlar to‘g‘risida yangi ma'lumot taqdim etsak, ularga chora ko‘rishar, degan umiddamiz”, deydi manba “Eltuz”ga yo‘llagan navbatdagi maktubida.

Uning yozishicha, DSB boshlig‘i Adham Tilavoldiev soliq tizimida ko‘p yillar yuqori mansablarda, xususan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari DSBda rahbar lavozimlarda ishlab kelgan.

Lekin 2013 yilda Davlat soliq qo‘mitasining o‘sha paytdagi qudratli rahbari Botir Parpievning jiyani, Markaziy bankning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i bilan chiqishmay qolganidan so‘ng qo‘rqqanidan o‘z arizasi asosida ishdan bo‘shagan.

“O‘zbekiston boshqaruvidagi o‘zgarishlardan keyin 2017 yillar oxiri – 2018 yil boshida Tilavoldiev farg‘onalik yuqori lavozimdagi qarindoshlari orqali soliq tizimiga qaytadi. 2018 yilning 2-yarmidan Namangan viloyati DSB boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda”, deydi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tilavoldiev boshqa viloyatlarda qilganidek pul yuvish amalini bu yerda boshliq bo‘lgan kunidanoq boshlaydi. Soliq idoralari binolarini kapital ta'mirlash bahonasida katta miqdorda pul ajratib, yaxshigina “otkat” beradigan quruvchilarga ishlarni bajartiradi.

“Hatto Namangan shahri davlat soliq inspektsiyasi binosini ta'mirlagan “Standart” MChJ Tilavoldievning Farg‘onadagi bog‘ida tekinga katta molxona qurib beradi. Bundan tashqari, unga qarashli ishlab chiqarish bino-inshootlari qurilishiga ham ko‘maklashadi”, deyiladi “Eltuz” ixtiyoridagi ma'lumotlarda.

“Eltuz” manbasi Tilavoldievning “jinoyatlari”ga huquq-tartibot idoralari ko‘z yumib kelayotganining asosiy sababi uning soliq tizimiga qaytishiga ko‘maklashgan insonlar ekanini ta'kidladi.

Aytilishicha, DSB boshlig‘ining korruptsion jinoyatlariga sheriklardan biri soliq tekshiruvlari bo‘limi boshlig‘i Orifjon Nabijonovdir. U tadbirkorlardan aniqlangan kamchiliklarni yopish evaziga katta miqdorda pora olib, juda katta shaxsiy boylik orttirgan.

“Yangiqo‘rg‘on tumanida Nabijonovning katta-katta yerlari, ishlab chiqarish korxonalari mavjud, shaharda 3 ta kvartirasi bor. Bundan tashqari, o‘sha tumanda uning pullarini aylantiradigan firmalar bo‘lib, ular hech qachon tekshirilmaydi”, deydi manba.

U keltirgan ma'lumotlarga ko‘ra, aynan Nabijonovning xodimlari 2018-2019 yillarda Namangan viloyati gaz va Qamchiq avtoyo‘l korxonalarini tekshirib, 5-6 milliard so‘mlikdan ziyod kamomadni aniqlashadi:

“Respublikadan odam aralashib, Tilavoldiev orqali katta pora evaziga ish yopti-yopti bo‘lib ketadi. Hatto kamomad to‘g‘ri hisoblangani bo‘yicha soliq qo‘mitasining xatlari mavjud bo‘lsa-da, bosim natijasida aktga bu katta summalar yozilmasdan qolgan”.


“Eltuz” manbasi Tilavoldievning ishonchli sheriklaridan biri sifatida kameral tekshiruv bo‘limiga 2018-2019 yillarda boshliq bo‘lgan Nabijon Mahkamov nomini ham keltirgan.

Ayni paytda Chust tumani davlat soliq inspektsiyasi rahbari sifatida ishlayotgan bu shaxs soliq binolarini ta'mirlash uchun quruvchi topish, ajratilgan pullarni talon-taroj qilish, yirik tadbirkorlardan pora olishda vositachilikda iddao qilinadi.

“Nabijon Mahkamovning Kosonsoyda 2 ta hovlisi, 1 ta kotteji, noturar joy binolari, shaharda 2 ta kvartirasi, “Jentra” mashinasi, ayolida “Treker” bor. Albatta, davlat beradigan 5-10 million oylikka bu darajada boyib ketish juda qiyin”, deydi manba.

Tilavoldievning Namangandagi eng asosiy sheriklaridan biri sifatida 2020 yildan kameral tekshiruv bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlagan, keyin esa barcha sirlar ochilib ketilishining oldini olish maqsadida silliqqina ishdan bo‘shatilgan Rustam Bahriddinov nomi aytiladi.

Manbaning ma'lumot berishicha, Bahriddinov aylanma mablag‘i katta tadbirkorlarni tekshirish bilan qo‘rqitish orqali ularni 3-5 ming dollardan pora berishga majbur qilib kelgan.

Pora bermagan taqdirda esa jamiki kamchiliklari ko‘tarilib, kamchiligi topilmagan taqdirda bo‘hton qilib bo‘lsa ham katta miqdorda soliq yashirilgan, deb topilib, hujjatlar prokuratura departamentiga oshirilgan.

«Eltuz»ga jo‘natilgan raddiya nusxasi

Eng qizig‘i, tekshirishda katta miqdorda yashirilgan soliq tushumlarini aniqlanib, akt yakunlangandan keyin ham korxona bilan kelishib qolinsa, tekshirishda aniqlangan kamomadlar noto‘g‘ri ekani to‘g‘risida xulosa tayyorlangan.

“Eltuz” manbasi 2021 yil mart oyidan kameral tekshiruv bo‘limiga boshliq lavozimiga kelgan Jobir Nasriddinov ham Tilavoldievning ishonchi odamlaridan ekani, uning “homiyligi”da viloyatda yashirin tadbirkorlik korxonalari soni ortganini bildirgan.

Manba uning juda katta miqdorda “noqonuniy orttirilgan boyligi”ni sanar ekan, bitta korruptsion holatdagi ishtirokini misol tariqasida keltiradi.

U taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, “Azizbek strong” MChJ uzoq yillar katta miqdordagi pora evaziga noqonuniy ishlab kelgan. 2021 yil yakunida Davlat soliq qo‘mitasi firmani xufiyona tashkilot deb topib, viloyat DSB xodimlariga kameral tekshiruvga beradi.

Ungacha xufiyona korxonalar ro‘yxatidan chiqarish uchun “Azizbek strong” MChJ rahbari qo‘mita xodimlariga 20 ming AQSh dollari taklif etgan, lekin ular ko‘nmagan.

Shundan so‘ng Namangan viloyati DSB kameral tekshiruv bo‘limi xodimlari shu summa evaziga jinoyat ishi qo‘zg‘atmasdan korxonani bankrotlik asosida tugatib berishga kelishishgan.

“Eng qizig‘i, tekshirish davomida korxonada 5-6 milliard so‘m soliq qarzdorligi kelib chiqqaniga qaramay, MChJ balansidagi xatlanishi lozim bo‘lgan katta yuk mashinalari bemalol balansdan chiqarib olingan.

Davlat soliq qo‘mitasi vakillari bu o‘rganishlarga shubha bildirib, xizmat tekshiruvi tayinlaganidan ko‘p o‘tmay o‘rtaga yana pora aralashib, ish yopilib ketdi.

Jobir Nasriddinov bir chekkada qolib, uning o‘rinbosari va firmani tekshirgan xodimlarga arzimagan jarima tayinlanib, boshqa bo‘limlarga o‘tkazilishi belgilandi. Ammo ular bugun ham eski joyida soqqa qilib yotishibdi”, deyiladi “Eltuz”ga kelgan ma'lumotda.

Manba Adham Tilavoldiev bilan bog‘liq yana bir korruptsion holatni tilga olgan. Uning bildirishicha, Tilavoldiev 2020 yilda soliq xodimlariga ko‘p qavatli uy qurish masalasida Namanganda nomi chiqqan quruvchi Voyit hoji (laqabi Voyit Temirbeton) bilan kelishib, undan 50 ming dollar pora olgan.

Biroq 2021 yil martga kelib qurilish uchun ajratilgan yer maydoni masalasi hal bo‘lmay qoladi va Voyit hoji 50 ming dollar pulini qaytarib berishni so‘raydi. Ammo soliqchilar pulni qaytarmaslik yo‘llarini qidiradi.

Tilavoldievning topshirig‘iga asosan, Voyit hojiga tegishli “Namangan temir beton buyumlari zavodi” MChJ, “Jiydakapa industry” MChJ, “Alfa Rovuston” MChJ, “Namangan pharm plant” MChJ, “Plant industry” MChJ va boshqa korxonalarga 2021 yil aprel-may oylarida to‘liq kameral soliq tekshiruvi tayinlanadi.

Ularning har birida 400-500 million so‘mdan kamomad aniqlab, korxona rahbarlarini departamentga chiqaramiz, deb qo‘rqitishadi. Alal-oqibat Voyit hoji boshini og‘ritmaslik uchun bergan 50 ming dollar pora pullaridan kechishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa hisoblangan kamomadlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib, arzimagan 1-2 million so‘m kamomad bilan dalolatnomalar yozilgan.

“Xullas, Tilavoldievning korruptsion kirdikorlari to‘g‘risida yozadigan bo‘lsak, juda ko‘p. Keyingi safar sizga viloyat DSB va shahar soliq inspektsiyasi boshliqlari va xodimlari hamda Tilavoldievning qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini eksportyor korxonalarga qancha pora evaziga qaytargani va boshqa noqonuniy harakatlar to‘g‘risida ma'lumot beraman.

Tilavoldiev, ayniqsa, uning 2 o‘rinbosariga oid jinoyatlarning o‘zi butun tun o‘qiladigan asar bo‘ladi. Tez kunda ko‘rishguncha”, deb maktubini yakunlagan “Eltuz” manbasi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 sentyabr 2017
Prezident Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72 sessiyasida qatnashish uchun AQShga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning Airbus A340-313 shaxsiy samolyotida bordi. ...
15 dekabr 2017
13 dekabr kuni Toshkent islom universiteti 4-kurs talabasi Asqar Nodirov o‘zbek-qozoq chegarasida o‘tayotib posbon Tolib Fayzievni pichoqlab tan jarohati ...
1 dekabr 2021
Taniqli huquq faoli Umida Niyozova rahbarligidagi Cotton Campaign koalitsiyasi delegatsiyasi 1 dekabr kuni O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta mobaynida O‘zbekiston ...
20 yanvar 2022
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahri sudi internetda O‘zbekiston rahbariyati va Xitoyning uyg‘urlarga qarshi siyosatini keskin tanqid qilishi bilan tanilgan ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...