Asosiy mavzular
6 may 2024

Cotton Campaign: Umida Niyozovaga qilingan tajovuz qoralanishi kerak

O‘zbekiston hukumati mehnat huquqlarining mustaqil monitoringi va hisobotini himoya qilish va xalqaro standartlarga sodiqligini namoyish etish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishi kerak.

(Vashington, 2024 yil 2 may) – O‘zbekiston hukumati taniqli huquq himoyachisi Umida Niyazovaga nisbatan sodir etilgan tajovuzkor ta'qibni tergov qilish yuzasidan tezkor va aniq choralar ko‘rishi hamda paxta sohasida mehnat huquqlari bo‘yicha mustaqil monitoring va hisobot qilinishiga ruhsat berish majburiyatini ochiq tasdiqlashi kerak, – deydi “Cotton Campaign”. “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi” asoschisi va direktori Niyazova bilan bog‘liq hodisa mustaqil mehnat huquqlari faollariga nisbatan tazyiq va bosimlar kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘lib, bu 2021 yil paxta terimida hukumat tomonidan tizimli ravishda joriy qilingan majburiy mehnat tugaganidan keyin global brend yetkazib beruvchilarni jalb qilish bo‘yicha hukumat va sanoatning sa'y-harakatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. “Cotton Campaign”ning yetakchi hamkori “O‘zbek forum” tashkiloti 2010 yildan buyon O‘zbekistonda har yili paxta terimi hamda qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning fermerlarga ta'siri yuzasidan mustaqil monitoring olib boradi

2024 yil 18 aprel kuni Niyazova va taniqli jurnalist, huquq faoli Sharifa Madrahimova Farg‘ona viloyatida Madrahimovaning uyi atrofida turishganida ikki noma'lum shaxs tomonidan nishonga olingan. Mazkur ikki nafar shaxs Niyazova va Madrahimovani ta'qib qilib, haqorat qilgan hamda Niyazovani “O‘zbekistonga qarshi axborot hujumlarini uyushtirganlikda” ayblagan. Niyazova va Madrahimova ular bilan ortiqcha aloqaga kirishmaslik niyatida o‘z mashinasiga o‘tirayotgan paytda ulardan biri mashina harakatlanishiga halal berish maqsadida eshikni ushlab olgan. Niyazova va Madrahimova viloyat bo‘ylab fermer va paxta klasterlari vakillari bilan uchrashuvlar boshlagan edi. Niyazova o‘zining, shuningdek, ular uchrashmoqchi bo‘lgan fermerlar va mahalliy huquq himoyachilarining xavfsizligiga zarar yetkazmaslik maqsadida safarni tezda to‘xtatdi.

“Niyazova va Madrahimovani qo‘rqitishga qaratilgan bu g‘ayritabiiy harakat O‘zbekistonning xalqaro ta'minot zanjiri qoidalariga rioya qilishga tayyorligi haqida xavotir uyg‘otadi. “O‘zbek forumi”ning mustaqil faollari o‘zbek paxtachilik sanoatida davlat tomonidan bolalar va kattalarning tizimli majburiy mehnatiga chek qo‘yishda hal qiluvchi rol o‘ynadi”, – deydi “Cotton Campaign”ga raislik qiluvchi “Global Labor Justice” tashkilotining huquqiy masalalar bo‘yicha direktori Allison Gill. “Ularning faoliyati O‘zbekistonning paxta va to‘qimachilik sanoatida xalqaro standartlarga javob berish yo‘lida davom etishi uchun muhim ahamiyatga ega. Agar O‘zbekiston mehnat huquqlariga katta e'tibor qaratuvchi global ta'minot zanjirlarida ishtirok etishga tayyorligini namoyish qilmoqchi bo‘lsa, mehnat huquqlari bo‘yicha faollar va ishchilar tazyiq, ta'qib yoki kuzatuvdan qo‘rqmasdan monitoring olib borishi va hisobot berishlari juda muhim”.

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, Niyazova va Madrahimovani ta'qib qilgan shaxslardan biri YouTubeda o‘z kanaliga ega Shuhrat Esanov bo‘lib, u Niyazova va Madrahimovaga yaqinlashgan joydan taxminan 1,5 soat uzoqlikdagi Farg‘ona shahrida istiqomat qiladi. Esanov Madrahimovaning uy manzilini qaerdan aniqlagani yoki o‘sha kuni ertalab Niyazova u yerda bo‘lishini qanday bilib olgani noma'lum. Esanov, shuningdek, Niyazovaning safari davomida qaerlarda bo‘lganligi hamda uning navbatdagi rejalarini aniq bilishini aytgan. Niyazova va Madrahimova kuzatuv ostida bo‘lganini taxmin qilar ekanmiz, ularning qaerdaligi va rejalari haqidagi ma'lumotlarga qanday ega bo‘lganligi haqida savol tug‘iladi. Bu voqea O‘zbekistonda inson huquqlari himoyachilariga nisbatan ta'qiblar kuchayib borayotgan bir paytda yuz berib, mehnat huquqlarini monitoring qilish ishlariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu esa global xaridorlarning O‘zbekistondan mahsulot olishga bo‘lgan ishonchini susaytirishi mumkin.

O‘zbek paxtasi bo‘yicha boykot bekor qilinganidan so‘ng, “Cotton Campaign” koalitsiyasi O‘zbekiston hukumati va sanoatini, shuningdek, jahon brendlarini O‘zbekistondan mas'uliyatli yetkazuvchi manbalarni rag‘batlantirish uchun jalb qildi. Bunday yondashuv jahon bozorlariga chiqishni ta'minlashi va o‘z navbatida barqaror iqtisodiy o‘sish va O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik sanoatida munosib mehnat qilish imkoniyatlarini yaratishi mumkin. Ammo bu haqiqatga aylanishi uchun O‘zbekiston ta'minot zanjirlarida inson huquqlari va mehnat huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga sodiqligini namoyish qilishi kerak. Mehnat huquqlari bo‘yicha to‘siqlardan xoli bo‘lgan mustaqil monitoring va hisobot tayyorlash – barqaror va jozibador paxta sanoatining asosiy elementi hisoblanadi.

“Transmilliy ta'minot zanjirlarida tez rivojlanayotgan inson huquqlari qonunchiligiga rioya qilish uchun global brendlar ta'minot zanjirlarining barcha darajalarida mehnat huquqlari masalalari bo‘yicha to‘liq mustaqil monitoring va hisobotlarga muhtoj”, – dedi Amerika kiyim-kechak va poyabzal assotsiatsiyasi (AAFA) siyosat bo‘yicha katta vitse-prezidenti Neyt Herman. “So‘z, harakat va uyushmalar erkinligi barqaror paxta va to‘qimachilik sanoatining asosidir va biz O‘zbekiston hukumatini faollar turli tazyiqlardan xoli ravishda mehnat huquqlari bo‘yicha monitoring va hisobot tayyorlashida ruhsat berilishini ta'minlashga chaqiramiz”.

18 apreldagi hodisa mustaqil faollar, ishchilar va boshqa mustaqil ovozlarning huquqlar buzilishi haqida xabar berishiga to‘sqinlik qiladigan voqealar ortidan sodir bo‘ldi. Niyazova va Madrahimovaga ta'qib qilinishidan bir hafta oldin ikkita alohida holatlar sodir bo‘lgan. Ikkisi ham Qashqadaryo viloyatida yuz berib, Kasbi tumanida yashovchi fermer va inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” tashkiloti a'zosini militsiya xodimlari chaqirib, bir necha soat davomida so‘roq qilgan. Ichki ishlar bo‘linmasi ikkisini ham “O‘zbekistonga zararli” harakatlarda ayblagan.

Yana bir holat 2024 yil yanvar oyida bo‘lib, Ichki ishlar vazirligi rasmiysi “O‘zbek forumi” faolini jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilib, “Indorama Agro” paxta shirkatida qishloq xo‘jaligi ishchilari bilan muloqot qilgani va u yerda mehnat huquqlari buzilgani haqida xabar bergani uchun uning hayoti xavf ostida ekanligini aytgan. 2023 yil avgust oyida yana bir “O‘zbek forumi” faolining mehnat huquqlari bo‘yicha treningda qatnashish uchun Qozog‘istonga borishiga halal berish maqsadida tuman militsiyasi uning pasportini musodara qilgan va belgilangan safar muddati tugaguniga qadar hujjatini qaytarib bermagan.

“Mustaqil monitoring ishlari va inson huquqlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish salbiy oqibatlarga olib kelib, O‘zbekiston hukumatining islohotlar haqidagi va'dalari va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga zid keladi”, – dedi Mira Rittman, “Human Rights Watch” tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi. “O‘zbekiston hukumati mustaqil kuzatuvchilar va faollarning ta'qib va ​​tazyiqlardan xoli ravishda o‘zlarining muhim ishlarini bajarishini ta'minlashi kerak”.

“Paxta terimida davlat tomonidan joriy qilingan tizimli majburiy mehnatga barham berishi ortidan O‘zbekistonda jahon brendlaridan mas'uliyatli yetkazib beruvchilarni jalb qilish imkoniyati tug‘ilib, innovatsiyalarni joriy etgan holda malaka oshirish va zamonaviy texnologiyalarga sarmoya kiritayotgan paxta kompaniyalarining ilg‘or tajribasini kengaytirish va rag‘batlantirishga yordam beradi”, – dedi Bennet Friman, “Cotton Campaign” koalitsiyasi hammuassisi va AQSh Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo‘yicha yordamchisining sobiq o‘rinbosari. “Ammo bu imkoniyatni ro‘yobga chiqarish uchun O‘zbekiston inson huquqlari himoyachilariga o‘zlarining muhim faoliyatini hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirishga imkon berishi kerak”.

###

“Cotton Campaign” – bu inson va mehnat huquqlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va chakana savdo uyushmalari, mas'ul investor tashkilotlari, ta'minot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning majburiy mehnatga barham berish va Markaziy Osiyodagi paxta sohasi ishchilari uchun munosib mehnatni rivojlantirish uchun birlashgan koalitsiyasidir.

“Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forum” nodavlat tashkiloti “Cotton Campaign”ning yetakchi hamkori bo‘lib, 2010 yildan buyon O‘zbekistonda har yili paxta terimi jarayonini mustaqil ravishda monitoring qiladi.

  • “O‘zbek forumi” monitoringi O‘zbekiston paxtachilik sektoridagi majburiy mehnat va ekspluatatsion mehnat sharoitlarining asosiy sabablarini aniqlash, shuningdek, dolzarb va ahamiyatli islohotlarga sabab bo‘lgan “Cotton Campaign” targ‘iboti, kampaniyalari hamda O‘zbekiston hukumati va sanoati bilan hamkorlik haqida ma'lumot berish uchun muhim ahamiyatga ega.
  • 2021 yilgi terim davrida davlat tomonidan tizimli majburiy mehnatga barham berilishi ortidan “O‘zbek forumi” tomonidan monitoring olib borilishi “Cotton Campaign” faoliyati, kengroq aytganda, O‘zbekistonda mehnat huquqlarini yanada yaxshilashga intilayotgan barcha manfaatdor tomonlar faoliyati uchun muhim ekanligicha qolmoqda.
  • “O‘zbek forum” tashkiloti Germaniyada ro‘yxatdan o‘tgan. Unga 2008 yilda inson huquqlari bo‘yicha faoliyati uchun qo‘zg‘atilgan jinoiy ayblovlar ortidan to‘rt oylik qamoqda o‘tirib, O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan yetakchi o‘zbek huquq faoli Umida Niyazova tomonidan asos solinib, raislik qilinmoqda.
  • “O‘zbek forumi” faollari O‘zbekistonda o‘zlari istiqomat qilayotgan hududlarda monitoring ishlarini olib borish va paxta sektorida inson huquqlari buzilishi va majburiy mehnatni hujjatlashtirish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega. Faollarning inson huquqlari, intervyu texnikasi va ma'lumotlarni yig‘ish bo‘yicha malakalari oshirib boriladi.
Tag‘in o‘qing
15 sentyabr 2017
So‘zsiz surat. Rassom Tuz Eltuz.com
19 noyabr 2018
Shotlandiyaning The Herald gazetasi O‘zbekistonning yirik kompaniyalari ustidan o‘z nazoratini o‘rnatayotgan sirli firma haqidagi navbatdagi surishtiruvini e'lon qildi. «Eltuz» ...
20 mart 2017
Ichki ishlar organlari davlat boshqaruv hokimiyatining eng katta organi hisoblanadi. Shunga qaramay, uning faoliyati mustaqillik e'lon qilingandan keyin qisqa ...
11 oktyabr 2016
Majburiy mehnat monitoringi bilan shug‘ullanayotgan «Qo‘rqmaslar» guruhi faoli Maloxat Eshoqulovaning eltuz.com muxbiriga bergan intervyusiga ko‘ra, ularni cho‘l zonasidagi «Qirlishon» ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...