18 may – Bir surat tarixi: Abdullabek va Rahbarxonning sevgi hikoyasi
1914 yilning 18 mayi deya tarix yozilgan bu surat markazida turgan Abdullabekning evarasi, shu kunlarda Toshkentda yashayotgan Umida Haqnazar Eltuz.com ga o‘z bobosi haqida maqola yozib berdi.
Toshkentning so‘nggi romantigi
1914 yilning 18 mayida Frantsiyaning Yelisey saroyida Daniya qiroli sharafiga ziyofat berildi. Rimdagi tamaki fabrikasi ishchilari ish tashladi. Tokioda o‘n beshinchi odam o‘latga chalinib o‘ldi. Dengizda halokatga uchragan «Solferino» kemasiga badaviy arablar hujum qildi. Tiflisda ilk texnika dorilfununi binosiga tamal toshi qo‘yildi.
Aynan 18 may kuni Rossiya imperiyasi orqa hovlisi sifatida ko‘rilgan Turkistonning Toshkent shahridagi fotostudiyaga jadid yoshlar – Abdullabek, Abdunosir, Omon va Badir kirib keldi.
Rasmdagi Abdullabek mening katta bobom bo‘ladi. Abdullabek Mirzaahmadbek (Niyozbek) va Zulayho begim oilasidagi to‘rt o‘g‘ilning ikkinchisi edi.
Tabiatan kamtar, zakiy va romantik odam bo‘lgan, Yevropa qadriyatlari asosida tahsil olgan Abdullabek ayollarga ehtirom bilan qarar, ularning qalbi va aqlini zabt qilish istagida edi.
Abdullabek 24 yoshga kirganida Toshkentning aslzoda xonadonlaridan birida kamol topgan Rahbarxon degan ayolni sevib qoladi. Rahbarxonning ota-onasi esa uni diniy ulamolardan birining o‘g‘liga unashtirib qo‘yishgandi. Fotihani buzish o‘sha davrda oila sha'niga darz keltirishi mumkin edi.
Abdullabek va Rahbarxon qochishga ahd qilishadi. Sevishganlar poezdga o‘tirib, imperiya boshkenti Sankt–Peterburgga kelishadi. Bu nikohdan Muhabbat degan qizaloq dunyoga keladi.
Sankt-Peterburgning rutubatli havosi toshkentlik oshiqlar tabiatiga to‘g‘ri kelmaydi. Ikki yillik g‘urbat so‘nggida ular Toshkentga qaytishadi.
Sankt-Peterburgning nam havosida zotiljam kasaliga yo‘liqqan Rahbarxon olamdan o‘tadi. O‘limini sezgan ayol eriga vasiyat qilib, “olti oydan keyin albatta uylaning, qizim onasiz o‘smasin”, deydi.
Ammo onasining o‘limidan sal o‘tmay qizaloq ham vafot qiladi. Shu tariqa toshkentlik romantikning sevgi hikoyasi fojeaviy yakun topadi.
Keyinchalik Abdullabek boshqa ayolga uylanib, bola-chaqali bo‘ldi, bu endi ayri hikoya. Abdullabekning o‘zi esa 1925 yili olamdan o‘tgan.
Umida Haqnazar
Eltuz.com