Asosiy mavzular
2 oktyabr 2017

Hiylai shar'iy – majburiy paxta terimini qonuniylashtirishga urinish

Mahalliy hokimlar paxta terish uchun tayyor qullar hisoblanmish byudjet tashkilotlari xodimlari majburiy mehnatini «qonuniylashtirish»ning yangi va yangi usullarini kashf qilmoqda.

Masalan, Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov paxta frontiga qo‘shimcha ishchi kuchlarini safarbar qilishning yangicha usullaridan birini tezda amaliyotga joriy qilishga ham ulgurdi.

Ha, tinib-tinchimas hokim-ey, nimalarni o‘ylab topmaydi-ya! Uning fikricha, bu hiylasini kamida 10 yil davomida prezident Shavkat Mirziyoev ham bilmay o‘tadi.

Qo‘shimcha yollanma ishchilarni topa olmagan hokim O‘zbekiston hududida majburiy mehnat taqiqlaganiga qaramay, byudjetchilarni paxtga haydashning uddasidan chiqyapti.

Endi hokimning ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilayotgan bu «hiylai shar'iy»ning mazmun-mohiyatini ochib bersak.

Maktablarda 6-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarni sinf rahbarlari: «Har bir kilo paxta uchun bitta besh baho qo‘yamiz», deb aldab yotibdi.

Maktab o‘qituvchilariga esa darsdan keyin to‘g‘ri paxta dalasiga borib «uyushmagan aholi» sifatida paxta terish buyurilgan.

Birov kimligi so‘rasa, ular o‘qituvchiligini aytmaydi, uyushmagan aholi bo‘ladi-qo‘yadi. Aks holda ishdan haydalishi aytilgan ularga.

Bu «hiylai shar'iy» o‘quvchilar bilimiga qanchalik salbiy ta'sir etishi bilan hech kimning ishi yo‘q. Asosiysi, paxta terib olinsa bo‘ldi.

Hokimning prezident oldida «yuzi yorug‘» bo‘lishining o‘zi yoshlarning kelajagidan ko‘ra kattaroq ahamiyatga ega.

«Uyushmagan aholi» qatoriga endi o‘quvchilarning ota-onalari ham tortilyapti. Har bir sinfdan uch ota yoki ona paxtaga chiqishi, agar chiqmasa, 15 ming so‘m to‘lab, o‘z o‘rniga mardikor jo‘natishi majburiyati yuklangan.

Majburiy mehnat degan «milliy qadriyat»dan litsey va kollej o‘qituvchilari ham bebahra qolgani yo‘q. Ular o‘z hamyonidan pul to‘lab, mardikor yollashi shart.

Bunday vaziyatda mardikorning oshig‘i olchi tushdi. Ilgari o‘n kunga 200 mingga ko‘nayotgan mardikorlar viloyat hokimining og‘zidan 18 yoshgacha bo‘lganlarni majburiy mehnatga jalb etish jinoyat ekanini eshitganidan so‘ng 400 ming so‘mga zo‘rg‘a rozilik beryapti.

«Uyushmagan aholi» toifasiga zo‘rlab tiqilgan Asaka avtomobil zavodi ishchilari ham hokimning «duosi»da.

Toshkentdan keladigan tekshiruvchilar ham «uyushmagan aholi» g‘ayrat bilan paxta terayotganini ko‘rib, balli deyishdan nariga o‘tayotgani yo‘q.

Shuncha yillardan beri ish berib kelayotgan «hiylai shar'iy» bu yil ham hokimlarni uyaltirib qo‘ymaydigan ko‘rinadi!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 aprel 2017
O‘zbek nashrlari barcha savdo sub'ektlarida kassa apparati joriy etilishi haqidagi prezident qarori ijrosi haqida yozarkan, tadbirkorlar va banklar o‘rtasidagi ...
22 iyun 2016
Istanbulning Baqirko‘y tumanidagi sakkizinchi og‘ir jazo mahkamasida davom etayotgan sud jarayonida qotillik tashkilotchisi deya ko‘rilgan Sobir Shukurov va qatlni ...
23 iyul 2018
Poytaxtning Olmazor tumani sudida 51 yoshli tadbirkor, “Integral Invest” shirkati rahbari Jahongir Umarov ustidan mahkama 23 iyul kuni ham ...
29 iyun 2018
O‘zbekiston hukumatining muttasil buzish va qurish ishlari tufayli tarixiy qimmatini yo‘qotgan Shahrisabz yodgorliklari iyun oxirida e'lon qilinadigan YuNYeSKO qaroriga ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...