Asosiy mavzular
7 fevral 2018

Qaytar dunyo…mi?

Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov sho‘rolar davrida respublikani uzoq yillar boshqargan Sharof Rashidovning nomini go‘yoki oqlashga qaratilgan bir qator ishlarni amalga oshirgandi.

Keyinchalik bu ishlari faqat o‘ziga xalqni og‘dirish, obro‘ orttirish maqsadida qilingani, aslida bu sa'y-harakatlarining Sh.Rashidov nufuzini haqiqatan tiklashga hech qanday aloqasi yo‘qligi ayon bo‘lgandi.

Chunki oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Sh.Rashidov nomi matbuotdan quvg‘in qilindi, hatto uning sharafiga qo‘yilgan tuman nomi ham o‘zgartirildi.

Endi bu kechmish bugun tarixga aylangan Islom Karimovning o‘zi bilan ro‘y berayotgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Xo‘sh, bunday muqoyasaga nima sabab bo‘ldi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Avvalo, o‘tgan yilning so‘nggi oylarida Sharof Rashidovning, yaqinda esa Islom Karimovning yubileylariga matbuotning reaktsiyasiga e'tibor qaratish lozim.

Hali olamdan o‘tganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan marhum prezidentning sharafiga e'lon qilingan maqolalar, efirga uzatilgan radio va teleeshittirishlar ko‘lami kompartiyaning aynan uning davrida nomini unutishga urinilgan birinchi kotibi sha'niga yangragan chiqishlardan uncha farq qilmadi.

Qolaversa, Islom Karimov yubileyiga oid chiqishlar bu tantanalar tugashi bilan go‘yoki yo‘qlikka g‘oyib bo‘ldi. Eshonmasangiz, mahalliy OAVni kuzating.

Bundan tashqari, yubiley o‘tar-o‘tmas Karimov davrining eng yorqin «timsollari»ni yashin tezligida bartaraf etishga kirishildi.

Rustam Inoyatov MXX raisi lavozimidan quvildi, diktatorning qizi ekanini Frantsiya sudlari orqali rad etishga uringan Lola Karimova O‘zbekistonning YuNYeSKOdagi elchiligidan ketdi.

Bundan oldinroq, Lolaning mamlakatdagi biznes imperiyasi asosi bo‘lmish «Abu Saxiy» bozori undan tortib olingandi.

Xullas, Islom Karimovning cheksiz qudrati timsollari birin-ketin bartaraf bo‘lmoqda va bu jarayon to‘xtaydiganga o‘xshamaydi.

Mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar to‘lqini marhum diktatorning butun izlarini o‘chirib ketadigan yo‘nalishda esayotgandek nazarimizda.

Karimov nomidagi jamg‘armayu muzey, maqbara, unga mamlakatning uchta shahrida o‘rnatilgan haykallar kimnidir bu xulosalardan chalg‘itishi mumkin.

Lekin vaqti kelyaptiki, ular faqat sobiq diktatorning davrini xalqqa eslatib turadigan, shu orqali yangi o‘zgarishlarning ahamiyatini namoyon etadigan timsoldan boshqa hech qanday qadrga ega bo‘lmay boraveradi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 noyabr 2017
2017 yilgi paxta terimida «Umumxalq hashari» shiori ostida byudjet idoralari xodimlari, jumladan, o‘qituvchilar mehnatidan tobora kengroq foydalanilmoqda. Sirdaryo viloyatidan ...
28 aprel 2021
Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboevni sudga ...
17 dekabr 2023
Rassom Tuz
3 avgust 2020
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimidagi vaziyat yomonlashgan bir paytda Toshkent shahri hokimi bilan bog‘liq xususiy universitet to‘g‘risidagi davlat hujjatlari g‘azablantirmoqda. ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...