Catira
19 fevral 2018

Yangi supertuzilma kerakmi?

O‘zbekistondagi jo‘shqin siyosiy o‘zgarishlar shu paytgacha mamlakatda eng qudratli kuch bo‘lgan Milliy xavfsizlik xizmati o‘rniga yangi supertuzilma – prokuraturani qudratga keltirayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.

Shu paytgacha o‘zbek jamiyatida MXX aralashmagan soha bo‘lmagan. Davlat muassasalarini qo‘ya turing, hatto nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining ham shu tuzilmadan o‘z kuratorlari bo‘lgani sir emas.

Amaldagi prezidentning bugungi chiqishlaridan ma'lum bo‘lyaptiki, o‘z vaqtida bu tuzilma uning ham ko‘zini ochirmagan. Hozir Shavkat Mirziyoev MXXni o‘zi amalga oshirayotgan islohotlarga eng katta to‘siq o‘laroq baholamoqda va bunga barham berishga urinmoqda.

Shuning uchun gidraning «boshi kesildi» – MXX raisi ishdan olindi, tuzilmadagi o‘nlab rahbarlar lavozimidan chetlatildi. Xullas, tashkilotda tozalash ketmoqda.

Ammo ayni shunday o‘zgarishlar fonida prokuratura organlarining haddan tashqari kuchaytirilayotgani kuzatilayotir.

Ilgari MXXdan chiqqan Rashid Qodirov bosh prokuror bo‘lib uzoq yillar ishlagan bo‘lsa, endi sobiq bosh prokuror MXXni boshqarmoqda.

Bosh prokuraturada to‘qqizta yangi boshqarma tashkil etildi va boshqa kuchishlatar tuzilmalarning ayrim vakolatlari ularga o‘tkazilyapti. Prokurorlarning sohaga aloqador bo‘lmagan boshqa tizimlarga rahbarlik lavozimlariga tayinlanayotgani ham bor gap.

Bir superqudrat o‘rniga ikinchisi vujudga keltirilayotgandek go‘yo. Garchi prezidentning o‘zi so‘nggi chiqishlarida bunga qarshi fikrlar bildirayotgan bo‘lsa-da, aslida shunday bo‘lmoqda.

Kuni-kecha Shavkat Mirziyoev Buxoroga tashrifi davomida MXX sha'niga navbatdagi tanqidlarni yog‘dirar ekan, «bitta davlatning idorasiga shuncha vakolat berish davlatga bo‘lgan qip-qizil xiyonat»ligini ta'kidladi.

«…Pogon kiygan noinsoflarga birorta davlatda unday vakolat berilmaydi. 37-yilda ham bunday (emas) edi», dedi prezident MXXning mislsiz hokimiyatga ega bo‘lganiga ishora qilib.

Holbuki, bugun davlat rahbaridan tobora ko‘proq vakolatlar olayotgan prokuratura ham oppoq emas. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili mazkur organ vakillari bilan uchrashgan prezident ularni rosa tanqid qilgan edi.

Shavkat Mirziyoev ularga tegishli qavat-qavat hashamatli uylar, qo‘sha-qo‘sha kvartiralar, behisob mol-mulk «qaerdan kelganini bilishini», agar ular «esini yig‘masa», holiga maymunlar yig‘lashini aytib, tahdid qilgan edi.

Ammo prezidentning tanqididan bir yil o‘tar-o‘tmas prokurorlar «qo‘li toza», vatanparvar, adolatparvar insonlarga aylanganiga hech qanday kafolat yo‘q va bunga birov ishonmaydi ham.

Bu gapimizning isbotini Bosh prokuratura huzurida tuzilgan va katta vakolatlar berilgan Majburiy ijro byurosi faoliyati misolida ko‘rishimiz mumkin.

Mazkur idora kommunal xizmatlar uchun qarzlar asosli yoki asossizligiga qaramay, haqiqiy qarzdorlarni ham, kommunal xizmatlar aybi bilan asossiz ravishda qarzdor qilinganlarni ham bir xilda qiyratmoqda.

Shuning uchun bugun Majburiy ijro byurosining, bu tuzilma xodimlarining ko‘pgina xatti-harakatlari xalq orasida asosli ravishda norozilik kayfiyatini uyg‘otayotgan holatlar kam emas.

Biz totalitar tuzum davrida bitta tuzilma qo‘lida haddan ortiq vakolatlar to‘planishi nimalarga olib kelganini o‘z boshimizdan o‘tkazdik.

Ayniqsa, erkin matbuot va erkin jamiyat to‘liq shakllanmagan mamlakatda bunday holat ikki barobar xatarliroq.

Sardor Azim, rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 fevral 2017
Oldingi dayjestlarimizda bir necha bor O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan elektron ommaviy axborot vositalarida uyg‘onish epkini esayotgani, ular avval umuman ...
18 fevral 2016
“Izzatini bilgan biror baliq bunday gazetaga o‘rashlarini istamasdi” degan chikagolik jurnalist Mayk Roykoning so‘zlari bugungi o‘zbek gazetalari haqida aytilganday, ...
17 dekabr 2021
Kun chiqdi. Kun botdi. Oldingi spichdan keyin roppa-rosa 6 marta tong otdi. Eng uzun yaldo tuni ham ortda qoldi. ...
9 iyun 2020
Bu maqolani o‘tgan yili yozgan edim. Lekin hech qaerga jo‘natmadim. Sababi, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoevning tashabbusi bilan O‘zbekiston bilan ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...