Asosiy mavzular
19 aprel 2018

O‘zbeklar do‘ppiga qaytmoqdami?

Do‘ppido‘z chevar Hamida Yunusova 25 yildan buyon do‘ppi tikadi. Bu hunar unga oilaviy an'ana bo‘lib, juvon do‘ppi tikishni opalaridan o‘rgangan.

Andijonda do‘ppi bozori yana gurkiray boshladi.

Do‘ppi bozori kasodga uchragan yillar Hamida tikuvchilik korxonasiga ishga kirdi. Ammo hunariga bo‘lgan mehri tufayli do‘ppido‘zlikni ham tashlay olmadi. Dam olish kunlari, qo‘li bo‘sh paytlar ermak qilib turar, bir kuni to‘plab sotishni niyat qilib, sandiqning burchagiga tashlab qo‘yardi.

«Orada biroz vaqt shunday davrni boshdan o‘tkazdik. Hamma zamonaviylashib ketdi, do‘ppilar xor bo‘ldi. Hunarmandlar kasodga uchradi. Odamlar do‘ppini faqat to‘y va aza kuni kiyadigan bo‘pketgandi. Lekin, mana, xudoga shukr, halol mehnat bilan kun ko‘radigan hunarmandlarning ohi Xudoga yetganimi bu, yo odamlar milliylikka qaytyaptimi, harqalay, bozorimiz jonlanib qoldi», – deydi Hamida Yunusova.

Hamidaning “Jahon bozori”da o‘zi aytmoqchi – “tochka”si bor. U o‘zi va shogirdlari tayyorlagan do‘ppilarni payshanba va yakshanba kunlari olib chiqib sotadi. Keyingi paytda uning do‘ppilari birorta ham qolmay sotilib ketmoqda. Do‘ppido‘zlarning quvonib ta'kidlashlaricha, so‘nggi 10 yildan buyon do‘ppining bozori bu qadar chaqqon bo‘lmagandi. Shuningdek, do‘ppilarning narxi keskin ko‘tarilgan.

Bozorga chiqarilgan kuyovdo‘ppilar…

«50 ming so‘mlik do‘ppilar 150 ming so‘mgacha sotilmoqda, bozor “yurib” qoldi, yosh-yosh yigit-qizlar do‘ppi olgani kelyapti. Prezidentimiz milliylikka e'tibor qaratayotgani uchun maktab, kollejlar o‘quvchilariga do‘ppi kiyasan, degan buyruq bo‘pti. Yaxshida, ham o‘zimizning milliy bosh kiyim, ham qancha-qancha odamlarning tirikchiligi o‘tadi», deydi do‘ppifurush Inobat opa.

Andijondagi «Jahon bozori»da mingga yaqin do‘ppifurush savdo qiladi. Ular orasida qo‘shni viloyatlardan, ayniqsa, Namangan viloyatining Chust tumanidan kelib savdo qiluvchi do‘ppifurushlar bor. Chustlik do‘ppido‘z chevar Omina Otaxonovaning aytishicha, Andijonda Chust do‘ppilariga talab katta, shu sabab Omina opa tikkan mahsulotlarini Andijonga olib kelib sotadi. Uning mahsulotlari orasida 100 dollargacha bo‘lgan qimmatbaho kuyov do‘ppilari bor.

Bitta do‘ppi bozorga chiqquncha o‘nta qo‘ldan o‘tadi….

«Bir dona do‘ppi to tayyor bo‘lib boshga kiyilgunicha kamida 10 nafar hunarmandning qo‘lidan o‘tadi. Matosini olamiz (do‘ppi tag deyiladi), gul tikamiz. Tepchiymiz, piltalaymiz, qo‘shamiz va pressda bosamiz, har biri alohida bir bosqich. Demak, birgina do‘ppi 10-12 ta odamning qozonini qaynatadi. Shu bitta do‘ppi bir haftada tayyor bo‘ladi. Haqiqiy peshona ter, qo‘l mehnati bilan bunyod etiladi. Shuning uchun bu hunar orqasidan topilgan pul ona sutidek halol, deb o‘ylayman», deydi Omina opa.

Bozorda do‘ppifurushlarning bir kunlik pattasi 6 ming so‘mni tashkil etadi. Bironta ham do‘ppi sotilmagan paytlar asabiylashgan hunarmandlarning 6 ming so‘m uchun pattachilar bilan janjallashib ketgan holatlari ham bo‘lgan. Do‘ppi bozorining gullashi hunarmandlar uchun ham, bozor ma'muriyati uchun ham birdek foyda keltiradi.

«Maktab o‘quvchilari do‘ppi kiysin, degan buyruq bo‘libdi….»

Yana bir e'tiborli jihat: Navro‘z bayramidan so‘ng telekanallarda efirga chiqayotgan ayrim boshlovchilarining imiji o‘zgardi. Xususan, M5 («Mening yurtim») telekanali yangiliklar dasturi boshlovchilari ham do‘ppi kiyib chiqishmoqda. Do‘ppilarning urfga kirayotganiga kiyinish madaniyati va milliylikka davlat siyosati darajasida qaralayotgani asosiy sabab bo‘lmoqda, deb hisoblamoqda ko‘pchilik.

«Ommaviy axborot vositalarining yoshlar ongiga ta'siri haqiqatda katta ekan. Hozirgi yoshlar mashhur, taniqli kishilarga taqlid qiladi, moda ketidan quvadi. TVdagi boshlovchilar do‘ppi kiyib chiqqanidan so‘ng do‘ppi kiyishga qiziqqan yoshlar ko‘payib ketdi. Bu juda yaxshi, albatta. Chunki do‘ppining boshga foydasi katta. Qishda sovuq, shamoldan sal bo‘lsa ham asraydi, yozda quyoshdan pana qiladi, sintetik matodan tikilgan emas, mutlaqo tabiiy mahsulot. Buning ustiga, o‘zimizda ishlab chiqarilgan. Kollejimiz 1-kurs qizlari bir xilda ukpar do‘ppi kiyishga o‘tishdi. Endi o‘g‘il bolalarga ham do‘ppi kiygiza olsak, yaxshi bo‘lardi», – deydi shahardagi kollejlardan birida ishlovchi muallima.

Albatta, do‘ppi kiyish yoki kiymaslik har kimning o‘z ishi. Ammo do‘ppi barcha davrlarda ham o‘zbekning o‘ziga xosligi va milliyligimizni eslatib kelgan. Qolaversa, do‘ppi va belbog‘ erkak kishining haqiqiy ziynatidir. Shu bois, ko‘pchilik do‘ppilarning yoshlar orasida yanada ommalashishiga umid qilmoqda.

Shohida Saidova
Andijonlik muallif taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 mart 2017
Keyingi kunlarda Andijon bozorlarida sabzavotlarning narxi ko‘tarilib ketdi. Hammadan ko‘ra kartoshkaning narxi oshgani odamlarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda. Chunki, aholining ...
16 sentyabr 2016
Bugun Jizzaxga Mirziyoev kelishi munosabati bilan qo‘y so‘yiladi. Bu viloyatda u hokimligi davrida nimalar qilmadi, ayniqsa Karimovning ko‘nglini olish ...
23 avgust 2018
Internetda tarqalgan yosh qiz bilan jinsiy aloqa qilayotgan domla videosi tafsilotlari va shaxsi «Eltuz»ga ma'lum bo‘ldi. Video 2017 yili ...
6 avgust 2018
«Men Odilovga: – Ahmadjon aka, pulingizni oling, menga dietik ovqat shart emas. Zonaning oshxonasiga faqat nonimni olib kelish uchun ...
Bloglar
26 avgust 2022
30 yildirki sargardonlikda, avval Norvegiyada keyin Turkiyada yashayotgan Muhammad Solih yangi kulliyoti – asarlar to‘plami ...
15 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...