Catira
28 may 2018

Tadbirkorlarga berilayotgan kredit korruptsionerlardan undirilmoqdami?

Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida shu kunlarda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilayotgan uch foizlik kreditning manbai korruptsionerlardan musodara qilinayotgan mablag‘lar bo‘lishi ehtimoli bor.

Hozirgi kunda xalq orasida faqat Andijon viloyati uchun “Har bir oila – tadbirkor” shiori ostida berilayotgan bu arzon kreditlar haqida tarqalgan gaplar shundan darak beradi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoevning Andijonga qilgan so‘nggi safaridan so‘ng boshlangan bu jarayon davomida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun jismoniy shaxslarga 17 million so‘mgacha, yuridik shaxslarga 172 million so‘mgacha kredit taklif qilinmoqda.

Bank xodimlari uyma-uy yurib, “Prezident hisobidan”​ ekani aytilayotgan 3 foizlik bu kreditlar 3 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilga taklif etyapti.

“Ozodlik” radiosi Andijon viloyati uchun ajratilgan bu kreditning umumiy miqdori bir trillion so‘m deb yozdi. O‘zA xabarida esa bu miqdor 800 milliard so‘m ko‘rsatilgan.

​Har qanday holatda ham bu juda katta summa va Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 14 foiz bo‘lib turgan bir vaziyatda 3 foizlik kredit berilishi turli mish-mishlar va qarashlarni keltirib chiqarishi tabiiy.

Eng e'tiborlisi, hatto bu kreditni tarqatishga mas'ullar ham uning manbasi haqida tasavvurga emas. Zero, agar ular bank hisobidan berilayotgan bo‘lsa, moliyaviy qonuniyatlarga suyanilsa, bu har qanday bankning sinishiga olib kelishini anglatadi.

Shunday ekan, 3 foizlik kreditning manbasi korruptsionerlardan qaytarib olingan pullardir, degan gaplarda ham asos bordek ko‘rinadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korruptsiyaga oid juda katta va shov-shovli jarayonlarga guvoh bo‘lyapmiz.

Sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining eng yuqori bo‘g‘ini amaldorlari bo‘lmish aka-uka Sharifxo‘jaevlardan yuzlab million dollar musodara qilingani haqida norasmiy xabarlar ham tarqalgan.

Bundan tashqari, MXX raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovning qamalishi ortidan unga tegishli juda katta mablag‘ davlat hisobiga olib qo‘yilgani to‘g‘risida ham norasmiy ma'lumotlar bor.

Eng so‘nggi ma'lumotning manbasi esa prezident Shavkat Mirziyoevning o‘zidir. U yaqinda Andijonga tashrifi chog‘ida sobiq bosh prokuror, ayni paytda o‘zi hibsda, ishi tergovda bo‘lgan Rashid Qodirov million-million dollarni davlatga qaytarayotgani, uning o‘g‘li esa milliarder ekanini bildirgandi.

Bank tizimida ishlovchi xodimlardan biri “Eltuz” bilan suhbatda Andijon uchun ajratilgan kredit manbasi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarda jon borligini bildirdi.

“Chunki bunday shartlarda kredit berishga O‘zbekistonda hech qaysi bankning kuchi yetmaydi. Ularni sindirib qo‘yadi bunday kredit. Qolaversa, banklarimizda hozir bunga yetarlicha rezerv yo‘q”, dedi bank xodimi.

  • Prezidentimiz juda katta islohotlarga qo‘l uryapti,- deya qo‘shimcha qildi u. – Shavkat Mirziyoev korruptsionerlar xalqdan tortib olgan pullar yana xalqning o‘ziga xizmat qilsin, degan ezgu niyatda shunday qarorga kelgan bo‘lishi mumkinligiga ham shubha qilmayman.

Hozircha “Eltuz” ixtiyorida arzon kreditlarning asl manbasi to‘g‘risida aniq ma'lumotlar yo‘q. Rasmiylar ham bu haqda xalqni xabardor qilishga shoshilmayapti.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 oktyabr 2023
Etnomillatchi avom Xilton mehmonxonasidagi haykalni urkaltak sazoyi qilib yotibdi. Sababi: Haykaldagi o‘zbek egilib turibdi ekan. Iddao: O‘zbek egilmasmish! Bu ...
13 mart 2020
Hafta aylanib, yana sizlar bilan yuzma-yuz bo‘lganimdan mamnunman, azizlar. Hafta ichida kim qadri uchun, yana kimdir qorni uchun yig‘ladi. Kimdir ...
5 may 2023
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman. Matchonboy sen nega qo‘lingga garmon olding. ...
19 mart 2024
Re: Common olib borgan surishtiruvda Italiya davlat eksport kredit agentligi SACE, Baxtiyor Fozilovning muhandislik korxonasi va Rossiya shirkatlari orasida aloqalar borligi aniqlandi. Rossiyaning Gazprombanki ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...