Asosiy mavzular
5 may 2023

Mirziyoev Berlinda. Moskva yondi

RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman. Matchonboy sen nega qo‘lingga garmon olding. Soz chalib berasanmi?

MS: Tuz og‘a baribir man oytqonimni soropoyonnon boshqo yerdagila chushinmiydi. Keyin gap xayp biloro. Hammasi potxolim, lagan qoqishdon boshqog‘o yoromiydo‘n yetim jujala. 

RT: To‘g‘ri qilibsan Matchonboy. Mana Mirziyoev Berlinda ekanida, dam soz, dam suhbat bo‘ldi. Mirziyoevning qizi va nevaralariga kontsert qo‘yib berishdi Berlin filarmoniyasida. Chorshanba kuni birdaniga uchta muzeyni yopib, o‘zbek rahbari oilasi ko‘ngilxushligi uchun berishdi. Muzey ko‘rgan zararni O‘zbekiston qopladi. 

MS: Aldin qiyzlo «xola-xola» o‘ynar adi. Xozir «gulnora-gulnora» o‘yniydilo. O‘yinda o‘ynasa chiqim kam bo‘lar adi. Shu o‘yinni Shovvozsoyda o‘ynasa bo‘miymi? Parij bilan Berlinni ovvorai jaxon atmin. 

RT: Matchonboy, sen qo‘shiq aytaman devding. Yana suqilishni boshlading. 

MS: Daston oytomon og‘o. Dostonda qo‘shiqdan aldin girish so‘zi bo‘lodi.

RT: Ayt bo‘lmasa.

MS: Bir yurtda bir poshshog‘o taxt o‘lchab barilgan ekan. Bo‘lg‘oni ikki metr. Poshsho bo‘lso usto chog‘irib shu taxtni 17 metr atib qayta yasattiribdi. Taxt tayyor bo‘lg‘onnan keyin usto dutorini olib tingir tingir attirib oytib durg‘on yeri iminnin. 

Oylonip chiqdim bog‘ yono. Bir xo‘jik galdi men yono. Ishqinda bo‘lib divono. Taxtda qolomon didi. Voh sani olomon didi. O‘lincha qolomon didi. Qolmosom o‘laman diydi. Spidometrni no‘l atip… Probegni yana no‘l atib,  Gozni baraman diydi…

RT: Gazni bergani yaxshi. Sovuqda qiynalganimiz esimdan haliyam chiqmadi. Barakalla Matchonboy. Endi bundan buyon sen gapirmay, qo‘shiq oytib turavur. 

MS: 

Xudoddan diladim chushding alima

Ëzdir indi orqoyin  dimalaringni…

Srok prok dayan gap galmasin ko‘nglinga

Ëzdir poshshojonim dimalaringni…

RT: Matchonboy shu kunlarda oy chiqsayam kun chiqsayam prezidentlarning nevarasiga chiqdi. Bitta nevara soliq to‘lovchilar hisobidan Berlinda simfonik kontsert eshitdi. Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillaeva Toshkentda ishton ko‘ylagini sotib Afrikadagi ochlarga pul jiynadi. Buxoroning qarako‘lidagi ochlarga Afrika prezidentining nabirasi pul to‘plasa biru bir bo‘ladi.

MS:  

Bedana sayrasa daptarda qog‘oz… 

Ayvono chiqmang og‘o uradi oyoz. 

Ina langir lungir. 

Ona langir lungir. 

RT: Matchonboy blogerlar kurshovidagi nabirayu qizlar Berlinu Parij qilib langir lungir qilib yurganida taxsinga sazovor ishlar ham yuz berdi.

MS: 

Nemis chiqdi o‘rmondan. 

Investitsiya oldi karmandan. 

Ë o‘lasan yo qoloson 

kimni do‘sti bo‘loson. 

Albatda nemisga do‘st bo‘lishlik joiz. 

Germaniya Yevropa ittifoqining umurtqasidir. Berlin esa u super davlat poytaxti. Ko‘chalardan siyosiy qudrat isi kelib turadigan megapolis. 

Seshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev oyog‘i Germaniyaning aziz tuprog‘i bilan tabarruk bo‘ldi. 

 O‘zbekiston rahbari Mirziyoev Germaniya Federal Kantsleri Olaf Sholts bilan uchrashdi. 

Bu tashrif sharafiga Berlin filarmoniyasida drijerlar Kirill Rixter va Alibek  Abduraxmonovlar boshchiligida nag‘ma bazmi qurdilar. Bu nag‘ma bazmini Mirziyoevning nabirasi o‘z tashrifi bilan arjumand ayladi. 

Shavkat Mirziyoev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan Belvyu saroyida uchrashdi. 

Ha o‘sha zigi zo‘yli ya'ni yengish minorasi deya dunyoga mashxur obida yonidagi muhtasham saroyda. Bu saroydagi tadbirlarni yoritish uchun Eltuz muxbirlariga  allaqachon akreditatsiya berildi. 

3 may kuni soat 17 da  O‘zbekiston prezidenti Berlindagi  Jeyms Simon galereyasida ochiladigan “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Aleksandr Makedonskiydan Kushonlar imperiyasigacha” nomli ko‘rgazma bilan tanishdi. 

O‘zbekiston o‘ris tagiga poyi patak bo‘lmay G‘arbga yuz burib G‘arb davlatlari¸ xususan Germaniya bilan yelkadosh do‘st bo‘lgani albatta yaxshi va ma'qul.

Germaniya bu eng lyuks avtomobillar o‘lkasi. Germaniya bu yuksak texnologiya va ilmiy zakovat cho‘qqisi. Germaniya bu muxtasham tibbiyot tizimi. Germaniya bu tezlik chegarasiz bo‘lgan avtobonlar tizimi. Bu o‘lkaga yaqinlashish yaxshiga yondashish demakdir. Bu o‘lka kim bilan do‘stlashsa o‘sha o‘lkaga baraka¸ xuzur va hushu kiradi. Yashasin Germaniya va O‘zbekiston do‘stligi.

MS: Vorrildop uchib, vorrildop uchip galdi to‘ram zilzila solip¸ Osmon poroxot oyripolonglarini go‘ring. O‘zbekistonning shoni sho‘katini go‘ring. 

RT: O‘zbekiston davlati asoschisi Fayzulla Xo‘ja nemischada ravon gapirar va mutolaa qilardi. O‘z uyini ta'mirlagan rus arxitektorlari bilan nemischa gaplashgani eslanadi. Fayzulla Xo‘ja o‘z puli xisobidan yuzlab yoshlarni Germaniyaga o‘qishga yuborganida nemis texnologiyasi, fan va irfoni millatga yuqsin deb orzu qilgan. (Hozirgi kabi cho‘pchak emas, balki matematika, mexanika, tibbiyot va agronomiyani o‘qishgan Fayzulla Xo‘ja olmonga yuborgan o‘zbeklar) 

Fayzulla Xo‘ja rus Kreml jallodlari tarafidan otib o‘ldirildi. Germaniyadan o‘qib qaytgan jadid yoshlar ham qatag‘on qilindi. Lekin chet elda qolgan o‘zbeklar Germaniya bilan aloqani uzmadi. Mustafo Cho‘qay, Vali Qayumxon ota va Boymirza Hayitlar Germaniya armiyasiga asirga tushgan turkistonliklarni qutqarishdi. Imkon qidirishdi. Ular rus Kreml jallodlaridan nemis yordamida qutulishni orzu qilishdi. 

Bugun ham rus Kreml jallodlarining qonli ko‘zi mamlakatimizga tikilgan. Ular, xuddi Ukrainada qilgani kabi, O‘zbekistonda ham go‘daklarni o‘ldirishga hoziru nozir. Bunday qiyin pallada o‘zbek prezidentining Berlinga kelgani shoyon tahsinga loyiq. Jadid otalarimiz orzusi bu. 

Oddiy misol. Zaporejets, Moskvich kabi temir tersakdan Mersedes, BMV va Bentlilar million marta mukammal. Das ist Doychland. O‘zbekiston bayrog‘i muzaffar olmon va ovropa birligi bayroqlari bilan nemis osmonida hilpiramoqda. 

Freundschaft. Frieden und Sieg über die russische Welt. Botu yozganidek «Ey muarrix! Ushla yozg‘ich! Bizni esla shon bilan! Lekin tarix yozg‘uvchilar O‘zbekiston rahbarining Putin ta'sirida bo‘lganini ham yozib qo‘yadi. 

MS: Assalom o‘rislor buyuk og‘omiz. Moskvadan nur olgan o‘zbek gulbog‘i. Preizdent yo‘lini siz ko‘rsatdingiz. Kreml nuridan shonlidir sho‘kat. 

(Boshi) Ina masalan Ukrainadog‘i urush O‘zbekistonnan kilometrlarcha uzoqda. Naya shunda bu urush uchun O‘zbekistondagi o‘ris hijolat chakishi garak. Do‘g‘ri o‘risla Putinni xotini yo erinnanam ko‘proq savadi. O‘zbeklaram Putinni enasinnan ko‘proq, ammo dollar bilan grinkarddan kamroq yaxshi go‘radi. Lekin naga urushni boshlag‘ln qolib butun xalq qiynalishi garak. Gospitalniy yoni dilanchi o‘ris bilan do‘lib getibdi. Ocho‘ris dagan gap yena aktual bo‘ldi shu gunlada. 

RT: (Titr) Rus oydini Dmitriy Gubindan saboq. «Nega barcha ruslar Putin jinoyati uchun javobgar?» 

Bu savolga javobni  Ukraina yoki Rossiya bilan umuman aloqasi bo‘lmagan kitobdan topdim. Bu Mark Mansonning motivator kitobi, «Mening nima aloqam bor bahonasi.» deb nomlanadi. Kitob juda amerikancha, ya'ni qanday yashashni tushuntirish ishtiyoqida juda kashshof. Ammo bu kuzatuvlarning nozikligi va umumlashtirishning aniqligi tufayli amerikancha  boshqa motivator kitoblaridan yaxshiroq farq qiladi.

Ëzuvchi Manson  ayb va javobgarlik nisbati haqida shunday yozadi:

«Biz aybdor bo‘lmagan muammolar mavjud, ammo biz ular uchun javobgarmiz. Aytaylik, siz bir kuni ertalab uyg‘ongansiz va kvartirangiz ostonasida yangi tug‘ilgan chaqaloqni topdingiz. Kimdir tashab ketgan.  Bu sizning aybingiz yemas: siz bolani tashab ketmadingiz. Lekin sizda bir mas'uliyat bor. Siz  bu vaziyatda nima qilish kerakligini hal qilish kerak. Balki bolani   o‘zingiz uchun asrab olarsiz. Balki 40 daraja sovuqda bolani ostonada qoldirib eshikni yopib bemalol sutli shokolod ichib jurnaldagi rangli rasmlarni tomosha qilarsiz. Ëki bolani oshpichoq bilan maydalab  sevimli  pitbul ko‘ppagingizga yemish qilib berarsiz. Qarang – sizning tanlovingiz qator muammolarni keltirib chiqaradi va siz ushbu muammolar uchun javobgarsiz. Biz ko‘pincha bizning aybimiz bo‘lmagan vaziyatlar uchun javobgarmiz. Bu hayot. Mana bu tushunchalarni qanday farqlashingiz mumkin. Ayb o‘tmish bilan, mas'uliyat esa hozirgi kun bilan bog‘liq. Ayb siz allaqachon qilgan tanlovingizdan kelib chiqadi, mas'uliyat esa har kuni va har daqiqada qilgan tanlovingizdan kelib chiqadi.»

Xullas siz, har safar omma oldida «Bu urushda mening aybim yo‘q¸  men hech narsada aybdor bo‘lmasam, nima uchun urush uchun javobgarlikni o‘z zimmamga olishim kerak?! Boshqalar tortsin jazoni!!!»-  deya baqirishdan oldin siz yozuvchi Manson  tasvirlagan vaziyatni eslang.

24 yil 2022 fevralda biz hammamiz ertalab eshikni ochdik va ostonada yotgan chaqaloqni ko‘rdik.

Va bu o‘ldirilgan ukrainalik chaqaloq edi. Uni o‘ldirgan askar davlat nomidan harakat qilgan edi. Ya'ni unga bu buyruqni  kim berganini bilamiz. Buyruqni davlat bergan edi.

Bolaning o‘limida sizning aybingiz yo‘q, lekin o‘ldirilgan bola shu yerda.

Ehtimol, siz bolaning jasadini maydalab erkatoy ko‘ppagingiz  pitbulni boqmaysiz, ammo bu soniyadan boshlab siz o‘z  xatti-harakatlaringiz uchun javobgar bo‘lasiz. Agar eshikni zichlab yopib kvartirada uzlatga chekingan bo‘lsangiz ham. Siz ichki emigratsiyaga qamalib uyda o‘tirsangiz ham baribir javobgarsiz.  Siz yosh bola jasadini ko‘rmaganga olib bu o‘lik bolakay ustidan chatanog‘ingizni katta yirib xatlab o‘tib ishlaringizni qilsangiz ham sizning aybdor ekanligingiz haqidagi hukm o‘zgarmaydi. Politsiya hech narsa qilmasligini bilganingiz ham  sizni aybdan holos qilmaydi. 

Ukrainalik bolaning jasadi har bir o‘risning  ostonasida.

Jasad uchun ayb Putin va uning jamoasida.

Lekin har bir narsa uchun javobgarlik yanada barcha ruslar zimmasida.

MS: Ono langir lungir. Ina langir lungir.  Tuz og‘a navchun bo‘lmasa tarmoqlarda aqli yetgan ham yetmagan ham Putinni maqtab yotibdi

Bugungi o‘zbekistondagi millionlarning miyasi cho‘pchak va nafrat bilan to‘la. Ammo u yerda aslo ilm¸ fahm va farosat yo‘q. Oldin aytganimdek Ili Ilf va  Yevgeniy Petrovning «12 stul ». romani qaxramoni Ellochka-lyudoedka lug‘ati 30 so‘zdan iborat bo‘lsa  oddiy cho‘pchakxo‘r o‘zbek lug‘ati 15 so‘zga ham bormaydi. Bu so‘zlarni yarmisini o‘ziyam tushunmaydi. Masalan o‘sha mo‘'min yo mo‘'mina eng ko‘p ishlatadigan «zaybal» so‘zini ma'nosiniyam tushunmaydi. Bu biomassa ertaga bugundan ham battar savodsiz bo‘ladi va oxirida ikki ko‘zli og‘zi bor ammo tili yo‘q yeb ichib tualetga boradig‘on maxluqqa aylanadi. Ba'zilari aylanib ham bo‘ldi. Izox qoldirishdan oldin maktabda 8 yil o‘qib ega nima kesim nima ergashgan qo‘shma gap nimaligini bilib oling.

MS: Dron borip urilodi gumbaza, oryoninda yonib yotibdi neftebaza, Bayroqlori yonib getdi o‘risni… kishtak kishtak kishtak

RT: O‘zbekiston rahbari Berlinda yurar ekan Moskva yuragi bo‘lgan kreml gumbaziga dron bilan hujum qilindi. Bayroq yondi. Bir paytlar Rauf Parfi yozgan edi. «Moskva yonmoqda, yonmoqda axir» Aslida bu gapni Kutuzov aytgan. Rossiya ozod bo‘lishi uchun Moskvaga o‘t qo‘yish kerak.

MS: Uchak uchaka boqodi¸ aldinnan solmo oqodi. Xivodo gastinsa qurg‘on qiz boy boy jonimni yoqodi…

RT: Xivadagi vandalizm to‘xtatilsin UNESCO himoyasidagi Xiva shahrida qonun va mantiqqa zid tarzda beton qoziqlar qoqib, 4 yulduzli mehmonxona qurayotgan tujjorlar ishtahasiga kim qoziq qoqadi? Kim bu ishga stop deya oladi? Mirziyoev davrida shahar bedarvoza bo‘ldimi? Qadimiy obidalar nega tujjorlar qo‘liga berildi? Termitlardan ming battar bu tujjorlar qadimiy obidalarni yeb tugatsa, Germaniya muzeyladidagi Xiva qoldiqlari bilan maqtanamizmi? Deshon qal'a mavaston hududidagi qurilish deb atalgan vandalizm to‘xtatilsin!

MS:

Joku joku joku…

Olti torgosh biri boxram

Molxonosinda olor dam

Kansert bo‘lso gunda bayram

Olti torgosh biyri Sa'nat

Ishitjaki quri la'nat

Olti olkosh biri quddi

Lotoreyasi moshin utdi

Olti torgosh biyri zerip

Yuradi ko‘krakni  kerip

Joku joku joku

RT: Matchonboy oldingi safar aytganimiz tema. Ya'ni O‘zbekiston problemasini o‘ris tilida Parijda yoki Berlinda muhokama qilish masalasi bo‘yicha odamlar e'tiroz bildirgan. Senga nima deb. Misol keltirsam. Masalan mening Urganchdagi uyimda kanalizatsiya buzildi. Pul to‘lab usta chaqirsam. Santexnik. U aytsa men seni uyingdagi kanalizatsiya problemasini Parijga yoki Berlinga borib tuzataman desa xayron bo‘lamanku. 

To‘rt-beshta faol va pop yildizning Parijga borib, Hojiboy aytmoqchi, «morojna yeb kegani» O‘zbekiston tashqarisi uchun «nol» targ‘ibot bo‘ldi va O‘zbekiston ichkarisi uchun yilning eng qimmat anti-targ‘iboti bo‘ldi. (Majolisning ruscha o‘tishi G‘arb uchun antimagnit bo‘lgani alohida mavzu) 

1. Nega palonchi boradiyu men bormayman degan temada o‘zbek aktivistlarining ikkinchi jahon urushi boshlandi. (Birinchi jahon urushi – bu «faol»larning Berlinga borganida yuz bergandi) 

2. Fotoshop yordamida «qaritish san'ati» deyilgan shubhali art performens ortidan shundoq ham har narsadan xapa bo‘luvaradigan ko‘ngli «nozuk» qoraqalpoqlar uvvos solib yig‘lab, qaytib chiqmaydigan depressiyaga kirib ketdi. 

3. Tadbirning to boshlanguniga qadar harbiy sir singari saqlangani ham savollar paydo qildi. 

4. Sponsorlikka ixtiyoriy-majburiy qatnashgan xomiylar ham o‘z noroziligini gizli sizdirib, «bizga zarilmidi pulni fortochkadan otvorib?» degan mujdaga jon kiritishdi. Buning ortidan pul yuvish korruptsiya va O‘zbekiston imidjini yerga ko‘madigan ellik millionta iddao hassaga tayanib, dunyo bo‘ylab kezib boshladi.

5. Men hurmat qiladigan «aktivist»lar – Aziza, Nikita, Shaxnoza va, ayniqsa, otashin muhabbat bilan sevadiganim Muxlisaning shu paytgacha yaratilgan aykonik tasviri xiralashdi, aynagi darz ketdi.

Shunaqa gaplar. Bir o‘q bilan ikkita emas butun boshli quyonlar fermasini otib o‘ldirish deyiladi bu. 

Gip-gip ura. Olqish va tasanno. Bo‘lsa shunchalik bo‘lar.

Agar o‘zbek «aktivisti» vatandagi spo‘nso‘r hisobidan Parijga borib, «vatanni sevib tashash» haqida gapira boshlasa, darrov cho‘ntagingizni paypaslab ko‘ring. Karmoningiz joyidami? Dvlatning karmonichi? «Yangi O‘zbekiston» obro‘sichi?

Navbatdagi qo‘shig‘imiz oltin qafas ichida sayraydigan bulbullar uchun maxsus ijro qilinadi. 

(«Shahnozalar» retro qo‘shig‘i yangraydi, raqsida Rayhon, zalda esa Muxlisa dro‘n uchirib video olmoqda )

MS: 

Raqsga tushar shahnozalar¸ shahnozalar

Gulga o‘xshar shahnozalar¸ shahnozalar

Bir biridan go‘zal bo‘lib parijlarda

Dilga yoqar shahnozalar¸ shahnozalar

Matchonboy men kuni kecha Berlinda Mirziyoev qatnashgan tadbirlarda nemis tarafidan akreditatsiya olib qatnashib beton haqida o‘yladim. Betonni endi qorib apalubka ichiga quysangiz oldiniga qotmay turadi. Ikki uch kun o‘tib beton toshday qotadi. Mirziyoev 2019 yili Berlinga kelganida hali toshdan qotmagan edi. Adlon mehmonxonasi oldiga yig‘ilgan o‘zbek studentlar bilan gaplashgandi. Ertasiga Belvyu saroyida nemis jamoatchiligi bilan ham yaqin kelib qo‘l berib so‘rashib salom aliq qiluvdi. O‘zi bilan nevara chevaralari urug‘ aymog‘ini ham yetalab kemagandi.  O‘shanda unga hamroxlik qilgan mototsiklchi telexlar soni ham kam edi. Bu safar Mirziyoev jurnalistlar bilan ham jamoatchilik bilan ham ko‘rishmadi. Masalan, Berlindagi muzeyga Germaniya prezidenti Shtaynmeyer bitta politsiya mashinasi hamroxligida kelgan bo‘lsa, o‘zbek prezidenti bir necha mashina¸ va mototsiklchi uvloviqlar hamroxligida dabdaba bilan keldi. Germaniyada pul to‘lasangiz mingta mototsiklchi ham sizga hamroxlik qiladi. Shundan keyin o‘zbek soliq to‘lovchilari hisobidan muzeyni yopib faqat o‘zlari ko‘ngil hushlik qilishdi. Atrofni xuddi Saddam Husayn kelgani kabi telexlar bilan o‘rab qo‘yishdi. Nemislar buni ko‘rib aptini burishtirdi. Diktatura va mustabidlikning sassiq xidi kelayotgan edi. O‘sha kuni o‘zbek shoiri Ulug‘bek Hamdam mana bu she'rni yozdi

Qiyomatlar qo‘psin dunyoda, mayli,

Ariqlarda oqsin suv emas, qonlar.

Yer yutsin eng mas'um go‘dakni hatto,

Jahannam o‘tida qovrilsin jonlar!

Qiyomatlar qo‘psin dunyoda, mayli!..

Agar…

Agar yer yuzini boshqarsa zolim,

Agar haq so‘z qolib yolg‘on bo‘lsa bosh!

Agar johil kulib, yig‘lasa olim,

Agar gul o‘rnida qo‘lga tushsa tosh,

Qiyomatlar qo‘psin dunyoda, mayli!..

Agar qashshoq ochdan o‘lsayu boyi

Qayrilib boqmasa, osh-tuz bermasa!

Jinoyatlar sodir etilsa kun-tun,

Mirshabi osiyni dorga termasa,

Qiyomatlar qo‘psin dunyoda, mayli!..

Agar razolatga to‘lsa ona yurt,

Shoiri yolg‘onni yozib kun ko‘rsa.

Vatanni  parchalab sotgan tujjorni

Mullasi ulug‘lab, “duo”lab deb tursa,

Qiyomatlar qo‘psin dunyoda, mayli…

Agar shunday bo‘lsa, chindan-da, yohu,

Qiyomat qo‘pishga loyiq dunyo bu!..

MS: Ono langir lungir. Ina langir lungir. Vatanimiz bo‘ldi obod man yig‘lmay kim yig‘lasin. Uring potyani og‘o.

RT: Assalom O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2017
Ijtimoiy tarmoqda Alisher Usmonovdan bir million rubl mukofot so‘ragan o‘zbekning videosi ovoza bo‘ldi. Videoda o‘zining oddiy bir ishchi ekanini ...
21 avgust 2020
Mezon kechdi. Qanday shoshib kechdi bu mezon. Hosil to‘la aravasi loylarga botib Sochi oqardi. Mezon kechdi. Qanday ma'yus kechdi ...
6 sentyabr 2021
Ko‘rayotganingiz bu shodon odamlar qatiq bayramini qutlamoqda. Qatiq sharafiga alyorlar aytishmoqda. O‘zbekiston «Yashasin mustaqillik», deya shivirlayotgan paytda Turkiyaning Silivri ...
25 fevral 2016
Agar Navoiy tirik bo‘lganida bugungi o‘zbek kinolari haqida nima der edi. Har holda tasanno aytmagan bo‘lar edi. Masalan O‘zbekistonlik ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...