Asosiy mavzular
3 dekabr 2018

O‘zidan chiqadigan gaz va elektrga yolchimayotgan xalq

“O‘z gazingni o‘zgaga berib, tappi yoqqan o‘zbegim”, deya sovet davrini yomonlagan xalqimiz o‘zining zamonaviy tarixida ham gazga yolchimayapti.

O‘zbekistonda aholi va sanoat korxonalarining gazga ehtiyoji ortib borayotgan, bu ehtiyojni qondirish katta muammoligicha qolayotgan bir paytda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Xitoyga gaz yetkazib berishni yanada ko‘paytirish tadorigini ko‘ryapti.

Kompaniya mutasaddilarining ma'lum qilishicha, hozir “O‘zbekneftgaz” neft-gaz sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqyapti. Bu kontseptsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri esa “O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvurining 4-liniyasini qurish bo‘ladi.

Bundan tashqari, kontseptsiyada tabiiy gazni chuqur qayta ishlash, ikkita neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish masalalariga ham asosiy e'tibor qaratilgan.

Bu rejalardan ko‘rinib turibdiki, mamlakat aholisini quvurlar orqali tabiiy gaz bilan to‘liq ta'minlash masalasi hali-beri hukumat uchun ustuvor vazifaga aylanadiganga o‘xshamaydi.

Buning natijasida sifatsiz, yonishidan ko‘ra tutashi ko‘proq bo‘lgan ko‘mirni yoqib, is gazidan zaharlanish holatlari ko‘paymoqda. Ko‘miri bo‘lmaganlar esa hali ham tappi yoqib kun ko‘ryapti.

Oqar gaz bilan ta'minlanmagan aholi punktlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish borasidagi ishlar o‘lda-jo‘lda. Qog‘ozda ishlar besh, aslida esa gaz yo‘qligidan aholining fig‘oni falakda.

Bu yoqda elektr energiyasi bilan ta'minlashda ham ijobiy o‘zgarishlar kam. Hukumat esa Afg‘onistonga elektr yetkazib berishni ko‘paytirish tashvishini qilyapti.

Yaqinda Talimarjon issiqlik elektr stantsiyasidagi nosozlik sabab respublikaning juda ko‘p hududlarida o‘zi shunday ham katta muammo bo‘layotgan tok o‘chirishlar miqyosi bir necha barobar ko‘paydi.

Avtoritar boshqaruv usuli uchun tinimsiz tanqid qilinib kelinayotgan Imomali Rahmon birinchi navbatda o‘z aholisini ta'minlash uchun O‘zbekistonga elektr uzatish hajmini qisqartirsa, biz o‘zimizning xalqimizni o‘ylamay, uni “jafokash qo‘shni”ga pullash ilinjidamiz.

Natijada rivojlantiramiz deb og‘iz yirtayotganimiz kichik va o‘rta biznes bugun ishlamay o‘tiribdi. Chunki tok yo‘q.

Elektr bo‘lmasa, ishlab chiqarish bo‘lmaydi, ishlab chiqarish bo‘lmasa, odamlar ishsiz qoladi, ishsizlar oylik olmaydi, ro‘zg‘or qaqshaydi…

Bu zanjirli reaktsiya uzluksiz davom etadi. U xalqni yanada qashshoq qiladi, turmushni og‘irlashtiradi, mamlakat taraqqiyotiga g‘ov bo‘ladi.

Gaz o‘rniga tappi yoqqan, 21-asrda ham qora chiroqqa kuni qolgan xalqqa esa buyuk kelajak, farovon hayot va'da qilish hamon davom etmoqda.

Bu va'dalarni eshitib, sovet davridagi mashhur fantastik film esga tushaveradi. 25 yil davomida o‘sha kinodagidek “biz sizni baxtiyor qilamiz”, deb aqlimizni to‘mtoqlashtirib kelishdi.

Bugun ham biz shunday gipnoz ostidamiz go‘yo. Bizni baxtiyor qilmoqchi bo‘lganlarning o‘zlari baxtiyorlikka erishganiga ancha bo‘ldi.

Gazimizni Xitoyga, elektrimizni Afg‘onistonga sotganlar yanada baxtiyorlashib boraveradi, biz esa baxtiyor kunlarimiz kelishiga ishonib yashayveramiz…

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2021
Muhtaram o‘quvchi, sizga bundan 38 yil oldin yuz bergan voqealarni gapirib beryapman. 38 yil oldin Ahmadshoh Mas'udning yashirin istehkomlaridan ...
17 mart 2016
Bundan 11 yil oldin Ostonada o‘rnatilgan va Qozog‘istonlik talantli haykaltarosh To‘lepboy Erbo‘latning “Sevishganlar” nomli taxsinga loyiq asari muhofazakor fuqarolar ...
5 fevral 2016
Aramais va uning sheriklari ustidan sud tugadi. Hukmni kutish qoldi. Prokuror unga 18 yil so‘radi. 2015 yilning 4 sentyabrida, ...
17 mart 2018
Rossiyada 18 mart kuni Vladimir Putinning yana bir bor prezidentlikka saylanishi kutilmoqda. Federatsiya hududlaridan tashqari 2014 yili Rossiya ishg‘ol ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...