Ko‘zqarash
19 aprel 2019

MDHdagi folbincha siyosat

Folbinlarga ishonmayman, lekin ularning biznes modeliga qoyil qolaman. Bir qarashda kelajakni tavakkal aytib, mijozni bunga ishontirish juda qiyinga o‘xshaydi. Aslida esa folbinlar buni juda oson eplaydi.

Aytaylik, bir guruh odamga “o‘n bir oydan keyin hayotingda baxtli hodisa ro‘y beradi” desangiz, ko‘pchilik o‘n bir oy ichida bu bashoratni unutib yuboradi, unutmaganlar esa hayotidagi biror baxtli voqeani o‘sha bashorat bilan bog‘laydi, zero inson hayotida doimo “baxtli” va “baxtsiz” deb baholanadigan voqealar ro‘y berib turadi.

Aniq bashoratlarga keladigan bo‘lsak, bu yerda boshqacharoq printsiplar ishlaydi. Masalan, bir guruh odamga “o‘qishga topshirib, kirasan” desangiz, kimdadir bu “bashorat” amalga oshishi ehtimoli har doim bo‘ladi. Yuzta odamdan to‘qson beshtasida amalga oshmasa ham ular kelib pulini qaytarishni talab qilmaydi (istisnolar kamdan-kam bo‘ladi), qolgan besh kishi esa folbinga ishonib, yana o‘nta mijoz yetaklab keladi.

Folbinlarni eslashimning sababi bor. Gap shundaki, MDH davlatlarida faoliyat yurituvchi ayrim siyosatchi va ekspertlar folbinlarning printsiplarini o‘zlashtirganga o‘xshaydi. Ularni tushunsa bo‘ladi — soha MDH hududida yangi, yaxshi mutaxassislar yetishmaydi; ayni paytda, noprofessional mutaxassislarni fosh qilib tashlaydigan tanqidchilar yoki fuqarolik jamiyati ham aksariyat hollarda yo‘q. Shuning uchun ayrimlar internetda yoki televidenieda chiqib, qo‘rqmay siyosiy prognozlar beraveradi.

Siyosiy prognozlar berish — puxta bilimni va tahliliy mushohadani talab qiladigan mas'uliyatli ish. Lekin biz so‘z yuritayotgan kichik bir guruh odamlar siyosiy prognoz niqobi ostida o‘zining taxminlarini berib yuborishdan ham toymaydi.

“Sharmanda bo‘lgandan ko‘ra jim turgani ma'qulmasmi?” deb o‘ylarsiz. Ammo bu yerda OAVga xos shov-shuvga o‘chlik ish beradi: “falon davlatda hech narsa bo‘lmaydi” desangiz, sizning gapingiz jurnalistlarning qiziqishini uyg‘otmasligi mumkin. “Falon davlatda urush bo‘ladi” desangiz, bashoratingiz yolg‘on bo‘lib chiqish ehtimoli yuqori. Ana shunda “mumkin” so‘zi yordamga keladi. Taxminingizga “mumkin” so‘zini qo‘shib gapirsangiz, o‘zingizni himoya qilib olasiz va ayni paytda shovshuvli gap aytib, OAVning qiziqishini uyg‘otasiz. Endi maqsadga ko‘chayda, bir misol keltiray.

Kecha bir “ekspert”ning gapini eshitib qoldim. “Ukrainada oligarxlar fuqarolik urushini keltirib chiqarishi mumkin, imkon qadar aktivlaringizni olib chiqib keting” qabilida. Juda zo‘r pozitsiya! Urushni bashorat qilyapti, demak, uning so‘zlari aniq OAVda chiqadi. Agar rostdan urush bo‘lsa, “ana, aytmaganmidim!” deydi. Ukrainada urush kelib chiqishi ehtimoli 1 foiz ham chiqmasligini inobatga olsak, “mumkin” so‘zi uni himoya qiladi. Urush kelib chiqmasa, “men axir “mumkin” degandim, chunki shunga ishoralar bor edi, lekin oligarxlar vaqtida o‘zlarini tiyib qoldi”, deydi. Har tomonlama yutuqli pozitsiya.

Mana shunday “ekspertlar”dan ogoh bo‘ling, har qanday jiddiy qiyofali odamning gaplariga yoki yozdiqlariga ishonib ketavermang va, albatta, har qanday ma'lumotni tahlil g‘alviridan o‘tkazishga harakat qiling.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
25 noyabr 2020
Xorazmda kelinga bokira emas, degan ayb qo‘yib, uni videoga olgan, sha'nini toptab sazoyi qilgan kuyovning qarindosh-urug‘lari ustidan Xorazm viloyati ...
7 noyabr 2023
Salom qadrli muxlislar, ko‘rsatuvlarimizni Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta maktubni o‘qish bilan davom ettiramiz. Ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Toshkent, Jizzax, ...
20 mart 2016
Ekipaj a'zolarining barchasi BAA fuqarolari bo‘lgani, shuningdek, yo‘lovchilardan 5 nafari xorijlik ekani aytilmoqda. Xabar qilinishicha, yo‘lovchilarning 2 nafari ukrainalik, ...
3 mart 2022
Rossiyani Ukrainaga bostirib krishini oqlayatganlar miyasini Rossiya TVsini bir yoqlama propagandasi yuvgan ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Aynan shundaylar Putinni bosqinchilik ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...