Video
14 noyabr 2019

Turlilikdan qo‘rqmagan jamiyat erkindir

Kecha Lolaning klipidan so‘ng qo‘shtirnoq ichidagi «ma'naviyat» yana dolzarb mavzuga aylandi. Ko‘pchilik Lolaning «isyon»ini olqishlagan bo‘lsa, ma'naviyatchi va radikallar, albatta, uni yomon ko‘rib ketishdi. Yana bir bor «ma'naviyat» degan muammo qanchalik chuqur ekanligini tushungandek bo‘ldik.

Bir narsa aniqki, bir nechta maqolaga, bir nechta kliplarga qaramasdan, oddiy ma'naviyatchi o‘zgarib qolmaydi. Chunki «ma'naviyat» uning ongida dogma darajasiga yetgan. Ma'naviyatchi biror-bir o‘zgacha narsaga qarshi nafrat bilan yashaydigan oddiy mafkurachidir. Nechta ma'naviyatchini bilaman, hatto tanishlarimiz orasida ham bor. Ularni o‘zaro biriktiradigan narsa nafratdir. O‘zgacha fikrga, o‘zgacha dunyoqarashga, o‘zgacha kiyinishga, hatto ayoli bilan o‘zgacha qo‘shilishga ham.

Ular (ma'naviyatchilar) oliy irq, ular o‘zlarini hammadan aqlli, hammadan moral bilan ustun deb bilishadi. Bu ularga go‘yoki hammaga qanday yashashni o‘rgatish huquqini beradi. Ular sening uUniversitetda qaysi paypoqda borishingni, uyingda qaysi pijamada yurishingni, qaysi telekanalni, qaysi kinoni ko‘rishingni, qaysi kitobni o‘qishingni, qaysi qo‘shiqni eshitishingni, facebookda qaysi prikolni o‘qishing joiz yoki joiz emasligini, xullas, hayotingni hal qilishga haqliman, deb bilishadi. Biri uchun ayollar past sortli jonzot bo‘lsa, ikkinchisi uchun chet elda o‘qigan erkin fikrli inson dushman, uchinchisi uchun miniyubka bombadan ham xavfli quroldir.

O‘zlarini hammadan aqlli, har qanday «o‘zgachadan» ustunman deb bilib, ularga nisbatan ichida nafrat bilan yashashadi. O‘zini boshqalardan ustun deb bilib, boshqalarga nafrat bilan yashashi oddiy millatparastni eslatadi go‘yoki.

Ular haq yo‘lda, ular oliy axloqni bilishadi, sen bo‘lsa yirtiq shim kiyganing, «Joker»ni ko‘rganing, Lolani eshitganing, tungi klubga borganing, qizing bilan qo‘l ushlashib yurganing, galstuksiz o‘qishga borganing uchun qanaqa yashashni bilmagan past sortli jonzotsan. Zamon ko‘tarsaki, seni qayta tarbiyalash lagerlariga eltib, qaytadan tarbiyalasa. Qayta tarbiyalash lagerlari haqida orzusi amalga oshmagandan so‘ng qo‘lida uyg‘urlar qayta tarbiyalanayotgan lagerlarni maqtab maqola yozishdan boshqa chorasi qolmaydi.

Sog‘lom fikrli yurtdoshlarimga murojaatim: Siz erkin fikrli, ongli jonzot – insonsiz. Sizni hayvondan farqlab turadigan narsa ong, erkin fikrdir. Erkin fikrli insonlar xilma-xil bo‘lishi, ularning didi ham, xohishlari ham turlicha bo‘lishi tabiiy. Insoniyatni mana shu xilma-xillik, mana shu turlilik, mana shu «o‘zgachalik» bugungi darajaga olib keldi. Kim uchundir Sherali Jo‘raev san'at ustuni bo‘lishi, kim uchun Lady Gaga eng zo‘r qo‘shiqchi bo‘lishi tabiiy holat. Siz o‘z dunyoingizga ega bo‘lishga ma'naviyatchi, radikal va boshqalar bilan teng huquqqa egasiz. Eng muhimi, sizning dunyoqarashingiz, sizning e'tiqodingiz, sizning xohishlaringiz boshqaning erkini chegaralamasa bo‘ldi. Jamiyat uchun yagona mezon bu insoniy, butun dunyoda universal bo‘lgan axloqdir. U axloq chirigan G‘arbda ham bor, Afrikada ham bor. Axloq normalarini hurmat qilish uchun inson bo‘lish yetarli.

Va eng muhim qoidani hech qachon esdan chiqarmang: Sizning erkingiz boshqaning erki boshlangan joyda tugaydi.

Salomat bo‘ling!

Firuz Allaev,
bloger va noshir

Tag‘in o‘qing
2 mart 2017
27 fevral kuni Toshkentdagi ko‘p qavatli binoda sodir bo‘lgan yong‘in halokati aks etgan video qo‘yildi. Bunda piyodalar yo‘lagiga parkovka ...
6 noyabr 2017
O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi ishonchli manbaning bildirishicha, yaqinda Toshkent viloyati prokuraturasi viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Yangiyo‘l tumanida yashovchi ...
15 iyun 2018
Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti 1 iyun kuni Toshkent shahri prokurorining sobiq o‘rinbosari 68 yoshli Mirag‘lam Mirzaevning ...
22 oktyabr 2022
Shu kunlarda Lixtenshteyn Knyazligida o‘tkazilgan madaniy tadbirda, “Yuzuk e.V.“ nodavlat notijorat tashkiloti ijrochi direktori Dilbar G‘afforovaning, «O‘zbekiston tasviriy san'ati» ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...