• Suratda: Mustafo Jamil Muhammad Solih uyida mehmonda
Ko‘zqarash
16 aprel 2020

Nishonlar allergiyasi

Rahmatli otam Madaminbeg Begjonbeg o‘g‘lining Ikkinchi jahon urushida olgan besh-oltita nishoni bor edi.

Ulardan ikkitasi – katta kumush tanga shaklidagi «Jasorati uchun» medalini besh yoshimda ko‘ksimga taqib o‘ynaganim esimda.

Bu mening nishonlarga hurmat borasida ilk tajribam edi.

Keyin boshlang‘ich maktabda pionerlar taqadigan qizil galstuk hayotimga kirdi.

Bu qizil matohni bo‘ynimga taqar ekan, undan chiqqan «shitirdi»dan tuygan g‘alati hisni hali ham xotirlayman.

Nishonlarga nafrat VLKSM (komsomol) nishonidan boshladi. Uni bir necha marta yo‘qotib qo‘yib, muallimdan dakki eshitganimni eslayman.

Sovet armiyasida xizmatim davrida ham meni har xil nishonlar ta'qib etdi. Ammo ularning hech biriga loyiq hurmatni ko‘rsatmadim, ularni taqmadim.

Askarlikdan so‘ng, 1970 yil Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga kirdim.

Nishonlar ta'qibi biroz to‘xtadi.

Talabalik yillarim sovet nishon-simvollariga qarshi ma'naviy jihodimning eng intensiv yillari edi.

1975 yil universitetni bitirdim.

Diplom bilan nishon ham berishdi. Moviy-oq qorishiq bir romb edi, yanglishmasam.

Diplomni olgan kunim rahmatli xorazmlik shoir Qadam Saidmurodning uyiga ziyofatga bordim.

U yerda universitetdan olgan nishonimni Qadamning kichik o‘g‘liga hadya etdim.

Bu mustamlaka nishonlariga qarshi so‘zda emas, amalda munosabatim edi.

U paytlarda O‘zbekistonda qrim (tatar) turklari guruhidan boshqa bir dissident harakati yo‘q edi.

Biz ularga havas bilan qarar edik. 70 -yillar o‘rtalarida Mustafo Jamil va general Grigorenkoning dissidentlik mujodalasini ta'qib etardik.

Rahmatli Rauf Parfi bilan Olmazordagi bir eski uyda qrimlik qardoshlarimizning «gizli suhbat»larini tinglardik. Ularning ko‘ksidagi millat sevgisi biz uchun eng go‘zal nishon edi.

Biz ana shu nishonga havas qilardik. U paytda Mustafo Jamil og‘amiz endi qamoqdan chiqqan, Yangiyo‘lda yashardi, ammo harakatning yuragi yana u edi.

70-yil o‘rtalariga kelib sovet rejimining hur fikrga qarshi siyosiy tazyiqi bizdagi ma'naviy qiymatlar mezonini radikal o‘zgartirgan edi.

«Birorta urushda qatnashmay turib,
Hech kimni o‘ldirmay,
Asirga tushmay ham
Oltmishga kirishi mumkin odamzod.

Hech qachon harbiyga bormagan,
«Til» tutib kelmagan bobo bilan ham
Faxrlanishi mumkin nabira.

Bayroqni o‘pmay ham,
Qasam ichmay ham
Vatanni sotmaslik mumkindir!» (1981)

«Olis tabassum soyasi» – 1986

Yanglishmasam, 1976 yil edi, bir oshnomiz (hozir deputat)ning Talabalar shaharchasiga yaqin hovlisida Rauf Parfi, Ibrohim Haqqul, Ahmad A'zam, Erkin A'zam, Ahmad A'zam va yana yoshi kichikroq bir necha qalamkash «istilochi sovet rejimida va uning vassali O‘zbekiston ma'muriyatidan hech qanday nishon, mukofot olmaymiz», deb ont ichdik.

Go‘yo sovet rejimi bizga nishon taqish uchun oshiqib turganday!…

Lekin shunday bir ehtimol yo‘q emas edi.

Hatto bu tahlikaning oyoq saslarini eshitib, 1979 yil yozganim bir maqolada tengdoshlarni ogohlantirgandim go‘yo:

«Har bir iqtidorli shoirni “mashhur bo‘lib ketish” xavfi ta'qib etib yuradi. Ta'qib uning adabiyotdagi birinchi qadamlaridanoq boshlanadi.

Bu xavfdan eng talantli shoirlargina qutulib ketishi mumkin, ammo ular ham bir kuni qo‘lga tushadi: 60-yillar o‘zbek she'riyatini tahlil etgan tanqidchi yosh shoirlar qatorida “R.Parfi” degan ismsiz sharifni e'tirof qilgan edi.

70-yillarnining munaqqidi esa bu tahlilni rivojlantirdi. U shoirning bir she'rini keltirdi, maqtaganday bo‘ldi va … oxirida “biroz mavhum” degan gapni aytdi-da, butun tanqidchilikning og‘ziga saqich solib qo‘ydi…» («Ikki shoir haqida bir og‘iz so‘z», 1979).

Haqiqatan ham, zikr etilgan uyda to‘plangan o‘sha guruh a'zolaridan bittasi (endi har holda xalq yozuvchisi) 1980-yillarga kelib o‘z so‘zini tutaolmadi. Qaysidir asari uchun Lenin komsomoli nishonini oldi.

Uni o‘zaro «do‘stona sazoyi» qilgan bo‘ldik.

Ammo bu «kor qilmadi».

O‘sha uyida to‘planganlarning aksariyati (Rauf Parfi xorij) navbatma-navbat bu shirin tuzoqqa sevinarak tusha boshladilar:

«O‘zgarar zaminning jamoli,
Odam qiyofasi o‘zgarar.
Muhabbat ham boshqacha:
Kechagi ko‘ylagin bugun kiymaydi.

Mardlik ham o‘zgardi,
Kechagi mardlar
Bugun iste'foda, qarasalarki,
Bu xislat mazmuni kengayib,
Chuqurlashib borar xotira kabi!…

Bu-ku turaversin,
Tuzoqchi, u ham
Voz kechdi o‘zining siyqa shaklidan:
Endi tepsida shabnamlar yonar,
Bulbullar sayraydi uning boshida,
Qoshida tovuslar kerishadi jim…
Uning o‘zi esa mutlaq tilladan!

Faqat tahrir qilish kerak ismini. (1979)

(«Valfajr», 1985)

Butun sovet nishonlari – tasvirlanganimiz tuzoqning tahrir qilingan ismlari edi.

Bizning milliyatchi mafkuramiz kommunistik mafkuraga yengildi.

Sabab ob'ektiv edi. 70-yillar o‘zbek jamiyatida – bir-necha kishi xorij – voqelikka milliy qarash shakllanmagan edi. Voqealarni tahlil etish, ijtimoiy pozitsiyasini belgilash va buni oshkor etish an'anasi 30-yillarda Cho‘lpon, Fitrat, Behbudiylar bilan birga dafn etilgan edi.

Bugun «kashf» qilinganidek, faqat Hamid Olimjon va G‘afur G‘ulom, Ramz Bobojon va Hamid G‘ulom avlodlari emas, balki Vohidov-Oripov avlodi doxil, undan so‘ngra kelgan ora avlodlar silsilasi sovet mafkurasining qo‘lida qo‘g‘irchoq edilar.

Ular uchun rejim bergan har qanday nishon insonlik qiymatini belgilovchi yuksak mezon edi.

Shu bois, bu kishilar qo‘g‘irchoqlik maqomidan samimiy faxrlanar edilar.

Men ularni aslo ayblayotganim yo‘q.
Bu bir dunyoqarash masalasi chunki.

Biz tomosha qilayotgan manzara esa farqli edi:

«Idoraning eshigi
Boshqa eshiklardan farq qilmaydi hech.
Lekin har idoraning
O‘ziga xos derazasi bor.

Undan tikilganda ko‘chaga
Uyingdagi kabi
Onang qarab turmas orqangdan.

Onadan ham azizroq
Barcha onalardan ham mashhur
Portret tikilib turar yelkangga…

Sen bo‘lsa, deraza raxida
Biror marta majlisga kirmagan
Chumchuqni ko‘rib hayratga tushasan!…(1976)

(«Valfajr», 1985)

Bu she'rdagi har detalning prototipi bor. Masalan, «elkaga tikilib turadigan portret» 1976 yilda Brejnev portreti edi.

«Majlis» – 1976 yilda G‘.G‘ulom nashriyotida o‘tkaziladigan, o‘zini «xalq otasi» deb e'lon qilgan «haybatli» direktor Hamid G‘ulomning mafkuraviy majlislari edi.

Bu «majlis»ga kirmagan chumchuq esa o‘sha nashriyot binosidagi ishlab chiqarish bo‘limining derazasi raxida muqim o‘tiradigan eng haybatsiz, zavolli bir qushcha edi.

U davrda rahmatli Rauf Parfi bilan «vыpuskayuщiy» maqomida tipografiyalardan bosilayotgan kitoblarning grankalarini nashriyotning «mini-haybatli» redaktorlariga tashish kabi «muborak» vazifani bajarar edik.

Biz yuqoridagidek ochiqcha antisovet she'rlar yozar ekan, ularni bostirish xayolimizga ham kelmas edi.

Allohning mo‘'jizasiga qarang, 5 yil o‘tar-o‘tmas bu «anti» she'rlarning aksariyati aynan o‘sha «haybatli» Hamidjon akamizning nashriyotida chop etildi!…

«…Qarg‘algan millatning qozisi – fosiq,
Olimi – savdogar, ilm sotib yashar,
Shoirlari esa aqldan ozib,
Dushmandan mukofot olmoqqa shoshar…» (1983)

(Bu Brejnev davrining bugungi siyosiy rejimlar bilan muqoyasisini sizga havola qilaman. Men bu matnga joriy siyosatni qo‘shmaslikni niyat qildim).

1990 yilda Oliy Kengash deputati etib saylandim. Deputatlik mandati bilan nishon ham berishdi.

O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi bayrog‘i shaklidagi bir nishon edi.

Uni bir marta ham taqqanim yo‘q.

Chunki nishon biz o‘sha vassal bilgan davlat – O‘zSSR bayrog‘i edi.

Bu nishonni 1992 yil 2 iyul kuni Oliy Kengashidan iste'fo etarkan, Karimov o‘tirgan joyga uloqtirdim.

Shu bilan nishonlar ta'qibi men uchun tamom bo‘ldi, alhamdulilloh.

Muhammad Solih
2020

Tag‘in o‘qing
26 aprel 2018
O‘zbekiston mudofaa vazirligi ansambli artistlari Toshkent metrosida 9-mayga kuniga atagan aktsiyalarni boshlashdi va bunga qarshi rossiyaparastlik tadbirini to‘xtatish chaqiriqlari ...
4 iyun 2021
Surxonga nur yog‘di, jonlandi olam, Go‘yo farishtalar bo‘lganidek jam. Otamiz keladir mard tashlab qadam, Surxonga jannatdan shamol yeladi, Ey ...
1 mart 2018
Respublika harbiy prokuraturasi rahbari o‘rinbosari, adliya podpolkovnigi Abdulhakimov iltimosnomasiga ko‘ra, mahkumlarni qiynab o‘ldirishda ayblanib 26 fevral kuni hibsga olingan ...
19 may 2017
O‘zA tomonidan davlat arbobi Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyiga bag‘ishlab tayyorlangan maqolani mamlakatning bir qancha gazetalari bosdi. Sh.Rashidov bilan ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...