Asosiy mavzular
12 fevral 2021

Dang‘aralik baxti qaro Baxtibek

Baxtibek to‘rt marta uylangan va har bir xotinidan ikkitadan farzandi bor. U allaqachon hech qaysi xotini bilan yashamaydi.

Chamamda hech qaysi xotiniga aliment to‘lamaydi. Agar uning hamma xotiniga to‘lashi kerak bo‘lgan alimentlar hisoblansa, O‘zbekistonning tashqi qarzidan ham oshib ketsa kerak.

Baxtibek qishloqning o‘zida mardikorchilik qiladi va topgan puliga aroq ichadi, somsa, kabob yeydi.

Boya shu inson menga shikoyat qildi:
– Moddiy yordamni yo‘q qilibdimi?
– Bilmayman. Men moddiy yordam to‘g‘risida hech narsa bilmayman, – dedim.
– Ha, yo‘q qilibdi. Mahalla raisiga kirsam, moddiy yordam yo‘q bo‘ldi, – dedi.
– Siz moddiy yordam olarmidingiz? – deb so‘radim hayron bo‘lib.

Axir Baxtibek hamma xotinini haydab bir o‘zi yashaydi, mehnat qobiliyatini yo‘qotmagan. Topgan puliga aroq ichadi.

– Ha,- dedi u, – 370 ming olardim.
– Zo‘r-ku. Somsa bilan aroqqa yetadi,- dedim.
– Sabzga boray-chi, moddiy yordamni o‘shalar hal qilyapti ekan. Agar ular ham yo‘q desa, sizga kelaman, tepaga xat yozib berasiz, – dedi Baxtibek (sabz – sotsial yordam idorasi degan so‘zning xalq ishlatadigan varianti: tahr).

— Menga kelishingiz shart emas, men ham siz o‘qigan maktabda o‘qiganman, o‘qituvchilar sizga bergan bilimdan ortig‘ini bermagan menga ham, – dedim hazil ohangida.
– Sabzga boray-chi, – dedi u yana.
Men unga bunday maslahat berdim:

– Sabzga jo‘n bormang. Diplomat bo‘ling. Odam ayyorlikniyam bilishi kerak.

Sabzga borayotganda loy ishiga kiyadigan arzon rezina etik kiying, u ham yangi bo‘lmasin, chiriganidan kiying, ariqlarning ichini qarasangiz, suvda oqib kelgan eski rezina etiklar bo‘ladi, shulardan bitta toping, xotinlarning qizil rezina etigi topilsa, yanayam yaxshi.

– Ariqda oqib kelgan eski rezina etiklarni bakalashka yig‘ishtiradiganlar terib ketyapti,- dedi Baxtibek norozi ohangda.

– Loylarning tagini qarasangiz, bitta sizga loyig‘i chiqib qolar. Keyin sabzga borayotganda shuniyam eskisini, orasi katta yirtilganini kiying, ko‘ylagingiz ham eski, iplari titilgan va bitta yengi ikkinchisidan kalta bo‘lsin, xo‘p.

Endi yuzingizga yetib keldik. Uch kun betingizni yuvmang, kirlar yuzingizdagi cho‘tir teshikchalarni to‘ldirsin, shunda ikki betingizda katta qora dog‘ paydo bo‘ladi va sizni ko‘rgan odam jigari kasal, qoni aynigan ekan, deydi.

Sabzga kuchingizni ko‘rsatib dalil kirib bormang, ko‘rganlar sog‘lom ekan, deb moddiy yordam bermaydi. Ayyor bo‘ling, dedim-ku. Bitta qo‘l bilan devorni ushlab, inqillab, sinqillab kirib boring sabzga, iloji bo‘lsa, bitta qo‘lingizga terakshoxdan hassa olvoling.

Sabzning boshlig‘iga moddiy so‘rab gapirayotganda ovozingiz baland bo‘lmasin, uch kunlik umri qolgan bemordek so‘zlar og‘zingizdan arang chiqsin.

Endi muhim gapga keldik. Badaningiz sassiq hid taratishi kerak. O‘lgan it qanaqa sasishini bilasiz-a? Sizning tanangizdan chiqayotgan badbo‘y hid o‘lgan itnikidan kam bo‘lmasligi zarur.

Sabzning boshlig‘i sassiq hidingizdan bezor bo‘lib ham moddiy yordam yozvoradi yoki sassig‘ingizdan tezroq qutulish uchun cho‘ntagidan naqd pul bervoradi.

Tushindingizmi? Men aytgan shu ishlarni qilsangiz, yana moddiy yordamga muhtojlar ro‘yxatidan o‘rin olasiz.

– Shunaqa qilsammikin, – dedi u ko‘zlarini kattaroq ochib. – Agar shundayam moddiy yordam bermasa nima qilay?
– Boshliqning xonasida o‘zingizni o‘lganga solib yotib oling, natija bo‘ladi.
– Rostdan natija bo‘larmikin, – dedi u ishonqiramay.
– Oxirgi chora shu, agar buyam yordam bermasa, ketmonni yelkaga olib yonimga kelsangiz, dalamdan ish torib beraman. Xullas, och qolmaysiz, – deb tushuntirdim.

Baxtibekdek sog‘lom erkak moddiy yordamga umid qilayotganiga hayron bo‘ldim. Odam ham shunaqa boqimanda bo‘ladimi. Bir joyda yotib qolgan shol odam bo‘lsa ekan, boshqa gap, moddiy yordam haqida o‘ylasa bo‘lardi.

– Ilgari moddiy yordam olardim, dedingiz. Nimani asos qilib sizni muhtojlar ro‘yxatiga qo‘shishgan?- deb so‘radim.
– Yolg‘iz yashayman-ku! Bitta o‘zim yashayman-ku! Qarovchim, boquvchim yo‘q-ku! Oxirgi xotinim oshin ishlab pul topardi. Uyam ketib qoldi. Boquvchisiz qoldim,- deb tushuntirdi u.

Men unga:
– Siz o‘lsangiz xotiningiz boquvchisiz qoladi, lekin xotiningiz o‘lsa, siz boquvchisiz qolgan hisoblanmaysiz, – deb tushuntirmoqchi bo‘ldim.

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyasi

Tag‘in o‘qing
22 sentyabr 2017
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Bosh vazir ishtirokidagi majlisda berilgan ko‘rsatmadan so‘ng, paxta terimida qolayotgan Oliy o‘quv yurti talabalari uylariga qaytarilmoqda. ...
10 iyul 2019
O‘quv yili tugashi bilan ijtimoiy tarmoqda kollej va litsey bitiruvchilarining o‘z diplomlarini namoyishkorona «oyoqosti» qilishayotgani aks etgan fotosuratlar tarqaldi. ...
3 iyul 2020
Hafta aylanib yana sizlar bilan yuzlashganimdan mamnunman. Suhbati chor – anda mazza bor, deyishadi. Sizlar esa yuz minglarsiz. Shuncha ...
29 yanvar 2020
Sobiq “Abu Saxiy” bozoridagi do‘konlari buzilishidan norozi tadbirkorlar g‘alayoni ortidan bozorning yangi egasi “Tashkent Trade Center” xususiy korxonasi 27 ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...