Asosiy mavzular
19 may 2021

Mardikor harbiylar

Toshkent shahrida bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar 9 may arafasida bog‘ hududini tozalash ishlariga safarbar etildi. Ular harbiy xizmatda yigitlik burchini bog‘dagi asfaltlarni yuvish bilan o‘tagan. 

Ushbu holatga “Eltuz” muxbiri bevosita guvoh bo‘ldi va harbiy xizmatchilardan intervyu olishga urindi. Suhbat jarayonida ular harbiy xizmatni Chirchiqda o‘tayotgani, ertalab to‘qqizdan kechki oltigacha G‘alaba bog‘ida ishlayotganini aytdi. 

Ismi sir qolishini istagan harbiy xizmatchilar harbiy qismda sharoitlar, ovqat va boshqalar yaxshi ekani, ammo may oyi boshidan hozirga (10 may) qadar harbiy taktika bo‘yicha yetarlicha ko‘nikma olinmagani, hatto komandirlarning ham oddiy safda turish bo‘yicha ilmi yo‘qligi haqida gapirdi.

Xuddi shu mazmunda “Eltuz” tahririyatiga murojaat ham kelgan edi. Xatda harbiy xizmatdagi askarlarning turli ishlarga safarbar etilishi bayon etilgandi.

“Toshkent viloyatidagi harbiy qismda bir oylik harbiy xizmatda bo‘ldim, –deyiladi xatda. – Ochig‘i, Vatan oldidagi burchimizni o‘tash va bir parcha qog‘oz uchun harbiy xizmatga borgan edim. 

Shuning uchun tishimni tishimga qo‘yib chidadim. Ochiqcha aytaman, u yerda ahvol og‘ir. To‘g‘ri, yotoq joy, ovqat va boshqadan muammo yo‘q. Ammo harbiy ko‘nikma va bilim berilmaydi. 

Bir oy umrim havoga sovurildi. Bizni qo‘ydek yetalab yurishdi. Sovuqda  Toshkent viloyatining G‘azalkent shahrida 20 kun mehmonxona qurilishida ishladik. Bizni bu haqda hech kimga oshkor qilmaslik, aks holda hujjat berilmasligi bilan qo‘rqitishdi. 

Shuning uchun aksariyat yigitlar harbiy xizmatdan qaytgandan so‘ng ham bular haqida hech kimga og‘iz ochmaydi”.

“Eltuz” muxbiri Toshkent viloyati harbiy qismlari mas'ullaridan telefon orqali holatga izoh so‘radi. Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, bir oylik harbiy xizmatga ko‘rikdan o‘tilib, to‘lov qilingandan so‘ng chaqirilishi va bir oy davomida malakali mutaxassislardan saboqlar olish belgilangan. 

Uning bildirishicha, harbiylar faqat favqulodda holatlarda mehnatga safarbar etiladi, boshqa vaqtlarda ularning mashg‘ulot jarayonlariga xalal berilmaydi. 

Mas'ul kuzatilgan holatlar bo‘yicha izoh va aniq ma'lumot berish vakolatiga ega emasligini Eltuzga ma'lum qildi. 

Sirdaryoda 9-may kuniga bag‘ishlangan tadbirda o‘zbek zobitlari madhiya yangragan paytda o‘zlarini qanday tutishlarini bilmay qolishgani aks etgan video tarmoqda kulgiga sabab bo‘lgandi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 mart 2017
Andijon shahrida yashovchi H. juda kelishgan, ko‘rkam yigit. Maxalladoshlari uni mashhur futbolchi Krishtianu Ronalduga o‘xshatishadi. Qo‘shnilarining aytishicha, H. aqlli, ...
20 dekabr 2019
Mabodo Jumanazar aka borib kelgan o‘zga sayyora vakillari O‘zbekistonga kelib qolsa, o‘zlarining tarmog‘ida nimalarni yozgan bo‘lishardi? Qandaydir odamlar katta ...
23 yanvar 2024
2024 yilning 18 yanvarida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘tmishda Rossiyaga tegishli bo‘lgan, sovet ittifoqi qulaganidan so‘ng mustaqil mamlakatlar ...
4 may 2016
Eltuz.com mahalliy qo‘shiqchi va san'atkorlarni turli chegaralardan chiqmaslikka da'vat qilib kelayotgan o‘zbek mulozimlari hajv etilgan rassom Tuzning yangi karikaturasini ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...