Ko‘zqarash
6 dekabr 2021

«Bizga sud kerak, mustaqil sud kerak!»

«Albatta, keragidan ko‘p xato qilganmiz, ulardan juda afsusdaman. Eng katta xatoim sud, jin ursin, mustaqil sud tizimini tuza olmaganimiz ko‘pchilikni qiynadi va mana, navbat menga ham keldi. Mustaqil bo‘la olmagan sudlar azob bergan hammadan kechirim so‘rayman. Bu xato, ammo jinoyat emas».

Yuqoridagi iqtibos shu kunlarda Putinning shotirlariga aylangan Gruziya hukumatining soxta ayblovlari bilan sudlanayotgan Saakashviliga tegishli.

Qarangki, mahkamadan mustaqil sud talab qilgan yagona Saakashvili emas, holbuki, u haddan tashqari qisqa muddatda haddan tashqari katta islohotlarni amalga oshira olgan islohotchi o‘laroq bunga rostdanam haqli.

70-yillarning vahshatli generali Pinochet qilgan jinoyatlari uchun 2005 yilgacha mahkamaga tortilmagan. Immuniteti bo‘lgan. 2005 yilda u immunitetdan mahrum etilgan va uning birinchi talabi mustaqil sud bo‘lgan edi. Afsuski, Pinochet o‘zi istagan odil sudlovgacha yetib bormagan. Omonatini topshirgan.

Misrni 30 yildan ortiq muddat yakka o‘zi idora qilgan Muborak qamoqqa olingach, unga belgilangan sud mahkamasini buyurtma, deya tan olmagan. Vaholanki, kimda iqtidor bo‘lsa, o‘shaning topshirig‘ini ijro qiladigan sud tizimini uning o‘zi yaratgan edi.

Odil sudlov istagan yoki o‘zi yaratgan qo‘g‘irchoq sudlovdan yakunda aziyat chekkan mustabidlarning sanog‘i yo‘q. Miloshevich, Saddam Husayn, Kaddafining o‘g‘illari, Markos, Yanukovich, Atamboev…

Uzoqqa bormaylik, o‘zimizning o‘tgan zamon egalari bo‘lgan Gulnora Karimova, sobiq prokurorlar va ko‘plab sobiq kuchishlatarlarning ham eng katta afsusi mustaqil sud tizimini yaratishga urinmagani va bu yo‘lda qadam tashlamagani bo‘lsa kerak. Balki ular ham eng qulayi yugurdak, qo‘rqoq va shotir sudning bo‘lishi deb hisoblagan. Qarangki, himoyaga zarurat tug‘ilganda ularga eng keragi to‘plangan milliardlab boylik yoki shogirdu shotirlar emas, aynan mustaqil sud bo‘ldi. Afsuski, u yo‘q. Shuning uchun ular o‘zining haqiqatidan, uni namoyon etishdan mahrum.

Sud, mustaqil sud faqat cheksiz hokimiyat egalarigagina kerak emas. Albatta, ularga birinchi navbatda kerak. Chunki cheksiz hokimiyat cheksiz muddat davom etishi amrimahol.

Mustaqil sud oddiy fuqarolarga, soxta jinoyatda ayblanayotgan yoki soliq haqini talab qilayotgan, mulk talashayotgan yoki shunchaki ajrashayotgan fuqarolarga ham kerak.

Mustaqil sud biznesga, puli borlarga kerak, chunki puli borlardan ustunroq katta puli borlar ham bor. Ularni faqat mustaqil sud huquqda tenglashtira oladi.

Mustaqil sud OAVga kerak, qanchalar chinqirishmasin, OAV mustaqil sudsiz mustaqil bo‘la olmaydi, so‘z erkin bo‘la olmaydi.

Mustaqil sud parlamentga kerak. Chunki parlament qoida tariqasida hokimiyatning uchdan biri, xolos. Ijro hokimiyatining noto‘g‘ri va noqonuniy qarorlarini parlamentning bir o‘zi bartaraf eta olmaydi.

Mustaqil sud, qanchalar erish tuyulmasin, hukumatga ham kerak. Haqiqat faqat parlamentda, faqat xalq mandatida bo‘lavermaydi. Ba'zida, qaltis lahzalarda ozchilik qo‘llovidagi professional qaror ko‘pchilik istayotgan absurd populizmdan muhimroq bo‘lib qoladi.

Xullas, sud kerak. Yaratgandan boshqa barchaga mustaqil sud kerak!

Telegram blogeri @the_bakiroo sahifasidan

Tag‘in o‘qing
6 aprel 2018
Toshkent shahri bosh imom-xatibi 60 yoshli Anvar Tursunov xalq orasida 16-gorbolnitsa deb aytiladigan Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish respublika ilmiy ...
11 fevral 2021
Qur'oni karimda 25 payg‘ambarning ismi zikr etiladi. Hadislarda esa yer yuziga jami 124 ming payg‘ambar yuborilgani haqda bildiriladi. Ulardan ...
7 aprel 2016
2005 yilning may oyidagi Andijon shahrida yuz bergan voqealar xaqida xikoya qiluvchi “Sotqin” filmi shu kunlarda Jizzax viloyatida keng ...
14 sentyabr 2020
Bir tanishim bor edi. Hozir o‘tib ketgan. Ikki-uch yilda chorraha yoki metro vagonida to‘qnash kelib qolardik. U qo‘liga rubob ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...