Kundalik
5 yanvar 2016

O‘ktam Pardaevga qamoq tahdidi, go‘daklarga moliyaviy bosim

Jizzax viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari asossiz, uydirma ayblovlar bilan qamoqda qolayotgan huquqbon O‘ktam Pardaevning oila a'zolariga Yangi yil “sovg‘a”si hozirladi.

Bu safar ularning nishoni huquq himoyachisini ruhan qo‘llab-quvvatlayotgan oila a'zolari bo‘ldi. Davlat idoralari huquqbonning yaqinlariga ko‘p yillik tajribalarda toblangan, ancha samarali usul – moliyaviy bosim qo‘lladi.

Yangi yil kunlarida prokuratura, gaz idorasi, mahalla, ichki ishlar xodimlari, posbonlar, qariyb o‘nga yaqin kishi O‘.Pardaevning, ukalari Sharof va O‘tkir, singlisi Mohiraning xonadonlariga qo‘qqisdan bostirib bordi.

«O‘ktam akamning ayoli kechki payt uyda yolg‘iz bo‘lgani sababli chaqirilmagan mehmonlarga darvozani ochmagan. Kelganlar o‘zini prokuraturadanmiz, deb tanishtiribdi. “Gazdan katta miqdorda qarzingiz bor, toki to‘lamas ekansiz, gazni uzib ketishimiz kerak”, deya dag‘dag‘a qilgan»,- deydi Sharof Pardaev.

Darvoza ochilavermagach, ortiga qaytishga majbur bo‘lgan bu guruh mazkur harakat bilan kifoyalanmadi.

2016 yil 4 yanvar kuni ular O‘ktam Pardaevning uyiga kirishga muvaffaq bo‘ldi va “gazdan 400 ming so‘mdan ortiq qarzi borligi” bahonasida gaz quvurlarini uzib ketdi. Natijada huquqbonning ayoli va uch norasida bolasi qishning qahraton kunlarida gazsiz qoldi.

«Akam, bilasiz, qamoqda. Yangam uchta yosh go‘dagi bilan qolgan. Eng kichigi 2 yoshda. Kattasi 6 da. Endi ularning holi nima kechadi qishning sovuq kunlarida?» – deya tashvish bildirdi Sh.Pardaev.

Prokuratura boshchiligidagi “gvardiya” huquqbonning singlisi Mohira Pardaevning gardaniga ham gaz iste'moli uchun yo‘q joydan million-million qarzdorlik “ilib” qo‘ydi. Ammo to‘lov qog‘ozlarini gaz idorasiga ko‘tarib borgan M.Pardaeva ularning moliyaviy bosimidan qutulib qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq jizzaxlik qonun qo‘riqchilarining g‘azabidan omon qolish O‘ktamning ukasi O‘tkir Pardaevga nasib etmadi. Unga 2 350 ming so‘m qarzdorlik e'lon qilinib, xonadoni tabiiy gazdan uzib qo‘yildi.

«O‘zi gaz miltirab turardi. Shuni ham ko‘p ko‘rishdi. Har holda ovqat pishib, choy qaynab turgandi… Bizda issiqxona bo‘lmasa, salkam ikki yarim million so‘m qarzdorlik qaerdan bo‘lsin? Qasddan, atayin bo‘ynimizga qarzdorlik ilindi… Men barcha qo‘shnilarimdan so‘rab chiqdim. Hech birining uyiga gaz idorasidan, prokuraturadan, militsiyadan guruh kelmagan, qarzdorlik yozilmagan, gazi ham uzilmagan. Bu “to‘y” yolg‘iz bizning boshimizga kelgan ekan. Hammasi O‘ktamjonning faoliyati orqasidan bo‘lyapti. Men kenja o‘g‘lim O‘tkir bilan yashayman. Oilada 6 jonmiz. O‘tkirjonning ham 3 yosh bolasi bor. Barchasi hali go‘dak: 2 yosh, 5-6 yosh. Yosh bolalar bilan kelinim endi qishning sovug‘ida gazsiz qanday kun kechiradi?» – deya o‘rtanadi huquq faolining onasi Nasiba opa.

Yaqindagina 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb e'lon qilgan O‘zbekiston prezidenti: “Sog‘lom ona sog‘lom bola degani, sog‘lom bola tinch-totuv, to‘kin hayot, baxtli oila degani, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi”, deya kuyib-pishganida bu yo‘ldagi urinishlar qishda gaz ta'minotini uzish bilan boshlanishini nazarda tutganmikin yo, deb o‘ylab qolasan kishi.

Nima bo‘lganda ham, O‘ktam Pardaevga qamoq jazosi bilan tahdid qilayotgan huquq-tartibot idoralari endi nafaqat uning o‘zini, balki butun oila a'zolarini, yaqinlarini moddiy va ruhiy jihatdan to‘la sindirishga bel bog‘lagan ko‘rinadi.

Malohat Eshonqulova
mustaqil jurnalist, huquq faoli
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 aprel 2017
O‘zbekiston Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov 30 mart kuni Rossiyadagi ko‘pfunktsiyali migratsiya markazini borib ko‘rdi. Aynan shu yerda Moskvada ishlashni ...
17 noyabr 2020
Toshkentning shovqin-suronidan qishlog‘imning sokin va chang ko‘chalari tomon safarga otlandim. Yo‘llar o‘ydim-chuqur. Uzo-o-o-oq yo‘l yurakni ozdirib yuboradi. Kamiga yomg‘ir ...
5 mart 2021
O‘zbekiston prezidenti davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) rahbari o‘rinbosari, 36 yoshli Otabek Umarovning avariyada majaqlangan ikki oyog‘i 4 mart kuni ...
29 avgust 2018
26 avgust kuni efirga ketgan «Munosabat» ko‘rsatuvi ishtirok etgan Politexnika universiteti o‘qituvchisi Abdullaeva Anjelika hech kimga so‘z bermay «ma'naviyat» ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...