Asosiy mavzular
17 iyun 2016

Taniqli yozuvchi va kino ustasi Uchqun Nazarov olamdan o‘tdi

80- yillar oxirlarida sahna yuzini ko‘rgan «Oyna» dramatik asari orqali prokurorlarning arzandi o‘g‘illari qilayottgan jinoyatlarni fosh qilgan yozuvchi «kommunist bo‘lmasang, xorijga chiqmaysan, unvon olmaysan» deyishganiga qaramasdan kommunistik partiyaga a'zo bo‘lmaslik kabi sokin isyonga o‘z yuragida kuch topa olgan edi.

Eslatib qo‘yamiz, o‘sha paytdagi aksar taniqli shoir va yozuvchilar (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, O‘tkir Hoshimov…) komfirqa a'zosi ekanidan faxrlanib asarlar yozishgan.
Hatto Abdulla Qaxxor o‘zini komfirqaning “oddiy askari emas, balki ongli a'zosi” bo‘lganini aytib maqtangan bir davrda ijod qilgan edi partiyasiz marhum Uchqun Nazarov.
Keyinchalik, kommunistlarning bir dumalab “mustaqillik me'mori” aylangani esa Uchqun Nazarovning istexzosiga sabab bo‘lgan edi: – O‘sha paytdagi kommunistlar nima bo‘lishdi, bir yumalashdi-yu, xozirgidek bo‘lib qolishdi.

Shunchalik to‘nni ag‘darib kiyib olish oson ekan, nega kommunist bo‘lishgan? Agarda tuzum yana o‘zgaradigan bo‘lsa, hozirgi xaybarakallachilar, hayotimizda farovonlik deyayotganlar yana bir aylanib, yangi tuzumga moslashib olishadi.

Men buni sotqinlik deb bilaman, deya ta'kidlagan edi marxum. Romani nemis tiliga tarjima qilinib shuhrat qozongan adib nosir, kinodramaturg, kinorejisser Toshkent teatr va rassomchilik instituti rejissyorlik bo‘limini bitirib Qo‘qon shahridagi Hamza drama teatrining bosh rejissyori, keyinchalik esa «O‘zbekfilm» kinostudiyasining yetakchi mutaxassislaridan bo‘lib faoliyat ko‘rsatib keldi.
Kinorejissyor va yozuvchi Uchqun Nazarov o‘zbek kinoasarlarining yillik muhokamasiga bag‘ishlangan anjumanda “xalq kundan kunga qashshoqlashib borayotgan, axoli ilojsizlikdan ommaviy ravishda xorijga ish izlab chiqib ketaetgan davrda xadeb qo‘shiq kuylashdan, o‘yin-kulgini tasvirlashdan uyaling», degan, dadil fikrlar bilan chiqa olgan jasur ijodkor edi.

«Surayyo», « Bardosh», «Jala yomg‘ir», «Shiddat» filmlarining rejissyori, «Jur'at», «Chayon yili», «Oyna» adabiy asarlarining muallifi Uchqun Nazarov 2005 yilda Bi-Bi-Si bilan suhbatda “Men anjumanda aytgan gaplarimni juda muxim deb o‘ylayman. Bu azoblar, bu xalqning uqubatini ko‘rish natijasida tug‘ilgan so‘zlar edi. Bu uqubatlarni kinematograf xech ifoda qilmaslik, qila olmaslik va bu uqubatlarga orqasini o‘girib olish tendentsiyalariga qarshiman” deya ta'kidlagan edi.

Ayni suhbatda Nazarov o‘zbek yozuvchilarining amal va imtiyoz ilinjida falaj bo‘lganligini ham ta'kidlagan edi: «Ziyolilar hozir imtiyoz qidirish bilan ovora. O‘sha gazetalarda, televidenieda xozirgi sistemani maqtasa, ma'lum imtiyoz olarmikanman, prezident apparatiga chaqirisharmikan, ministr lavozimini berisharmikan, men ham moshinada yurarmikanman degan maqsadlarga o‘tib qoldi ziyolilarimiz.
Yozuvchilarni, shoirlarni millatning vijdoni deyishardi. Hozir ularni millatning vijdoni deb bo‘lmaydi. Iliq joy qidirib qoldi ijodkorlarimiz.
Yog‘li, qorin to‘ydiradigan joy, baland mansabga erishish yo‘llarini qidirishyapti.

Yozuvchining yozuvchi deb atalishidan baland unvon yo‘q. Agar yozuvchi o‘z oldidagi mas'uliyatini his etmasa, jamiyatimiz o‘sha botqoqqa cho‘kaveradi, cho‘kaveradi, cho‘kaveradi, deya yozg‘irgan edi marxum ijodkor.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 iyun 2022
Bugun Eltuz portalida muhokama qilmoqchi bo‘lganimiz shikoyatlar mavzusi O‘zbekistonda saqlanib qolgan majburiy mehnat va ta'lim tizimida yuzaga kelgan muammolarga ...
18 may 2020
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mulozimasi Mariya Zaxarova «rasmiy idoralarda o‘zbek tilining majburiy qilinishini kamchilik yoqlayotgani»ni yozg‘irgani ortidan tarmoqdagi mo‘'tadil ...
24 oktyabr 2015
Namangan viloyati Kosonsoy tumani Chindovul qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Sh.Rustamov fuqaro A.Toshpo‘latovdan uning otasini Saudiya Arabistoniga – haj ziyoratiga ...
7 aprel 2016
«Xalq so‘zi» gazetasi yaqin oylarda o‘tkazilishi mo‘ljallangan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilarini saylash tadbiri Oliy Majlis Senatining jiddiy ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...