Asosiy mavzular
2 fevral 2017

Andijonda o‘qituvchilar uchun kunora «shanbalik»

Shu kunlarda Andijon shahrida turli maktab o‘qituvchilari obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Yo‘l yoqalarida ohak to‘la chelak, supurgi ko‘tarib ko‘cha tozalayotgan o‘qituvchilarni uchratish mumkin.

Bir qancha maktab o‘qituvchilari bilan suhbatdan ma'lum bo‘lishicha, har uchastkaga bir maktabdan kamida o‘n nafar xodim ajratilgan.

Ular ariqlarni tozalash, yo‘l chetlarini oqlash, daraxt o‘tqazish uchun yer kovlash, yo‘l yoqalarini tartibga keltirish kabi yumushlarni bajarishmoqda.

«Maktab raxbariyatining buyrug‘iga ko‘ra, shaharning turli ko‘chalarida mana shunaqa obodonlashtirish ishlarida ishlayapmiz», – dedi Andijon shahar o‘rta maktabi o‘qituvchisi.

Xalq ta'limi xodimlaridan tashqari shanbaliklarga o‘quv yurtlari talabalari va tibbiyot xodimlari ham jalb etilayotgani iddao qilinmoqda.

«Ohak o‘z hisobimizdan»

Andijonlik o‘qituvchi yo‘l chekkasidagi bordyurga ohak surtmoqda. Foto: eltuz.com

O‘qituvchilarga, jumladan, lotok (maxsus beton ariq. tahr) chetlarini oqlab chiqish buyurilgan. Eltuz suhbatlashgan o‘qituvchi, loy va namgarchilikda ish yaxshi samara bermayotgani, ohak ko‘p ketib qolayotganini aytadi.

«Ohakni o‘z hisobimizdan sotib olayapmiz», deydi u.

Qurilish sohasida ishlovchi boshqa bir suhbatdosh esa, o‘kituvchilarning bu kabi mehnatlari baribir zoe ketishini bildiradi.

«Bechoralar bugun oqlashadi, ertaga yomg‘ir yo qor yogsa, ohak yuvilib ketadi», – deydi quruvchi.

Uning fikricha, ohak o‘rniga oq bo‘yoq ishlatsa o‘chib ketmasdi:

«Yomgir yog‘magan taqdirdayam, bilsangiz, har kuni shahar ko‘chalariga mashinada suv sepilyapti. Ertaga ertalab mashina kelib bir suv sepib chiqsa, bularning shuncha mehnati, harajati kuyib ketadi».

Bir vaqtning o‘zida quruvchi, dehqon va farrosh

Xasharchilar lotok (beton ariq) chetlarini «oqlamoqda». Foto: eltuz.com

O‘qituvchilar bolalarga ta'lim-tarbiya berish bilan birga, dala ishlari – paxta terish, ko‘cha tozalash, gul va daraxtlar o‘tqazish tadbirlarida ishtirok etishadi.

Bundan tashqari o‘qituvchilar qurilish ishlariga ham jalb etiladi.

Andijon shahar maktablaridan birida ishlayotgan, o‘z ismini aytishni istamagan, Ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisiga ko‘ra, bu kabi ishlar uning «tajribasini oshirgan». Endilikda u mehnat fanidan ham bemalol dars berishi mumkinligini istehzo aralash aytadi.

«Eng yomoni, shu ish kiyimimizda, oq kuylak, galstuklarda ko‘cha tozalashga chiqamiz, kelib yana shu kiyimda bolalarga dars o‘tamiz. Bizning bu kabi qo‘shimcha ishimizga esa hech kim haq to‘lamaydi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilarning quruvchilik ham, dehkonchilik ham, farroshlik ham qilishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

«Bir narsa desang, oyligingni olyapsan-ku, deyishadi. O‘kituvchilarga maosh berish – ularning ustidan hukmronlik qilish huquqini bermaydi-ku», – deydi yana bir o‘qituvchi.

«Shanbalik» – faqat shanba kunlarigina emas…

Katta yo‘l yoqasini supurayotgan ayol. Foto: eltuz.com

Eltuz muxbiri bilan gaplashgan Andijon viloyat hokimligida ishlovchi xodimning aytishicha, bu kabi yumushlar prezident Sh. Mirziyoevning Andijonga tashrifi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

«Davlat raxbarining tashrifi kutilmoqda, biroq bu tashrifning sanasi haqida aniq ma'lumotlar yo‘q».

Obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari ulgurmasligi mumkin, shu sabab yordamga byudjet tashkilot ishchi-xodimlari va talabalar jalb etilganini aytadi u.

Garchi, ta'lim sohasi xodimlarini bunday ishlarga safarbar etilishi, ularni ishdan haydash qo‘rquvi ostida rasman doimiy bo‘lib kelmoqda.

Andijon shahar Xalq ta'limi bo‘limi mutasaddilari bu kabi ishlar o‘qituvchilarning o‘z tashabbusi bilan, xashar sifatida tashkil etilishini, hech kim ularni majburan ishlatmasligini ta'kidlashadi.

Biroq muallimlarning norozi kayfiyatlari bu ma'lumotni inkor etadi. Buning ustiga jamoatchilik ishlariga jalb qilish hollari muttasil ko‘paymoqda.

«Andijonda «Subbotnik» shanba kunlari emas, balki haftaning istalgan kunida tashkil etiladi. Buning uchun viloyat hokimining buyrug‘i bo‘lsa kifoya», deydi maktabda dars o‘tish o‘rniga ko‘cha tozalayotgan o‘qituvchi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 noyabr 2017
31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda pikapdagi erkak velosiped yo‘lakchasida sakkiz nafar odamni bosib o‘ldirdi. 12 odam jarohatlandi. Jinoyat terakt deya ...
3 oktyabr 2018
O‘zbekiston prezidenti ma'muriyati rahbari o‘rinbosari, prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda “Eltuz” bilan ...
13 mart 2018
Bundan 65 yil oldin, 1953 yilning 18 mart kuni Germaniyaning Myunxen shahridagi radiostantsiyadan o‘zbek tilida ilk bora mana bu ...
17 noyabr 2016
«Hurriyat» gazetasida (16.11) «Talaba-jurnalistga maktublar» ruknida chop etilgan maqolada muallif bo‘lajak hamkasblariga «Jurnalistning tayanch nuqtasi»ni topib berishga urinadi. U ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...