Reina hujumchisi Masharipov o‘z o‘g‘lining ham hudkush bombachi bo‘lishini istagan
O‘tgan juma rasman so‘roqqa tutish uchun Silviri qamog‘iga yuborilgan O‘zbekiston vatandoshi Abduqodir Masharipovning Reina tungi klubiga hujum oldidan kamera oldida turib videomurojaat qilgani tergovga ma'lum bo‘ldi.
Turk matbuotining tergov hujjatlariga tayanib bildirishiga ko‘ra, Masharipov 27 dekabr kuni soat 23 dan 57 daqiqa o‘tganida “alvido videosi”ni tasvirga oldirgan.
Masharipovning xotini Zarina Nurillaeva suratga olgan bu videoda muhtamal qotil “o‘zini portlatish usuli bilan kofirlarga talafot yetkazishini”ma'lum qilgan.
Zarina Nurulleva eri Masharipov Eronda ekanligida IShID vakiliga bay'at berganligini tergovga aytgan.
Turk matbuotiga sizgan ma'lumotga ko‘ra, videomurojaatda Masharipov “farzandlari ulg‘ayguniga qadar xotini moddiy qiyinchilik ko‘rmasligiga” kafolat so‘ragan va o‘g‘liga ham ulg‘ayganida “jonli bomba bo‘lishni” tavsiya qilgan.
Videotasmada, qirg‘indan so‘ng Masharipovning oilasi “IShID qo‘llovida bo‘lishiga shubhasi yo‘qligi va qirg‘indan oldin bu ishga yordam beradigan va o‘zi kabi yana bir qirg‘in uyushtiradigan birodari bilan ko‘rishishi“ haqida ham bildirilgan.
Bu video olinishidan bir kun oldin Masharipov “qirg‘in o‘tkazilishi rejalangan” tungi klub oldida selfi video olib Suriyadagi IShID koordinatorlariga jo‘natgani haqida ham turk matbuoti yozgan edi.
Masharipov IShID topshirig‘iga ko‘ra qirg‘in qilganini e'tirof qildi
Istanbul Jumhuriyat Bosh prokuraturasining Reina hujumida ayblangan Masharipovni qamoqda saqlash bo‘yicha hujjatida, “IShID terror tarmog‘i a'zosi O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan etnik tojik Masharipov IShIDning Turkiya bo‘ylab terror o‘tkazish bo‘yicha mas'uli “Abu Jihod” kod ismi bilan ishlagan Yasser Mohammed Salem Radown topshirig‘iga ko‘ra harakat qilganligini tan oldi” deyiladi.
«Millatdoshimiz»
34 yashar Abdulqodir Masharipov 1 yanvarga o‘tar kechasi Reina tungi klubiga qurolli hujum qilib, 39 kishini otib tashlagan va yana 69 odamni yaralangan edi.
Hujum uchun mas'uliyatni “Islomiy davlat” radikal guruhi o‘z zimmasiga oldi.
Abu Muhammad Xurosoniy laqabli Masharipov Turkiya bo‘ylab 16 kun davom etgan qidirish amaliyoti natijasida Istanbulda ushlandi.
Masharipov Turkiyaga 2016 yil yanvarida Eron orqali kelgani, bir muddat Ko‘nyo shahrida yashagani, keyin “Islomiy davlat” mas'ullaridan Istanbulda terror xuruji uyushtirish amrini olganini bildirgan.
Toshkent televideniesi 2 fevral kuni efirga uzatgan «Ko‘ngildagi qora dog‘lar» nomli ko‘rsatuvda Istanbul hujumchisini «millatdoshimiz» deb atagan edi.
Masharipov ishi bo‘yicha 36 kishi qo‘lga olindi. Ularni orasida o‘zbeklar jumladan Masharipovning xotini Zarina Nurullaeva ham bor.
Video: https://youtu.be/eMMgfFOQC0k
Eltuz.com