Asosiy mavzular
8 sentyabr 2023

Tikansiz kirpilar haqida

RT: Do‘st bilan obod uying gar bo‘lsa ul vayrona ham!

MS: Isop duz og‘a. Nichiksizla mo‘chchi apika, xo‘jik brrilo. Ëngqi ishlar bo‘lib turibmi oxir?

RT: Matchonboy, sen jonajon o‘zbekistonimizda xafta ichida nima ishlar bo‘lib turganini mendan so‘ra. Koshki bilmasaydim, bilganim qursin!

MS: Oyting Duz og‘a, qisqosinnon qoyting. O‘lgan qotqonlodan oyting.

Osmon musappa nyus

«Meksika orqali Amerikaga apkirib qo‘yaman» deb pul olib lox uxlatib yurgan aprstni ushab Nikaraguadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishdi. Aprs qamag‘da.

++

Kaliningradda otboqar bo‘lib ishlaydigan Samandar ismli o‘zbek voyaga yetmagan o‘ris qizni olib qochib, uyiga oborib boylab qo‘ydi. Qiz qutqarildi. Otboqar  o‘zbek qamag‘da.

+++

Buxoroda yuk mashinasini poezd urib ketdi.

Hodisa 5 sentyabr kuni soat 08:00 larda Olot tumanida sodir bo‘lgan. Natijada, yuk mashinasi haydovchisi voqea joyida vafot etgan.

+++

2024 yil 1 yanvardan hisoblagichlarsiz yerosti suv olish uskunalaridan foydalanish taqiqlanadi.

+++

MS: Topjoq gappingiz shumxovor. Bi gaplaringiz bilan o‘zbeklani yena yera urjoqsiz? Menatkash, kombog‘ol, qumridin hokisor xolqimizni.

Zo‘r bo‘lsang – nega o‘liksan?

RT: Mutelik, hoksorlik va nochorlik haqida yana gapirishga izn bergaysizlar.

AQSh da bir gangster oyog‘i ostida o‘lib yotgan ikkinchi gangsterga qarab «Yesli tы takoy krutoy, to pochemu takoy mertvыy» deya savol so‘ragan.

Ya'ni sen shunaqa zo‘r bo‘lsang, nega o‘lib yotibsan degan ma'noda.

Agar biz zo‘r bo‘lgan bo‘lsak¸ nega mustabid oyoqlari ostida yotibmiz. Nega qochib ketdik uzoq uzoqlarga.

MS: Lekin og‘a, bizanikila dimom siz oytqonnin o‘liskamas. Ina gunda gunora yurtimizdam, yurtdan toshqoridom odam o‘ldirishma, yimiriqsozi, jolotoychiliqda aldingi qatordamiz.  

RT: Lekin o‘zini zo‘r sanagan bu bezorilarning kuchi o‘zidan zaiflarga yetadi. O‘zining qavmidan bo‘lganni qaqshatadi. Bir misol keltirsam. Kechagina  Piterda sakkiz o‘zbek yigiti, bir o‘zbek qizini kaltakladi, guruh bo‘lib oral tarzda zo‘rladi.

Rus skinhedlari tepkilayverib, ezg‘ilanib ketgan bu pajmurdalarning kuchi bir ojizaga yetganiga tasanno.

Bu qiz ham shuncha xo‘rlikka chidab turib, ularning oyog‘iga bosh egib, yalinibdi.

MS: Yomonni guchi yopoloqa yetibdi diyannin bo‘pdi bi Duz og‘a.

RT: Bu hikoyani eshitganlar «Nega bu qiz qarshilik qilmadi, laoqal bu hezalaklarning jinsiy olatini tishlab olmadi» deya savol qo‘yishdi.

Zotan, o‘zini himoya qilish instinkti barcha mahluqotga oidku.

It tishlaydi, mushuk timdalaydi, kirpiniing tikoni, toshbaqaning toshi, qo‘chqorning shohi bor.

Qurbaqani ham bossang «vaaaq» deydi. Har holda masalan.

«Urganingiz un oshi, so‘kkaningiz so‘k oshi», «Otamni o‘ldirganga onamni beraman» deya bo‘ynini qisib o‘tirganlar Yangi O‘zbekiston fazosida yaralgan anomaliyami yoki qo‘rquv degan unsur terisiga singib ketgan mutant buqalamunlarmi.

Bu savol javobi psixolog, sotsiolog va kelajak muarrihlariga havola.

Bir jallod va ming mazlum

MS: Uzoq torixdam, bugunam yurtda yech narsa o‘zgarmagannin. Ming saylov o‘tkazilmasin, demokratiya dap qoqsholmasin, xalqni boshshina bir avtoritet, nepotist, oligarx, korruptsioner raxbar galadi. Indi mani bir savolima javob baring. Nishatib birgina jallod ming kishini kallasini olishi mumkin?

RT: Bugungi oligarxlar  rejimi ularning qo‘lida miltiq borligi uchun emas, balki xalqning dilida qo‘rquv borligi evaziga yashab turibdi.

Toki biz qo‘rqar ekanmiz, bu rejim yashayveradi. Bizni qamaydi, qiynaydi, o‘ldiradi, bor budimizni tortib olib, aysh-ishrat suradi…

Bir paytlar bir mo‘g‘ul askari mingta xorazmlikni qator qilib qo‘yib, asta-sekin kallasini kesgan.

Tushgacha 50 ta, tushdan keyin 50 ta.

O‘n kunda mingta odamni kalladan judo qilgan.

Mo‘g‘ul askari bitta bo‘lgan, uning qilichi ham bitta.

Atrof qum, faqat mingta asir va bitta jallod.

Ular mo‘g‘ul askari ustiga shunchaki tashlanganda ham bu askarning abjag‘i chiqar edi.

Yo‘q, asirlar mo‘ltirab boshini kundaga qo‘yib qarab turishgan, qachon so‘yilish navbati menga kelar ekan deb.

Qo‘rquv karaxt qilgan ming kishining shuurini.

Ular biz ko‘pchilikmiz, jallod esa bitta, degan falsafani tushunmagani uchun ham qo‘y kabi so‘yildilar.

Hazrati bobomiz nima degan edilar bu haqda, Navoiy yomon bo‘lsa sen yaxshi bo‘l?

MS: Na yomonliq atvadi Navoiy bobomiz?

Ko‘pxotinlilik

MS: Ko‘pxotinliliq masalasina nichik qoriysiz Duz og‘a. Xotin rozi, arkak rozi, mo‘lla rozi bo‘lsa, qonun chiqarib, yonqi ishni bitirmak lozim amasmi?  

RT: Qadimda chinakam ovchi-yu sayohatchilarda ajoyib bir odat bo‘lgan ekan.

Ular o‘rmonnimi, tog‘nimi tark etganlarida o‘zlari panoh topgan g‘or yoki ungurda chaqmoq tosh hamda bir oz tuz qoldirib ketarkanlar.

Toki bu joyga keyinchalik yo‘li tushgan odam ulardan foydalansin, deb. Yangi qonunlar ham bizdan keyin kelganlar adashmasligi uchun chiqariladi. Sen aytgan muammo ham shu tariqa hal bo‘ldi. 

O‘zbekistonda qo‘shxotinlik targ‘ib qilganlar uchun jazo ko‘zda tutilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma'qullandi.

Respublikada diniy marosimlar bo‘yicha o‘qiladigan nikohlar soni ortmoqda, buning natijasida ko‘pxotinlilik holatlari ko‘paygan.Turli reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘pxotinlilik va uning «foydalari» targ‘iboti ham kuchaymoqda.

Natijada nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham ko‘paygan. Xususan, respublikada 2022 yilda yolg‘iz onalardan 18 ming 955 nafar bola dunyoga kelgan. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 19 037 nafar, 2020 yilda esa 16 564 nafar bolani tashkil etgan.

«Nikoh belgilangan tartibda Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etilmagani otalikni belgilash, aliment tayinlash, meros masalalariga oid turli xil muammolarni keltirib chiqarib, natijada fuqarolarda, ayniqsa ayollarda davlatning huquqiy siyosatiga nisbatan bo‘lgan ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.», — deya ta'kidladi deputatlar.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 126-moddasida ko‘p xotinlilik uchun jinoiy javobgarlik mavjud bo‘lib, bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu o‘rinda jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradigan shart xotinlarning umumiy ro‘zg‘or asosida yashashiga asoslangan.

Yangi qonuniy ta'qiblarga ko‘ra, shaxsning javobgarlikka tortilishi uchun shar'iy nikohda er-xotin bo‘lib yashashning o‘zi yetarlidir.

Bu haqda bloger Zafar Solijonov fikri mana bunday:

“Kechagi qonun loyihasi fonida internetda ayrim ikkiyuzlamachi to‘da paydo bo‘libdi. Kulgili. Jumlasi oddiy: «voy-dod, demokratiya qani?» Demokratiya haqida fundamental tushunchasi bo‘lmagan bu shaxslar o‘tgan yillarda yubka kiygan ayollarning ustidan qotdi, miyasidagi «do‘zax»iga otdi, yaqinlariga dayus tamg‘asini yopishtirdi, raqsga tushgan, fikrini palakatlarga yozganlarni virtual sazoyi qildi. Ularga bo‘lgan har qanday kiberbullingni qo‘lladi. O‘tkir Hoshimov tarifi bilan aytganda, demokratiya mevalarini chinqiroq maymunlardek birinchi bo‘lib yeb ko‘rishdi. Garchi demokratiyani kufr deb kelishgan bo‘lsa ham. Endi esa demokratiya esiga tushib qolibdi.

*

Demokratiyaning asosiy talablaridan biri shuki, o‘zim anglaganim, ko‘pchilikning huquqlari ham, kamchilikniki ham hurmat qilinishidir. Qonun taqiqlamasa bo‘ldi (o‘zgaruvchan qonunlar alohida masala). Soddaroq aytay, har bir yubkali yengiltakmas, har bir hijobli terroristmas. Buni Turkiyaga boradigan, saylovigacha rohatlanib kuzatadiganlar tushunishi kerak edi, garchi bu davlat ham ideal bo‘lmasada.

*

Yana bir joyi bor. Nozik. Agar qaysidir qonunan taqiqlanmagan toifa, masalan feministlar, huquqlarini talab qilyapti, targ‘iboti bilan band va bu toifa sizga yoqmaydi yoki g‘oyangizga mosmas, shu vaqtda siz kamida sukut saqlashingiz kerak. Uning huquqlarini hurmat qilishingiz shart, qo‘llamasangiz ham. G‘oyasi noto‘g‘ri bo‘lsa, siz uchun ideal bo‘lmasa, odob doirasida bahslashing. Shaxsiyatga o‘tib, «erkak kishidan nafratlanadi», «bunga er kerak» va shunga o‘xshagan gaplar gapirmay. Yana qaytaraman, demokratiya yo hammaga bo‘ladi, yoki hech kimga. Ortga qaytishda esa kuch eng katta qatlamga ko‘rsatiladi, qolganlar jimgina xulosa qilib olishi uchun. O‘zingizga kelgandagina «demokratiya!» deb baqirib, qolgan payt hammaga tupurishingiz ahmoqligingizdan.

*

«Biz qullar emasmiz!!!»

MS: Yuqoridagi savolim javobsiz qoldi duz og‘a. Bir zolim bilan ming mazlum o‘rtasindayi muammoni nishatib hal qilsa bo‘ladi?

RT: Mamlakat ichidagi vaziyatni haddan tashqari bo‘rttirma Matchon, kallakesar amaldorlar unchalikam ko‘p emas hozir O‘zbekistonda. Bu borada jiddiy xatar Rossiyadan bo‘lishi mumkin. Mustamlaka tizginini ushlab turish uchun Putin kallakesarlari Ukrainada qon to‘kmoqda.  

O‘zbekiston esa Kremldan uzoqlashib turk dunyosi bilan birlik messedjini berdi.

31 avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan Mustaqillik tantanasida ilk marta turkchilik g‘oyasiga urg‘u berildi.

O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tkazilgan bayramda sakkizinchi asrda Yenisey bo‘ylarida turk qavmlarini birlashtirgan Bilge Xoqon yodga olindi.

Turk xoqoni «Erdan qul bo‘lmas, Alpdan qul bo‘lmas, Bizdan qul bo‘lmas» der ekan sahna to‘rida o‘tirgan prezident Shavkat Mirziyoev va bosh vazir Abdulla Aripov «to‘g‘ri» deganday ma'qullab qo‘ydi.

Bilga Xoqon sahna ko‘rinishi ortidan «Yashasin turkiy tuyg‘u, yashasin bu dunyoda turkiy so‘z, turkiy turku. Tinmas turkiylar soyi, sinmas turkiylar yoyi», sadosi ostida sahnaga olti turk o‘lkasi – O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozog‘istonning zabardast operachilari Shirin Mamatova (O‘zbekiston), Demet Gurxan (Turkiya), Zaira Raimbekova (Kirg‘iziston), Eleonora Mustafaeva (Ozarbayjon), Zarina Altinbaeva (Qozog‘iston), Ayna Sayirqulova (Turkmaniston) kirib keladi.

Bu sahna ko‘rinishi Ukrainaga urush ochib, SSSRni tiklashga tirishayotgan Putinga mujdaday ko‘rindi.

O‘tgan oy Mirziyoev Turkiya yordamida Armaniston ishg‘olidan ozod etilgan Ozarbayjonning Qorabog‘idagi Fuzuliy shahrida  maktab ochib berib keldi.

O‘tgan yilgi mustaqillik bayramida jadidlar xotirlangandi. Markaziy Osiyodagi ilk demokratik davlat – Turkiston muxtoriyati yodga olindi, Cho‘lponning «Go‘zal Turkiston» she'ri kuyga solingandi.

Tarixiy bilgi

716 — 734 yillar. Ikkinchi turk xoqonligining asoschisi Eltarish (asl ismi Qutlug‘, Xitoy obidalarida Gudulu) xoqonning ugli, Kulteginning akasi hukmronlik qilgan davr.

693 yil. Eltarish xoqon vafot etgach, turkiy xalqlarning udumiga ko‘ra, taxtga ukasi Mo‘chur, ya'ni Qapag‘an xoqon o‘tiradi. U jiyani Mo‘g‘ilonni xoqonlikning g‘arbiy hududlarida yashovchi tardushlar hukmdori — shadi etib tayinlaydi hamda uning zimmasiga muhim harbiy masalalarni hal etish vazifasini yuklaydi.

701 yil. Mo‘g‘ilon 16 yoshli inisi Kultegin bilan birgalikda Chuy vodiysiga yurish qiladi va u yerdagi qabilalarni bo‘ysundiradi, Sharqiy Baykalortidagi bayirqu qabilasi isyoni bostiriladi.

705 yil. Dono To‘nyuquqning qiziga uylangan Mo‘g‘ilon hukmronligi.

704 yil, G‘arbiy xoqonlik qo‘shinlari bilan Yenisey (Enasoy) daryosining yuqori oqimidagi chik, hamda az qabilalarini mag‘lub etadi. Ma'lum fursatdan so‘ng u hozirgi Tuva yerlarini ham qo‘lga kiritadi.

716 yil. Qapag‘an xoqon bayirqu qabilasi vakillari tomonidan o‘ldirilgach, Mo‘g‘ilon ukasi Kulteginning sa'yharakatlari tufayli xoqonlik taxtiga o‘tiradi va Bilga xoqon laqabini oladi. Bilga xoqon Kulteginni bosh qo‘mondon, To‘nyuquqni esa bosh maslahatchi etib tayinlaydi. Bilga xoqon Qapag‘an xoqon davrida ma'lum darajada yo‘qotilgan imkoniyatlarni qayta tiklashga, turkiy qabilalar o‘rtasidagi o‘zaro janjal va nizolarga chek qo‘yishga, ularni yagona davlat tevaragida birlashtirishga, tashqi hujumlarni daf etishga qodir harbiy kuchlarni, qisqa muddatga bo‘lsada, barpo etishga erishadi. Bilga xoqon 734 y. zaharlab o‘ldirilgan.

MS. Deravarsin. Indi sho‘rda to‘xtab. Alingizni ochib uring potiyani Duz og‘a.

RT: Assalom O‘zbekiston – Juma muborak! 

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2019
Tibbiyotga oid «The Lancet» internet nashri 3 aprel kuni e'lon qilgan, 195 davlatni qamragan tadqiqot natijasiga ko‘ra yomon ovqatlanish ...
29 oktyabr 2018
O‘zbekistonda majburiy mehnatni tashkil etishning asosiy ijrochilari kuchishlatar tuzilmalar, ya'ni asosiy faoliyati qonunni himoya qilish bo‘lgan idoralardir. Bu idoralarni ...
6 noyabr 2023
Gitlerga oshiq bo‘lish yigirmanchi asrda qolib ketgan ruhiy anomaliya deb o‘ylardim. Nemis xotinlari Gitler gapirganda hayajondan siyib tashagan. Yigirma ...
24 yanvar 2019
Nemis siyosatchilari va matbuoti Germaniyaga kelib ketgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevni “islohotchi” sifatida e'tirof qilishdi. Germaniyadagi Süddeutsche Zeitung gazetasining ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...