Asosiy mavzular
23 fevral 2018

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati: «Tojik diversantlari» ishi

«Ular mahalliy tadbirkorlarni adolatsiz ravishda turmaga tiqqanini bilaman. Menda hatto qiynoqlar qo‘llanilganiga oid fotosuratlar ham bor. Men bu yovuzlikni qilgan tergovchilarning nomlarini bilaman. Agar omon bo‘lsak, siz bularning barchasini televizorda ko‘radigan paytlar keladi…», dedi prezident Mirziyoev 16 fevral kuni MXXning jinoyatlariga ishora qilib.

O‘zbekiston MXX siyosiy qatag‘onlar bilan shug‘ullandi, mamlakatning butun aholisini qo‘rquvda ushlab turdi, jurnalistlarga, xukuk faollariga, siesiy oppozitsiya faollarga, tadbirkorlarga qarshi jinoyat ishlarini uyushtirdi. Bu jinoyat ishlari faqat mazkur tuzilma xodimlari moliyaviy manfaatlariga xizmat qildi.

MXXning ko‘plab mansabdorlari iste'foga jo‘natildi yoki hibsga olindi. Ammo hal etilishi lozim bo‘lgan asosiy masala O‘zbekiston MXX tergov organlari tomonidan uyushtirilgan jinoyat ishlarini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun komissiya tuzishdir.

Bizga ozod yashash imkoniyatiga erishish uchun bir kishining o‘limini kutishi shart bo‘lgan bir necha o‘n siyosiy mahkumning ismlari ma'lum, xolos.

Biroq MXXning nomlari jamoatchilikka noma'lum bo‘lgan mahkumlari hamon turmalarda o‘tiribdi.

Erdanovlar oilasi tarixi

  • Biz 1997 yilda butun oilamiz, qariyb 40 kishi Tojikistondan Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumaniga ko‘chib o‘tdik,- deydi o‘z oilasining fojeali taqdiridan hikoya qilishni boshlagan Rahmonali Erdanov. – Hamma ishlardi, kimdir tadbirkorlik, xususiy taksichilik bilan shug‘ullandi, do‘kon ochishdi, erkaklarning bir qismi tirikchilik ilinjida Rossiyaga ketdi. Qarindoshlari bilan aloqalarni saqlab qolishib, Tojikistonga to‘y-ma'rakalarga borib turishdi.

«Biz O‘zbekistonga qaytishdan xursand edik,- hikoyasini davom ettiradi Rahmonali,- chunki biz o‘zbeklarmiz. Garchi bizga «ko‘k pasport» (fuqaroligi yo‘q shaxsning maqomi) berilgan bo‘lsa-da, yaxshi o‘rnashdik».

Balo kutilmaganda keldi – 2012 yil may oyida ota tomondan qarindoshlar Baxtiyor Allonov va Zokir Do‘salov MXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olindi.

Ular IIB maxsus hibsxonasida (odatda daydilar joylashtiriladi) 5 oy davomida saqlandi. Ulardan viloyatda Tojikiston manfaatlariga xizmat qiladigan qandaydir josuslik tarmog‘i mavjudligi to‘g‘risida ko‘rsatma olishga urinildi.

«Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, ular qiynoqlarga chiday olmay, otamga qarshi ko‘rsatma berganidan keyingina ayblov e'lon qilinmasdan ozod etildi,- deydi Rahmonali. – 2013 yilda MXXning Nodir To‘raqulov boshchiligidagi tergov guruhi otamning akasi Begali Erdanovni hibsga oldi. Bir oydan so‘ng akam Ravshan Erdanov qamaldi. 2013 yil dekabrda otam Abdug‘ani Erdanov, jiyanim Erkin va yana bir qarindoshimiz Qayum Sultonov qamoqqa olindi. Ukam Muminjonni xam kamashdi».

Hibsga olishlar davom etdi va bundan katta oilaning ayollari ham bebahra qolmadi. Kishilar qamaldi, so‘roqqa tutildi, kerakli ko‘rsatmalar olinib, ba'zilari qo‘yib yuborildi.

2013 yilda qamalgan Xadicha Xo‘jamurodova ayni paytda ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tamoqda. U hibsga olingandan so‘ng uch farzandi Tojikistonga deportatsiya qilindi.

Rahmonalining aytishicha, uning mazkur josuslik ishi bo‘yicha hibsga olingan uzoq qarindoshlari bo‘lmish uch nafar ayol qamoqda vafot etgan. Uchta farzandi yetim qolgan Dilfuza va Gulchehra turmada o‘lgan. Uch farzandning onasi Mo‘'tabar Eshbekova MXX tergov izolyatorida jon bergan. Uning jasadi shoshilinch ravishda Tojikistonga jo‘natilgan.

Tergov mashinasi Tojikiston foydasiga harakat qilgan josuslar rolini o‘ynashga mahkum etilgan bu oila a'zolarining taqdirini vayron qilishda davom etdi.

Jinoyat ishini yuritishga MXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i Nodir To‘raqulov rahbarlik qildi.

Bu kimsa keyinchalik O‘zbekiston MXX tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallab, jurnalist Bobomurod Abdullaevga hokimiyatni bosib olish maqsadidagi «O‘rim» nomli operatsiya haqidagi ishni o‘ylab topgan va ehtimol jurnalistni qiynoqqa solishga buyruq bergan o‘sha To‘raqulovdir.

MXX Surxondaryo boshqarmasi xodimlari Baxtiyor Orzuev, Ulug‘bek Shodiev va Baxtiyor (familiyasi noma'lum) hibsga olishlar, tintuvlar, shuningdek, tamagirlik va hibsdagilarni qiynoqqa solishga bevosita rahbarlik qildilar.

«Ular uyimizni tintuv qilar ekan, uyda hech qanday qimmatbaho narsa yo‘q ekan, adashgan bo‘lsak kerak, deb ustimizdan kulishardi», deydi Rahmonali.

«Hibsdagilar qattiq qiynoqqa solingan va ular iqrorlik bildirgan. Ular na qurol va na o‘q, hech narsa topishgani yo‘q. Ular qarindoshlarim harbiy qismlarning manzillarini to‘plashganini aytishdi. Agar bu manzillarni internetda xohlagan odam topa olsa, ularni to‘plashdan maqsad nima», davom etadi Rahmonali.

2014 yil Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari sudi guruhning barcha a'zolarini 5 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatga qamoq jazosiga hukm qildi. Erkaklar jazoni o‘tagani Jasliqqa jo‘natildi.

Hozirgi kunda besh yilga ozod etilib, 2014 yil dekabr oyida amnistiya asosida ozodlikka chiqqan Muminjon Erdanovdan boshqa barcha qarindoshlar Jasliqda jazo muddatini o‘tamoqda.

Suddan so‘ng milliy televidenieda «tojik diversantlari» tarmog‘i fosh etilgani to‘g‘risida tayyorlangan «film» namoyish etildi.

Erdanovlar oilasi nimada ayblangan edi?

Sud yopiq tarzda o‘tdi, oila advokat topa olmadi. Rahmonalining aytishicha, Nodir To‘raqulovdan qo‘rqqani uchun hech kim ularni himoya qilishga jur'at etmagan.

MXX tergov guruhi qiynoqlar ostida olinganidan tashqari yana qanday dalil-isbot taqdim etgani noma'lumligicha qolmoqda. Tayinlangan advokatlar oila bilan aloqa qilmadi, ayblanuvchilar ham, qarindoshlar ham sud hukmini olgani yo‘q.

Biroq 2014 yil aprelda internetda Erdanovlar oilasi ishi haqidagi «Tojikiston: och bo‘lsak-da, 30 kumush tangaga xoinlarni yollaymiz» nomli rus tilida maqola paydo bo‘ldi. Bu kabi maqolalar MXXning maxsus bo‘limida yoziladi va to‘qima nomlar ostida chop etiladi.

Maqolada Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston hududida terrorchilik harakatlari tayyorlagan tojik diversantlarining keng tarmog‘i haqida hikoya qilinadi va «Dushanbe tomoni hokimlik binosi, Surxondaryodagi harbiy qism, Termizdagi «Bolajon» bog‘i, shuningdek, «Ayritom» xalqaro o‘tish punkti yaqinida terrorchilik aktlari sodir etishni tayyorlash va amalga oshirishni moliyalashtirgani» ta'kidlanadi.

Ta'kidlanishicha, mazkur ish ishtirokchilari Tojikistonda bo‘lgan vaqtida mazkur mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan yollangan va «hamkorlikka jalb etilgan».

Jinoyat ishida Abdug‘ani Erdanov «josuslik-qo‘poruvchilik guruhi rahbari» sifatida taqdim etiladi.

«Onam bilan uchrashuv chog‘ida otam filmda barcha jinoyatlarga iqrorligini aytishi uchun unga qandaydir ukollar qilingani haqida gapirgan. Ularning tirnoqlari sug‘urib olingan, tirnoqlar o‘sgach esa yana qaytadan sug‘urilgan. Ularga agar iqror bo‘lmasa, xotinlarini ko‘z oldilarida zo‘rlash bilan tahdid qilingan», deydi Rahmonali.

MXX hibsga olinganlarning barcha mashinalarini musodara qilar ekan, ota-onasiz qolgan o‘nlab bolalarni qashshoqlikka giriftor etayotganini o‘ylab ham o‘tirmagan.

«Otam MXX yerto‘lasida o‘tirganida unga telefon berishib, Tojikistondagi akasi Abdusalomga qo‘ng‘iroq qilishni buyurishgan. Otam akasiga qo‘ng‘iroq qilib, og‘ir ahvolga tushganini aytgan va 100 million so‘m (o‘sha paytda 24 ming dollar) jo‘natishni so‘ragan,- deydi Rahmonali.

  • Biz barcha narsalarimizni sotishga va Nodir To‘raqulov uchun pul yig‘ishga majbur bo‘ldik. Mo‘minjon bu pulni olib bordi, sababi ichkarida akam Abdug‘anini majburlab «faqat Mo‘minjon pulni olib kelsin» deb bir oy telefon kildirishdi, majburlikdan biz qarz so‘rab, borimizni yig‘ishtirib Mo‘minjonni jo‘natishga majbur bo‘ldik akam uchun, chunki boshqa ilojimiz yo‘q edi, bizga akamni sog‘ligi zarur, deydi Abdulkarim Erdanov (Abdug‘ani Erdonovning kichik ukasi)

«Ammo bu otamga yordam bermadi. Kichik bolasi bor-yo‘g‘i uch oylik bo‘lishiga qaramay, akam Mo‘minjonning xotini Tojikistonga deportatsiya qilindi. Uch bola O‘zbekistonda otasi bilan qoldi», davom etadi Raxmonali Erdanov.

Hozir otam kasal, akam silga chalingan. Nodir To‘raqulovning qamoqqa olingani juda to‘g‘ri bo‘libdi. Chunki uning o‘zi xoin. Ammo mening hamon qamoqda qolayotgan qarindoshlarimning taqdiri nima bo‘ladi, ular qo‘yib yuboriladimi, qachon?»

Shavkat Mirziyoev MXXni «hatto stolbani ham qamashgacha borish»da ayblaganiga qaramay, MXX tomonidan uyushtirilgan jinoyat ishlari qayta ko‘rib chiqilishi, asosiysi, bu ishlar sabab qamoqda qolayotgan mahkumlar qachon ozod etilishi masalasi hamon noma'lum qolmoqda.

Umida Niyozova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 may 2019
Rasmiy taqdimoti o‘tkazilmagan bu klipda Sherali Jo‘raev sovet yuqori nomenklaturasining sevimli ulovi bo‘lgan “Chayka” avtomobilini yolg‘iz boshqargani aks ettiriladi. ...
25 may 2020
Gulnora Karimovaning qizi va o‘g‘li o‘zbek tadbirkorlarini «amneziya» (unutish kasalligi)ga chalinganlikda ayblashdi. So‘nggi ikki haftada turli yillarda Gulnora Karimova ...
21 yanvar 2019
O‘zbekistonlik huquq faoli Yelena Urlaeva 21 yanvar kuni o‘zining 62 yoshga to‘lgan kunini O‘zbekiston Bosh prokuraturasi binosi oldida hokimlarning ...
27 avgust 2020
“O‘zbekiston” telekanali orqali 2020 yil 26 avgust kuni uzatilgan ijtimoiy-siyosiy ko‘rsatuv ekspertlari yana bir bor yirtiq kiyim bosh kiyishni qoralab chiqishdi. So‘zga chiqqanlardan ...
Bloglar
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...