Asosiy mavzular
6 dekabr 2018

Sudlanuvchi ichki ishlar vaziri va shahar prokurorining sudga kelishini talab qildi


2018 yilning 4 dekabr kuni Toshkent shahri sudida bo‘lib o‘tgan apellyatsiya mahkamasida ayblanuvchi Shahnoza Boyqunusova mahkamaga O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovni va Toshkent shahri prokurori Sherzod Obloqulovni chaqirishni talab qildi.

“Men bu prokurorga raddiya beraman. Sudimda ayblovchi sifatida Toshkent shahri prokurorining o‘zi qatnashsin. Sherzod Obloqulov bu yerga oddiy prokurorlarni yubormasdan, sudga o‘zi kelsin va o‘zining tuhmat buyurtmasini o‘zi asoslab bersin”, – dedi Shahnoza Boyqunusova.


Shahnoza Boyqunusova
cudlanuvchi

Birinchi bosqich sudining hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyatini yozgan ayblanuvchi mahkamaga O‘zbekiston ichki ishlar vaziri kelishini ham talab qildi. “Bu yerga Po‘lat Bobojonov ham kelishini talab qilaman. Nega atigi uch oy yoki nari borsa olti oy davom etishi kerak bo‘lgan tergov naq 11 oy cho‘zilganini asoslab bersin! Menga qarshi ochilgan har uchala jinoyat ishida asosiy jabrlanuvchilar – bank plastik kartalarining haqiqiy egalari meni tanimasligini va menga qarshi biror da'vosi yo‘qligini aytishdi. Shunga qaramay, Po‘lat Bobojonovning tergovchilari meni uch yarim oy davomida qamoqda olib o‘tirishdi. Ichki ishlar vaziri nega meni noqonuniy tarzda qamoqda saqlashganini tushuntirib bersin!” – dedi Sh.Boyqunusova.  

Ayblanuvchi Po‘lat Bobojonovdan ham hafsalasi pir bo‘lganini aytmoqda. “Tergov davomida men uning qabulida bo‘lganman. U menga ishim adolatli ko‘rib chiqilishini va'da qildi. Lekin amalda aynan aksi ro‘y berdi”, – deydi Sh.Boyqunusova.

Po‘lat Bobojonov
IIV vaziri

“Toshkent shahri prokurori Sherzod Obloqulov ichki ishlar vaziri Bobojonovdan ham o‘tgan va'daboz ekan. Prokuror janoblarining adolat haqidagi va'dasidan ko‘p o‘tmay meni hibsga olishdi”, – deydi Shahnoza Boyqunusova.

Uning aytishicha, ayblanuvchi tergovda ham, sudlarda ham o‘zining aybsizligini yetarli dalillar bilan isbotlab bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur, Mirobod tumanlari va Toshkent shahri sudlari tergov organlari – Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi va prokuraturasi qo‘ygan ayblov bo‘yicha adolatsiz hukm chiqarishgan.

Shu sababdan Boyqunusova mazkur sud instantsiyalarini “prokuratura va ichki ishlarning notarial idoralari”, deb atadi. “Chunki sudlar notarial idoralarning vazifasini bajarishmoqda: o‘zlariga kelib tushgan ayblov xulosalarini tasdiqlash bilan shug‘ullanishyapti, xolos”, – dedi Shahnoza Boyqunusova.

“Tuhmatligi ochiq-oydin bo‘lgan ayblovni tasdiqlashdan boshqa narsaga yaramaydigan idora sud emas, notarius deb ataladi”, – deya takrorladi ayblanuvchi kechagi suddagi nutqida.



Sherzod Obloqulov
Toshkent shahri prokurori

Sh.Boyqunusovaning aytishicha, 2017 yil davomida poytaxtning Shayxontohur, Sergeli va Chilonzor tumanlari ichki ishlar boshqarmalarida unga qarshi uchta alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Uchala tumanda ham tergovchilar Boyqunusovani Jinoyat kodeksi 168-moddasining turli band va qismlarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni (firibgarlik) sodir etganlikda ayblashgan. Birorta jinoyat ishida Boyqunusovaning aybini isbotlovchi dalil yo‘q.  

Mamlakat Jinoyat-protsessual kodeksi mazkur uch jinoyat ishining birlashtirilishni talab qilsa-da, tergovchilar bu talabni bajarishmagan: uch ishni alohida ko‘rib chiqishgan.

Qizig‘i shundaki, uchala ishda ham bir xil shaxslar ham jabrlanuvchi, ham guvoh sifatida ishtirok etishgan. “Shayxontohur IIBsida ochilgan ishda menga qarshi jabrlanuvchi bo‘lib ko‘rsatma berganlar  Chilonzor IIBsidagi ishda ham shu vazifani bajarishdi. Xuddi shu shaxslar Sergelidagi ochilgan ishda yana jabrlanuvchi bo‘lib kelishdi”, – dedi Sh.Boyqunusova “Eltuz” nashriga bergan intervyusida.

Boyqunusovaning “Eltuz” nashriga bildirishicha, tergov va sud jarayonida unga qarshi ichki ishlar xodimlari ham guvohlik berishgan. “Misol uchun, Abdukarim Yo‘lchiev degan militsiya komandiri menga qarzdor bo‘laturib, olgan pullarini qaytarmaslik uchun menga qarshi guvohlik berishdan charchamadi. Birorta ko‘rsatmasini isbotlab berolmadi”, – deydi Shahnoza Boyqunusova.

Ushbu jinoyat ishlarida Shahnoza Boyqunusovaga qarshi ko‘rsatma bergan barcha guvohlar ayblanuvchidan qarzdorligi ham kishi diqqatini tortadi. “Ularning oldimdagi umumiy qarzi 398 million so‘mni tashkil qiladi. Qarzimni undirib berishlarini so‘rab Sergeli, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy, Yashnabod tumanlari ichki ishlar boshqarmalariga rasman murojaat qilganman. Lekin arizalarim o‘rganib ham chiqilmadi”, – deydi Sh.Boyqunusova.

Ayblanuvchining aytishicha, unga qarshi asosiy da'vo qo‘zg‘atgan Hamid Sodiqov (“O‘zbekiston” sanatoriy-kurort aktsiyadorlik jamiyati xodimi) tergovda ham, sudda ham “Shahnozaga qancha summalik bank plastik kartochkasini qaerda va qachon berganimni ham, kartochkalar kimlarga tegishli ekanligini ham bilmayman”, – deb ko‘rsatma bergan. Shunday bo‘lsa-da, “kurortchi”ning ko‘rsatmalari tergovchi va sudyalar tomonidan jon deb qabul qilingan.

Shahnoza Boyqunusova bu holatdan norozi bo‘lganida Hamid Sodiqov ochiqdan-ochiq: “Men martabali “akaxon”larimni kurort yo‘llanmalari bilan ta'minlab qo‘yganman. Ko‘rsatmalarimni o‘zlari kelishtirib yozishadi”, – degan.

Shahnoza Boyqunusovaning aytishicha, asosiy jabrlanuvchilar Regina Pishchenko, G‘ulom Malikov, Sobit Bilolov, Rahmatilla Rahmonov tergov va sud davomida Shahnoza Boyqunusovani tanimasliklarini, ayblanuvchiga qarshi hech qanday da'vosi yo‘qligini aytishgan. Shunga qaramay, tergov idoralari Boyqunusovani baribir firibgarlikda ayblashgan va uni uch yarim oy davomida Toshturmada noqonuniy hisbda saqlashgan.

Jinoyat ishlari yopilgach, Toshkent shahri prokuraturasi ham noqonuniy ayblovni tasdiqlagan va ishni sudga oshirgan. 2018 yil 18 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi ham ichki ishlar va prokuratura idoralaridan o‘rnak olgan: ayblovni tasdiqlagan va Boyqunusovani 14 oy va 6 kunlik axloq tuzatish ishlariga hukm qilgan.

Bugungi kunda Boyqunusova aynan shu hukm ustidan apellyatsiya shikoyati yozgan. Uning aynan shu arizasi kecha, 4 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudida ko‘rila boshladi.

Apellyatsiya mahkamasi ochilishi bilan sudya Davron Shoazizov da'vogardan: “Prokuror, sudyaning shaxslariga e'tirozingiz bormi?” – deb so‘radi. Shunda Sh.Boyqunusova: “Ha, bor!” – deb maqola boshida keltirilgan talablarini bayon etdi.  

“Menga qarshi ochilgan ishda mendan jabr chekkan yoki moddiy zarar ko‘rgan odamning o‘zi yo‘q. Lekin baribir men aybdor deb topildim. Bu holat tashqaridan komediya bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin men uchun bu tragediya”, – deydi Shahnoza Boyqunusova “Eltuz” nashriga bergan intervyusida.

Shahnoza Boyqunusova bergan apellyatsiya shikoyati bo‘yicha keyingi mahkama Toshkent shahri sudida 11 dekabr kuni soat 12.00 ga belgilangan.

Elbarsxon Valiev,
Eltuzning Toshkentdagi muxbiri

Tag‘in o‘qing
30 oktyabr 2015
Militsiya: -Josuslarni ushladik. Terimga majburlash taqiqlangan, deyishayapti. MXX xodimi: (telefonda) – Bizda majburiy mehnat taqiqlangan? Nahotki? Rassom: Tuz www.eltuz.com
8 iyun 2021
Imtiyozli kredit ajratilishiga yordam so‘rab, 2 iyun kuni Koson tumani hokimligiga borgan ikkinchi guruh nogironi, 35 yoshli Dilshod Otaev ...
14 oktyabr 2016
«Xalq so‘zi» gazetasi (12.10) yurtimizda 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovini kuzatish uchun Markaziy saylov komissiyasi YeXHT, Shanxay ...
21 mart 2018
«Eltuz» nashri qamoqdan chiqishi kutilayotgan, 100 million dollarni o‘zlashtirishda ayblanib qamalgan amaldor Jur'at Meliqulov faoliyatiga oid filmni taqdim etadi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...