Asosiy mavzular
30 aprel 2019

Sergey Mayorov: Oliy sudning jurnalistlar uyini tortib olish bo‘yicha ajrimi absurd va adolatsizdir!

O‘zbekiston Oliy sudi joriy yilning 16 aprel kuni jurnalist Bobojonovlarga tegishli uylarni tortib olish to‘g‘risidagi sud qarorlarini o‘z kuchida qoldirdi.

Jurnalist G‘ayrat Bobojonovning sud qarorlaridan norozi bo‘lib yozgan arizasiga kelgan rad javobga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati raisi Xolmo‘min Yodgorov imzosi qo‘yilgan.

Janob Yodgorov arizani «o‘rganib chiqqani» keltirilgan vajlar Oliy sudning 2019 yil 1 fevraldagi ajrimida «batafsil muhokama qilinganligi va sud qarorlarini bekor qilish uchun asos bo‘la olmasligi sababli» qanoatlantirilmasligini bildirdi.

2019 yilning 1 fevralida O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi Jamshid Tirkashev xorazmlik jurnalistlar Bobojonovlar shikoyatini rad etib, ularning uylarini musodara qilish haqidagi sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emas, deya ajrim chiqargan edi.

«Sud mexanizmlarining birortasi ham ishlamadi»

Advokat Sergey Mayorov

Jamshid Tirkashev sud ajrimida jurnalistlarga qarashli uylarning davlat ro‘yxatiga olinmagani bois mulklarning davlat foydasiga musodara qilish qarorini qonuniy, deya iddao qilgan.

Biroq jurnalistlarni himoya qilayotgan Toshkentdagi «Simay» advokatlik byurosi vakili 13 fevral kuni «Eltuz»ga Oliy sud ajrimi noqonuniy ekanini, mulkning davlat ro‘yxatiga olinmagani uni tortib olish uchun asos bo‘la olmasligini bildirgan va Oliy sud raisiga ajrim yuzasidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan edi.

«Eslatib o‘taman, 2018 yilning 22 yanvarida mutlaqo noqonuniy qaror qabul qilingan, qurilgan turar joylarni davlat tasarrufiga o‘tkazish haqida. Bu xo‘jasizlik. Butunlay absurd qaror.

Chunki u yerda odamlar yashayapti. Foydalanilmoqda. Bundan tashqari, bu uylar mahalliy hukumat idoralari ruxsati va roziligi bilan qurib bitkazilgan. Shunga qaramasdan, bu narsalar inobatga olinmagan va noqonuniy qaror chiqarilgan.

Tabiiyki, shikoyat qilinganidan keyin, albatta, qaror yuzasidan turlicha shikoyat qilish mumkin edi, ham yangi yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha, ham protsessual tartibda bu mexanizmlarning birortasi ishlamadi.

Ikkala holatda ham Bobojonovlarning turar joyga egalik huquqi rad etildi. Bu qarorlaring qanday yozilgani, ko‘rinib turgan faktlarning inobatga olinmagani, gap alohida davlat amaldorlarining jurnalistlarga nisbatan salbiy munosabatidan kelib chiqib noob'ektiv qaror chiqarilganini anglatadi.

Ushbu qaror buyurtma tarzida chiqarilgan. Har holda qaysidir davlat amaldorining jurnalistlardan aynan shunday qasd olganiga juda ko‘p alomatlar bor. Bu, albatta, noto‘g‘ri va adolatsiz qaror», deya ta'kidlaydi «Simay» advokatlik byurosi rahbari Sergey Mayorov «Eltuz» muxbiriga.

Sudya o‘z qarorini o‘zi o‘z kuchida qoldirdi…

Urganch tumani sudi jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va G‘ayrat Bobojonovlarning Urganch tumanidagi uylarini musodara qilish qarorini o‘z kuchida qoldirishi ortidan 2018 yilning 5 dekabr kuni jurnalistlar himoyachisi sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Oliy sudiga murojaat qilgan edi.

2018 yilning 27 dekabrida Urganch tumanlararo fuqarolik sudi sudyasi O‘tkir Masharipov jurnalist aka-uka Bobojonovlarning uyini musodara qilish borasidagi o‘zi chiqargan qarorni kuchida qoldirgan edi.

Sudya O‘tkir Masharipov o‘z qaroriga asos qilib sudga murojaat etishning barcha muddatlari o‘tkazib yuborilganini ro‘kach qilgan.

«Simay» advokatlik idorasi vakili shu bois birinchi instantsiya va kassatsiya tartibidagi sudlarni chetlab o‘tib, Oliy sudga nazorat tartibida murojaat qilgan edi.

Jurnalistlarning Internetdagi akkauntlari ochiq tahdid nishoniga aylandi

Jurnalist Qudrat Bobojonning so‘zlariga ko‘ra, Oliy sudning bunday ajrimiga uning «Eltuz» nashrida bosilgan MXX va DXX rahbarlari kirdikorlariga oid turkum maqolalari va surishtiruv filmlari sabab bo‘lgan, ayni maqolalar sabab uning tarmoqdagi akkauntlari ochiq tahdid nishoniga aylandi.

«Ularning so‘nggisi «DXX inqirozi. Yangi rahbariyat eski nazoratini davom ettirmoqda» sarlavhasi ostida 2019 yilning 14 yanvarida bosilgan, oradan 15 kun o‘tib – 1 fevral kuni Oliy sudning ajrimi chiqarildi», deydi «Eltuz» muharriri Qudrat Bobojon.

Uning qo‘shimcha qilishicha, maqoladagi faktlar 8 fevralga kelib to‘liq tasdiqlandi. DXX raisi Ixtiyor Abdullaev ishdan olinib, unga jinoyat ishi ochildi. O‘nlab DXX zobitlari qamaldi. 11 fevral kuniga kelib, Ixtiyor Abdullaevning o‘zi ham, «Eltuz» manbasiga ko‘ra, davlat to‘ntarishi qilishga urinishda gumonlanib qamoqqa olindi.

2018 yilning 22 noyabr kuni «Ozod Yevropa – Ozodlik radiosi» (RFERL) ning Vashingtondagi qarorgohi ma'muriyati bu amalning jurnalistlardan o‘ch olinishi ekani haqida bayonot bergandi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 aprel 2018
O‘zbekiston prezidentining baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorining ijrosi bosh vazir Aripov, bosh prokuror Murodov va ...
1 fevral 2016
O‘tgan hafta O‘zbekistondagi vaqtli nashrlarning sarlavhalariga boshqa davlatlarga namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan «o‘zbek modeli» tashviqotidan tashqari turli real haqiqatga ...
25 fevral 2022
Qadrdonlarim bormisiz? Omonmisiz? O‘tgan xafta kasal bo‘lganlar bugun tuzalganidan¸ o‘tkan hafta puli yo‘qlar bugun boyib bitib ketganidan xursandman. Bugun ...
8 yanvar 2016
Biz sobiq bankir, mohir tadbirkor, endilikda esa siyosiy mahbus Rustam Usmonovning kitobidan parchalar e'lon qilishni davom ettiramiz. 1998 yilda, ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...