UzPoster
9 sentyabr 2019

Yoki investor qo‘rqyapti, yoki kimdir arzon olmoqchi

O‘zbekistonning eng mashhur mehmonxonasi ancha arzon narxda sotuvga qo‘yilganiga bir necha oy bo‘lganiga qaramay, shu paytgacha uning xaridori topilayotgani yo‘q.

Avvaliga 33 million dollarga savdoga qo‘yilgan “O‘zbekiston” mehmonxonasining narxi sentyabr oyiga kelib 8,4 million dollar arzonlashdi. Ammo uning shu narxda ham sotilishi gumon bo‘lib turibdi. 

Hozir bu mehmonxona “Otel O‘zbekiston” qo‘shma korxonasiga tegishli. Uning 80,13 foiz ulushi davlatga qarashli. Savdoga aynan shu ulush qo‘yilgan.  

Uni sotib olganlar 99 yil muddatga “O‘zbekiston” majmuasi binolari va unga qarashli maydonda joylashgan infratuzilma ob'ektlaridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritadi. 

Shuningdek, yangi xo‘jayin binoning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirmaslik va o‘n yil davomida uning hozirgi faoliyat turini saqlab qolish majburiyatini olishi kerak. 

Savdo shartlariga ko‘ra, mehmonxonaning yangi egasi uning qiymatini uch yil davomida to‘lashi va uni modernizatsiya qilish uchun 100 milliard so‘m, ya'ni 10,6 million dollar investitsiya kiritishi kerak. 

Iqtisodchi, investitsiyalar bo‘yicha tahlilchi O‘roz Haydarov “Eltuz” bilan suhbatda O‘zbekistondagi eng mashhur va, aytish mumkinki, eng gavjum mehmonxonaning narxi bunchalik tez va katta miqdorda tushirib borilishiga shubha bilan qarayotganini bildirdi. 

Uning ta'kidlashicha, hukumatning davlatga qarashli ortiqcha aktivlarni xususiy investorlarga berish qarori juda to‘g‘ridir. 

Ammo u “O‘zbekiston” mehmonxonasini tezda qutulish kerak bo‘lgan davlat aktivlari sirasiga kiritmasligini aytadi. 

“Bilishimcha, to‘rt yulduzli “O‘zbechka” (mehmonxonaning xalq orasida keng tarqalgan nomi- tah.) nafaqat Toshkentdagi, balki butun O‘zbekistondagi shu toifadagi eng ko‘p mijoz keladigan otel hisoblanadi. Shuning uchun uning bahosi juda tez pasayayotgani shubha uyg‘otmay qolmaydi.

E'tibor beryapsizmi, mehmonxonaning narxi avvaliga 33 milliondan 29,7 millionga tushirilgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, narx 24,7 million dollargacha pasaydi. Bunday aktiv uchun narx juda ham tez arzonlashyapti”, deydi tahlilchi.

Hozir O‘zbekistonda turizm eng jadal sur'atlarda rivojlanayotgan soha hisoblanadi. Mamlakatga kelayotgan sayyohlar soni tobora oshib bormoqda. 

“Aslida bunday sharoitda turizm infratuzilmasi ob'ektlari narxi oshib borishi kerak, – deydi tahlilchi O‘roz Haydarov. – Biz esa teskari jarayonni ko‘ryapmiz.

Bu o‘rinda ikkita xulosaga kelish mumkin. Birinchi xulosa shuki, investorlar hali ham O‘zbekistonga sarmoya yotqizishga ishonch bildirayotgani yo‘q.

Ikkinchi xulosa esa bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan davlatlarga xos korruptsion sxemalarga borib taqaladi. Ya'ni kimlardir shunday qimmatbaho ob'ektni arzonroq narxda olish uchun o‘yin qilmoqda”.

“O‘zbekiston” mehmonxonasi bo‘yicha navbatdagi savdolar 16 sentyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozirda bir necha xaridor davlatga qarashli bu aktivga qiziqish bildirayotgani ma'lum qilinmoqda.

“Agar shunday ham arzon narxda savdoga qo‘yilgan mehmonxona bu safar ham sotilmasa, biz aytgan ikkinchi xulosada jon borligi yanada oydinlashadi”, deydi investitsiyalar bo‘yicha tahlilchi O‘roz Haydarov “Eltuz” bilan suhbatda.

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

Tag‘in o‘qing
8 dekabr 2020
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida jasadi 6 noyabr kuni katta ariqdan topilgan 55 yashar fermer Muzaffar Muhammadievning yaqinlari u tuman ...
10 yanvar 2023
Rasman tasdiqlanmagan xabarga ko‘ra, yetti yarim yilga yilga qamalgan Jizzax zamhokimi va sheriklari muddatidan oldin shartli ozod qilingan. (Agar ...
9 yanvar 2021
Oq quyonim alomat,otini qo‘ydim SalomatDikir-dikir o‘ynaydi,limon bersam yemaydi. Jizzaxlik talaba Sayfiddin Okanov Shavkat Mirziyoevga o‘zi yozgan shig‘irni o‘qib berdi. ...
29 oktyabr 2018
«Amerika ovozi» radiosining Istanbul shahrida hibsga olinib sudlangan, Malik Mansur taxallusi ostida ishlaydigan 49 yoshli muxbiri Abdumalik Boboev 29 ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...