Asosiy mavzular
20 may 2020

Jasur Abdurahmonov: Gulnora Karimova «menga erga tegasan» degani uchun qochib ketdim

Tadbirkor Jasur Abdurahmonov 14 may kuni mahalliy nashrga bergan intervyusida, «Gulnora Karimovaning turmush qurish taklifini rad etganim sabab bosim ostida qoldim», deya iddao qildi. Bu iddao o‘tgan haftada tadbirkorning nomi marhum prezidentning nabirasi Islom Karimovning Shavkat Mirziyoevga yozgan xatida keltirilgani ortidan yangradi.

Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov onasiga tegishli ko‘plab mulklar, aktivlar va shirkatlarni iqtidordagi prezident oilasiga yaqin shaxslar noqonuniy egallab olgani haqida Mirziyoevga xat yozgan, o‘z xatiga bu mulklarning uzun ro‘yxatini ham ilova qilgan edi.

Islom Karimov iddaolari ortidan uning ro‘yxatiga kirgan mulklarning bugungi egalari birin-ketin o‘zlarini oqlash uchun mahalliy nashrlarga intervyu berib, Gulnora Karimovani malomat qila boshlashdi.

Jasur Abdurahmonov, shuningdek, Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Koka-kola”, “Quvasoytsement” zavodlari boshqaruvida 2002 yildan 2007 yilgacha ishlaganini tan oldi.

“Faoliyatining so‘nggi yillarida men Gulnoraning yonida bo‘lmaganman. Lekin ishtahasi akuladay oshib ketgani, u aralashmagan biror soha qolmagani, o‘sha sohalardagi eng asosiy daromadlarni o‘ziga tortib ketganiga yana bir amin bo‘ldim”, dedi Abdurahmonov o‘zining sobiq ish hamkori Gulnora Karimova haqida.

Kichik Islom Karimov keltirgan ro‘yxatdagi Levi’s, Benetton, Quicksilver, Mango va boshqa brendlar do‘konlari tarmog‘i va sog‘lomlashtirish markazining bugungi egasi Jahongir Ahmedov ham Gulnorani malomat qilish kampaniyasiga qo‘shildi.

2008 yildan boshlab Gulnora Karimovaga tegishli savdo maydonlarining ijarachisi bo‘lganini tan olgan Jahongir Ahmedov suhbatdoshini Gulnora bilan shaxsan tanish emasligiga ishontirishga urindi.

Uning nashrga bildirishicha, yuqoridagi brendlarga oid do‘konlar tarmog‘ini u 2013 yili Gulnora Karimovaga aloqador shaxslardan sotib olgan. Bu savdo bitimlari Gulnora Karimovaga tegishli kompaniyalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar amalga oshirilgan.

Kichik Karimov keltirgan aktivlar ro‘yxatiga O‘zbekistondagi yirik «Korzinka» supermarketlar tarmog‘i ham kiritilgan. Bu haqda intervyu bergan tadbirkor Zafar Hoshimov ham bu iddaoni rad qilib, 25 yildan buyon “Korzinka”ga o‘zi yakka egalik qilayotgani, Gulnorani esa shaxsan tanimasligini ham aytdi.

Shu o‘rinda bir vaqtlar Gulnora Karimovaning eng sodiq amaldori sifatida ko‘rilgan 57 yashar Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston prokuraturasining Gulnora Karimovaga qarshi ochilgan jinoyat ishlar haqidagi xabarnomasidan keyin undan voz kechib, qoralovchi maqolalar chop etganini eslash joiz.

Islom Karimov davrida Abuxoliqov AQSh grantlari asosida tashkil qilingan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasini mavjud repressiya rejimiga xizmat qiladigan tizimga aylantirgan shaxs sifatida maydonga chiqqan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 yanvar 2020
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih hayoti haqidagi “Begona” filmining oxirgi 14-qismi uning umr yo‘ldoshi, biolog olima, ...
6 fevral 2017
Respublika Bosh vaziri topshirig‘iga ko‘ra, ortiqcha mahalliy o‘g‘itni fermer xo‘jaliklariga chiqarish, molxona va hojatxonalarni tozalash, vaqt-vaqti bilan dezinfektsiya qilib ...
4 dekabr 2017
O‘zbek qamoqxonasida 21 yil yotgan dissident, qashqadaryolik Murod Jo‘raev 65 yoshida 4 dekabr kuni vafot etdi. «Erk» demokratik partiyasi ...
30 aprel 2022
Joriy oyda O‘zbekiston hisob palatasi, korruptsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi, monopoliyaga qarshi qo‘mita, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Mudofaa vazirligi, harbiy ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...