Dayjest
6 oktyabr 2016

«Sirli» nomzodlar uchun imzo yig‘ilmoqda

Ayni kunlarda 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti sayloviga ishtirok etishi kutilayotgan nomzodlar uchun saylovchilar imzosini to‘plash jarayoni bormoqda.

Partiyalarning rasmiy gazetalari bu jarayon «faollik va uyushqoqlik» bilan o‘tkazilayotgani hamda tez kunlarda yakunlanishini yozayotir.

rasm1890
Prezidentlikka «sirli» nomzodlar. Rassom: Kirpi

«Milliy tiklanish» gazetasi (05.10) shu nomdagi demokratik partiyaning barcha bo‘g‘indagi tashkilotlari imzo to‘plashni «qonunchilikda belgilangan tartibda» va «yuqori saviyada» o‘tkazayotganini bildirdi.

«Saylovchilar imzosini belgilangan tartib va miqdorda to‘plash partiyamizning ushbu siyosiy jarayonda o‘z nomzodi bilan ishtirok etishini ta'minlaydi», deyiladi gazetada.

Xalq demokratik partiyasi nashri bo‘lmish «O‘zbekiston ovozi» gazetasi (04.10) ham imzo to‘plash jarayoni yakunlanayotganini aytar ekan, «imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majbur qilish va ularni og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi»ni eslatib o‘tadi.

Gazetalar partiyalar imzo to‘plashda ularning a'zolari qanchalik faollik ko‘rsatayotganini yozmasin, bu jarayonda O‘zbekistondek «demokratik va huquqiy davlatlarga» xos qusur – ma'muriy bosimdan foydalanilayotganini ko‘rish mumkin.

Ya'ni shu kunlarda mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlariga ishi tushganlardan, avvalo, biror partiya nomzodi uchun imzo varaqasini to‘ldirish so‘ralayotir. Albatta, varaqani to‘ldirish ixtiyoriy-majburiy ko‘rinishdadir.

Gazetalarda e'tibor qaratish mumkin bo‘lgan yana bir jihat shuki, saylov jarayoniga taalluqli birorta maqolada partiyalardan ko‘rsatilishi kutilayotgan nomzodlarning nomi yo‘q.

Masalan, «Milliy tiklanish» gazetasida saylov mavzusida beshtadan ortiq maqola berilgan bo‘lsa-da, «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka ko‘rsatilayotgan nomzod ismi sirliligicha qolgan. XDP haqida ham shu gapni aytish mumkin.

Bu «sirli shaxslar»ning nomi gazetalarda falon «partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatiladigan nomzod» shaklida berilmoqda.

Albatta, o‘zbekistonlik hozirjavoblar partiyalarning bunday «kamtar»ligini saylovoldi siyosiy taktikasiga yo‘yishi hech gap emas. Lekin odatda demokratik jamiyatlarda saylovga shunday ham kam vaqt qolganda bunday siyosiy taktikadan foydalanilmaydi.

Ilgari to‘ylarda katta tovoqqa chiqadigan, ya'ni eng yirik sovringa da'vogar kuchli polvonni omma ko‘zidan yashirib turish odati bo‘lardi. Balki partiyalar ham «katta polvon» nomini shuning uchun gazetalari orqali bildirmayotgandir?! Yoki avvalroq nomini aytib qo‘ysa, ko‘z tegishidan cho‘chishyaptimikin!?

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 may 2018
Prezident Mirziyoevning Andijonga safari shaharni begona ko‘zlardan to‘sish, oshiqcha ehtiyot choralari va mulozimlarning odatiy laganbardorliklari bilan o‘tdi. Prezident o‘tadigan ...
6 noyabr 2016
Shanba ertalab joni uzilgan Abdulla Oripovning janozasi o‘sha kuniing o‘zidayoq Xyuston shahridagi masjidda o‘qilgan. Eltuz.com manbasiga ko‘ra AQShdagi O‘zbekiston ...
13 aprel 2021
Taniqli publitsist va davlat arbobi, Sharof Rashidov va Islom Karimov davrida hukumat lavozimlarida ishlagan Sharof Ubaydullaev “Ozodlik” radiosiga intervyusida ...
8 yanvar 2017
Shavkat Mirziyoev ikki kuyovini hayotlaridagi eng yirik yangi yil sovg‘asi bilan siyladi. Katta kuyov Oybek Tursunov prezident ma'muriyati rahbari ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...