Dayjest
6 oktyabr 2016

«Sirli» nomzodlar uchun imzo yig‘ilmoqda

Ayni kunlarda 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti sayloviga ishtirok etishi kutilayotgan nomzodlar uchun saylovchilar imzosini to‘plash jarayoni bormoqda.

Partiyalarning rasmiy gazetalari bu jarayon «faollik va uyushqoqlik» bilan o‘tkazilayotgani hamda tez kunlarda yakunlanishini yozayotir.

rasm1890
Prezidentlikka «sirli» nomzodlar. Rassom: Kirpi

«Milliy tiklanish» gazetasi (05.10) shu nomdagi demokratik partiyaning barcha bo‘g‘indagi tashkilotlari imzo to‘plashni «qonunchilikda belgilangan tartibda» va «yuqori saviyada» o‘tkazayotganini bildirdi.

«Saylovchilar imzosini belgilangan tartib va miqdorda to‘plash partiyamizning ushbu siyosiy jarayonda o‘z nomzodi bilan ishtirok etishini ta'minlaydi», deyiladi gazetada.

Xalq demokratik partiyasi nashri bo‘lmish «O‘zbekiston ovozi» gazetasi (04.10) ham imzo to‘plash jarayoni yakunlanayotganini aytar ekan, «imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majbur qilish va ularni og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi»ni eslatib o‘tadi.

Gazetalar partiyalar imzo to‘plashda ularning a'zolari qanchalik faollik ko‘rsatayotganini yozmasin, bu jarayonda O‘zbekistondek «demokratik va huquqiy davlatlarga» xos qusur – ma'muriy bosimdan foydalanilayotganini ko‘rish mumkin.

Ya'ni shu kunlarda mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlariga ishi tushganlardan, avvalo, biror partiya nomzodi uchun imzo varaqasini to‘ldirish so‘ralayotir. Albatta, varaqani to‘ldirish ixtiyoriy-majburiy ko‘rinishdadir.

Gazetalarda e'tibor qaratish mumkin bo‘lgan yana bir jihat shuki, saylov jarayoniga taalluqli birorta maqolada partiyalardan ko‘rsatilishi kutilayotgan nomzodlarning nomi yo‘q.

Masalan, «Milliy tiklanish» gazetasida saylov mavzusida beshtadan ortiq maqola berilgan bo‘lsa-da, «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka ko‘rsatilayotgan nomzod ismi sirliligicha qolgan. XDP haqida ham shu gapni aytish mumkin.

Bu «sirli shaxslar»ning nomi gazetalarda falon «partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatiladigan nomzod» shaklida berilmoqda.

Albatta, o‘zbekistonlik hozirjavoblar partiyalarning bunday «kamtar»ligini saylovoldi siyosiy taktikasiga yo‘yishi hech gap emas. Lekin odatda demokratik jamiyatlarda saylovga shunday ham kam vaqt qolganda bunday siyosiy taktikadan foydalanilmaydi.

Ilgari to‘ylarda katta tovoqqa chiqadigan, ya'ni eng yirik sovringa da'vogar kuchli polvonni omma ko‘zidan yashirib turish odati bo‘lardi. Balki partiyalar ham «katta polvon» nomini shuning uchun gazetalari orqali bildirmayotgandir?! Yoki avvalroq nomini aytib qo‘ysa, ko‘z tegishidan cho‘chishyaptimikin!?

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda manbasi bizning ichimizda, bizni ...
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat tarixidagi eng muhim hujjatni ...
1 oktyabr 2015
Majburiy paxta terimi hajv qilingan “Temir xotin” filmini suratga olgan Isamat Ergashevning o‘zi ham paxta dalasiga safarbar etildi. Ozodlik ...
22 mart 2016
«Huquq» gazetasi mana shu kombinat bilan bog‘liq navbatdagi firibgarlik haqida maqola e'lon qildi. Ma'lum bo‘lishicha, angrenlik shaxs kombinatning shaxta ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...