Dayjest
11 may 2017

Adliya vazirligi «Jamiyat»ga qarshi raddiya berdi

Notarial idoralarning yulg‘ichliklari  haqida maqola chop etgan “Jamiyat” gazetasiga Adliya vazirligi dag‘dag‘a ohangi yuqori bo‘lgan javobni yo‘lladi.

2017 yilning 10 martida «Jamiyat» gazetasida notarial idoralardagi qing‘irliklar haqida «Notarial idoradagi nayranglar» salavhali maqola e'lon qilingan, Eltuz nashri bu maqola haqida yozgan edi.

«Jamiyat» gazetasi (05.05) Adliya vazirligining mazkur maqolada tilga olingan holatlar yuzasidan javob xatini chop etdi.

Maqolada aytilishicha, maqola muallifi bo‘lmish jurnalist keltirgan ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topmagan.

«Bu esa (maqola muallifi) J.Niyozov tomonidan chop etilgan maqolada ko‘rsatilgan faktlar asossiz ma'lumotlarga tayangan holda yozilganligidan dalolat beradi», deyiladi javobda.

Shundan so‘ng, vazirlik qonun hujjatlaridan ko‘chirmalar keltirib, OAV va jurnalistlarning o‘zlari tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar va materiallarning haqqoniyligi uchun javobgar ekanini pisanda qiladi.

Hatto Jinoyat kodeksida «OAV orqali tuhmat, haqorat qilish va raqobatchini obro‘sizlantirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangani» bildiriladi.

Vazirlik maqolada o‘tgan yilning 19 oktyabridagi holat tilga olingani, ammo bu haqda adliya organlariga hech qanday ma'lumot kelib tushmaganini eslatganki, ushbu eslatmadan «eski gaplarni ko‘targan», degan ma'no kelib chiqadi.

Shuningdek, vazirlik aholi murojaatlari bilan ishlash uchun o‘z virtual qabulxonasini ishga tushirgani, ishonch telefoni ishlab turganini aytib, murojaatlar bo‘yicha aybdorligi aniqlangan xodimlarga jazo choralari qo‘llanilayotganini qo‘shimcha qiladi.

Javob xati so‘nggida Adliya vazirligi «maqolada ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli» tahririyatdan belgilangan tartibda raddiya e'lon qilish va natijasi haqida vazirlikka ma'lum qilishni so‘ragan.

Ta'kidlash kerakki, «Jamiyat» gazetasi Adliya vazirligining dag‘dag‘a, po‘pisa, tahdid ruhi anqib turgan bu javobini e'lon qilar ekan, raddiya emas, tahririyat fikri bayon etilgan o‘z munosabatini bildira olgan.

Tahririyat bu maqola turli uchrashuvlarda tilga olingani, ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo‘lgani, bu esa notarial idoralar faoliyatidan qoniqmayotganlar ko‘pligini ko‘rsatayotganini yozadi.

«Maqoladagi holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi, deyilishi jurnalist haqiqatdan yiroq ma'lumotlar tarqatibdi, degani emas», deya fikridan qaytmaydi tahririyat.

Haqiqatan ham, yulg‘ichlik qilayotgan, ishi tushganlardan ortiqcha pul olib kelayotgan notariuslar o‘z ta'magirligini rasmiylashtirib qo‘yadimiki, yozishmalarini tekshirganda bu holat oshkor bo‘lib qolsa, degan haqli savol tug‘iladi.

Holbuki, ahvol aynan shunday ekanini hamma biladi, biroq Adliya vazirligi mutasaddilari buni tan olgisi kelmaydi.

E'tiborlisi shundaki, «Jamiyat» gazetasi aynan shu jihatlarni tilga olar ekan, vazirlikka yaxshigina tarsaki tushirgan.

«Notarial idoralarda fuqarolardan ortiqcha pul undirish holati odat tusiga aylanganini mutlaq rad etish, juda yumshoq aytganda, insofdan bo‘lmasa kerak. Qolaversa, ortiqcha undirilgan pul to‘lov pattalarida aks ettirilmaydiki, soha xodimlari yalang‘och qo‘lga tutqich bermasligining sababi ham shunda», deb yozadi gazeta.

So‘nggi vaqtlarda mahalliy matbuot ozgina erkinlik tomon odimlayotgani ko‘plab amaldorlarga yoqmayotgani bor gap.
Matbuot deganda qo‘lga o‘rgatilgan to‘tini tushunishga odatlangan shunday mutasaddilar, idoralarga bu holat yoqmasligi, ular matbuot ekinlashuviga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi tabiiydir.

Adliya vazirligining hamma biladigan, ammo maddalab yotgan yarani tig‘ kabi tilgan birgina maqolaga turli dag‘dag‘alar bilan javob bergani sababi ham aslida shunda.

Shunday ekan, mahalliy matbuot mana shu ozgina erkinligini saqlab qolish, asta-sekin uni oshirib borish yo‘lida hali ko‘p qarshiliklarga duch kelishini kutish mumkin.

Hatto bu yo‘lda pichoqning sopini o‘zidan chiqarib, o‘sha to‘tisimon jurnalistlardan ham foydalanishi hech gap emas.

Mana shunday qarshiliklarga dosh berib, ularni yanchib o‘tish yillar davomida obro‘si oyoq osti bo‘lishiga chidab kelgan o‘zbek matbuotining o‘z g‘ururini, nufuzini himoya qilishga qanchalik tayyorligini ko‘rsatib beradi.

Bahodir Sharif

O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 dekabr 2023
Mana bu tarixiy suratni eslaysizmi? «Hududgazta'minot»ning kishanlangan Toshkent viloyat bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Aliev. Uning qo‘liga kishan solishni kimsan o‘sha ...
5 sentyabr 2023
Ellikqal'alik 44 yashar erkakning yosh bir qizaloqni to‘rtinchi sinfdan boshlab 13 yoshiga qadar zo‘rlab kelgani haqida eltuz va polis ...
1 oktyabr 2018
Muhammad Bekjon o‘z kitobining navbatdagi qismida Koson zonasidagi 159-larning alohida jazolanishi, «g‘oz yurish» va uni 15 sutka izolyatorga hukm ...
24 sentyabr 2019
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mutasaddilari tashkil etgan “trollar fabrikasi” haqidagi gap-so‘zlar bir necha kundan buyon internetning o‘zbek segmentida qizg‘in ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...