Dayjest
15 may 2017

«Qishloq hayoti» qaysi xizmati uchun «oltin qalam» bilan taqdirlandi?

May oyi boshida O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga daxldor «Oltin qalam» mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi ortidan ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarda turli bahs-munozaralar urchigandi.

Mazkur mukofot g‘oliblarini aniqlash noxolislikka asoslangani, u munosiblarga emas, «tanlangan»larga berilayotgani eng ko‘p ta'kidlangan iddaolar qatorida edi.

Haqiqatan ham, masalan, «Qishloq hayoti» gazetasi qaysi xizmatlari uchun «Oltin qalam» sohibiga aylanganini bu mukofotni tarqatish bilan shug‘ullanadigan xoslardan boshqa birov bilmasa kerak.

Chunki bu gazeta o‘z sahifasida qishloqdagi biror keskin muammoni ko‘tarib chiqqani, aholining biror dardini ochiq aytishga oxirgi marta qachon jur'at etganini bugun hech kim eslay olmaydi.

«Oltin qalam»ni olganidan so‘ng gazeta balki yaxshi tomonga o‘zgarar, degan fikrga borganlar ham bo‘lgan bo‘lsa ne ajab.
Afsuski, «Qishloq hayoti»ning 13 may kungi sonini qo‘lga olib, mukofot bu gazeta saviyasini ko‘tarishga emas, balki yanada xarob qilishga xizmat etganmi, degan xayolga boradi kishi.

A-3 formatda, 8 sahifali gazetada o‘quvchini qiziqtiradigan birorta maqolaga ko‘zingiz tushmaydi.

Unda prezidentning Xitoyga safari haqida O‘zA tayyorlagan hisobot, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi farmon va qaror matni hamda ularga sharh to‘rtta sahifani band etgan.

Bir sahifadan ortiqroq joy O‘zAning respublika yarmarasi, ShHTning Toshkentda o‘tkazilgan forumi majlisiga bag‘ishlangan maqolalari bilan to‘ldirilgan.

Yana ikki sahifani e'lonlar egallagan. Oxirgi sahifa esa hikmatnamo mushohada, jinoyatchilik va yong‘in xavfsizligiga oid lavhachalar bilan yakunlangan.

Gazetada bundan boshqa hech narsa yo‘q. Ya'ni «Qishloq hayoti» nomli gazetaning butun bir sonida faqat O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlarnigina qishloq hayotiga qaysidir darajada aloqador deyish mumkin, xolos.

Gapni «Oltin qalam» mukofoti bilan boshlagandik. U bu yil «Qishloq hayoti» kabi bir gazetaga berilgan ekan, keyingi yili bu mukofotni «aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun» «O‘zbekiston qonun hujjatlari to‘plami» nomli nashr olsa ham ajablanmaslik kerak.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 fevral 2016
Agar Navoiy tirik bo‘lganida bugungi o‘zbek kinolari haqida nima der edi. Har holda tasanno aytmagan bo‘lar edi. Masalan O‘zbekistonlik ...
13 mart 2017
Ertaklar odatda erishilmas orzularning hayoliy ifodasidir. O‘zbek xalq ertaklari odil podsho va yovuz vazirlar makri haqidagi syujetlar bilan to‘la. ...
25 dekabr 2019
Elektr energiyasi tanqisligi muammosi O‘zbekistonda 2019 yilda ham dolzarbligicha qoldi. Rassom Dumham Eltuz.com
4 may 2021
Bugun «Sattoriy ishi» bo‘yicha ayblanuvchiga 5 ta ish bo‘yicha ayblov qo‘yilganini bildirilib, unga 11 yil qamoq jazosi berish so‘raldi. ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...