Asosiy mavzular
7 iyul 2019

«So‘ngaklar singragan sog‘ir shaytanat…»

«Ozodlik ohanglari» audiokitobi o‘zbek modern she'riyatining asoschisi Rauf Parfi she'rlari bilan ochiladi. «Eltuz» nashri bu kitobdan o‘rin olgan she'rlarni e'lon qilib borishga qaror qildi. Ularni o‘qish barobarida tinglash ham mumkin.

2007 yili Soros jamg‘armasi ko‘magida chiqarilgan bu loyiha an'anaviy kitoblardan farq etadi.

«Unda tirik ovozning hozir, shu yerda xitob etishi muhim. Chunki bu ovoz qay bir hofizu shoirga tegishli bo‘lmasin, uning ayovsiz so‘zlari hozirgi hayot va hozirgi borliq haqidadir», deyiladi kitob mundarijasida.

O‘zbekiston turmasida necha yillardan buyon iztiroblar iskanjasida xo‘rlangan do‘stim, Ulug‘ Turkiston yozuvchisi Evril Turon sha'niga, asirlikdan ko‘chish ishonchi ila

Muhammad Solihga maktub

Toshturma. Hibsxona
2000 yil 11 noyabr

1.

Ko‘z-quloq ilg‘amas musibatdir bu,
So‘ngaklar singragan sog‘ir shaytanat,
Zulm – yovuzlikning eng so‘nggi haddi,
Eng so‘nggi og‘riqning qonli infog‘i.

O‘z ko‘zlarim ichra ko‘rdim, yashadim
Juvoldizlar, qamchinlar-la kesilgan,
Mijg‘ib kuydirilgan tanam ichinda.
Hadsiz haqoratning qa'rida yondim.

Nechun men bundamen? Ne sabab? Nechun?!
Horg‘in, so‘lg‘in quyosh uyg‘otar meni.
So‘ppayib oy botar bulut chokidan.

Nechun men bundamen? Nechun? Bilmadim
Yuzlarcha yuzlashdim o‘limim bilan,
O‘lim meni olmadi, Allohga shukur.

2.

Sizlagan sizlarim loyga botdilar,
Majhul sarob qo‘ynindadir olomon.
Imkonlar bog‘landi, jonlar bog‘landi,
Temir panjaralarga bog‘landi tilim.

Kim bilsin nechun? Qayda ul hakam?
Qayda Haqiqatning qurbi, qudrati?
Nahotki orzular, armonlar bilsa,
Ay, do‘stim, kelajak kelmasa nahot?!

Yo‘q! Yo‘q, fir'avnning ayanch lashkari,
Erkin vijdonlarni yutolmas zulm.
Iymon asirlarin ruhi o‘lmasdir.

Kuldi o‘layotgan dunyoning shakli.
Sizga yuragimdan bir kitob yozdim.
O‘lim olmadi meni. Kitobim bitmas.

Meni tark etma, ey, Jur'at, Jasorat,
Shul erur men uchun umri saodat,
Qovrilsam ishq, alam alangasida.

Dadaxon Hasan

Ayt, bulbul, bormidir ona maskaning,
Rostmidir, yolg‘onmi o‘sha cho‘pchak ham?
G‘oyat sodda erur kaloming saning,
Kuylaganing kuymi xolos yoki g‘am?

Boringda bormidir inja bir najot?
Hofizda Ishq, Alam, qo‘ldan ketgan Erk.
Bag‘riga sig‘dirar seni odamzot,
Hofizni bosishga bag‘irlari berk.

Sen uchunmi, ay Turkiston bulbuli,
Temir qafas to‘qir pastlar, nokaslar?
Ko‘kdan sado keldi – qo‘shiq G‘aroting,

Sochilsin Turonga erkin nafaslar,
Ochilsin gullarning Haqiqat Guli,
Uch, Ishq, Alam bo‘lsin sening qanoting.

Rauf Parfi
«Ozodlik ohanglari»,
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 iyul 2018
Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaevning nafaqat qonunchilikni, balki eng yuqori darajada berilgan buyruqlarni ham nazar-pisand qilmayotgani haqida ko‘p va ...
13 iyun 2023
Gulnora Karimova ayollar qamoqxonasidan uy qamog‘iga o‘tkazilgani haqida xabarlar kelmoqda. Tafsiloti Eltuzga ma'lum emas. +++ Islom Karimovning birinchi xotinidan ...
11 iyul 2016
Ukraina va Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida maqsadi ayollar va qizlarga nisbatan qilingan shilqimlik va jinsiy zo‘ravonlikka jamoatchilik e'tiborini tortishga qaratilgan ...
1 iyun 2018
Shved sudi 31 may kuni terror hujumi tayyorlashda gumon qilingan yana bir o‘zbekni hibsga olish haqida qaror chiqardi. Stokgolmning ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...