«Xokidan yonar qush bo‘lmoqda paydo…»
Dilorom Ichoqova 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan. She'rlari matbuotda chop qilingan. «Erk» demokratik partiyasi markaziy kengashi a'zosi. 1994 yilda davlat to‘ntarishida ayblanib, shartli qamoq jazosiga hukm etilgan.
«Eltuz» «Ozodlik ohanglari» audioto‘plamiga kirgan she'rlarni taqdim etishda davom etadi. 2007 yili Soros jamg‘armasi tomonidan Londonda chop etilgan bu kitobga o‘z yurtida aksar taqiqlangan turfa shoirlarning ijtimoiy she'rlari o‘rin olgan.
Bir tog‘ bo‘lsa, bag‘ri toshdan,
Bag‘riga boshimni qo‘yib,
to‘yib yig‘lasam
Balki shunda chiqib ketardi
Alamlarim ichidagi eng nozik alamim.
Balki shunda ayta olardim –
Endi yo‘qdir yurt g‘amidan
o‘zga g‘amim.
Faqat avval yig‘lashim kerak, to‘yib-to‘yib,
Eng bag‘ritosh toshga boshimni qo‘yib.
Uch So‘z
Uch So‘z ketmoqda o‘ynab-o‘ynab.
Ular shunday baxtli bizdan qutulganiga.
Ortiq qiynamaymiz ularni,
Uloqtirmaymiz sen menga,
Uch So‘z ketmoqda,
Ular shunday baxtli,
Bosgan izlaridan gullar unmoqda.
«Endi qanday yashaymiz?» degan….
Dilorom Ishoqova
«Ozodlik ohanglari»
Eltuz.com